Jahon | 15:39 / 06.04.2023
10799
1 daqiqa o‘qiladi

Britaniya razvedkasi: «Vostok» qo‘mondoni Rustam Murodov ishdan olingan bo‘lishi mumkin

Rossiyaning «Vostok» birlashgan guruhining Ukrainadagi qo‘mondoni, general-polkovnik Rustam Murodov o‘z lavozimidan chetlatilgan bo‘lishi mumkin, deb yozadi Britaniya Mudofaa vazirligi ijtimoiy tarmoqlardagi ma’lumotga tayanib.

Rustam Murodov / Foto: sputnik

Britaniya razvedkasiga ko‘ra, so‘nggi oylarda Murodov guruhi o‘ta og‘ir yo‘qotishlarga uchragan va Donetsk viloyatidagi Vuhledarni bir necha marta noto‘g‘ri rejalashtirilgan hujumlar chog‘ida qo‘lga kirita olmagan. 

Operatsiyalar rossiyalik ekspertlarning keng doirasi, shuningdek, Murodov guruhi a’zolari tomonidan keskin tanqidga uchradi, deyiladi xabarda. 

Murodov 2022 yil fevral oyida keng ko‘lamli bosqin paytida Kiyevga shimoli-g‘arbdan bostirib kirishga muvaffaqiyatsiz urinishdan so‘ng «Vostok» birlashgan guruhi qo‘mondonligini o‘z qo‘liga oldi. 

Ayni damda u 2023 yilda ishdan bo‘shatilgan eng yuqori martabali rossiyalik harbiy hisoblanadi, biroq Buyuk Britaniya Mudofaa vazirligiga ko‘ra, Rossiya «Donbassda o‘z maqsadlariga erisha olmayotgani» sababli iste’folar ko‘proq bo‘lishi mumkin.