Jahon | 10:06 / 07.04.2023
6914
2 daqiqa o‘qiladi

ISW: Rossiya kuchlari Baxmut markazida biroz olg‘a siljidi

6 aprel kuni Rossiya qo‘shinlari Ukraina Qurolli kuchlarining Baxmut va shahar atrofidagi pozitsiyalariga hujum qilishda davom etdi, deyiladi Amerika urushni o‘rganish instituti (ISW) bayonotida. 

Foto: Picture Alliance

Institut mutaxassislari geolokatsiya ma’lumotlari asosida hududdagi jangovar harakatlarning yangilangan xaritasini chop etdi. 

ISW ma’lumotlariga ko‘ra, rossiyaliklar shaharning markaziy qismida biroz olg‘a siljigan, biroq unchalik katta muvaffaqiyatga erishmagan, Ukraina harbiylari esa Baxmutdan 6 kilometr g‘arbda «Vagner»ning quruqlikdagi hujumlarini qaytargan.

Avvalroq Amerika urushni o‘rganish instituti tahlilchilari Rossiya manbalarining «Vagner» XHK kuchlari Baxmut shahar ma’muriyati binosini egallab olgani haqidagi ma’lumotlarini tasdiqlagandi.

«Vagner» XHK ehtimol, Baxmutning markaziy qismini nazorat qilishni davom ettirishga urinib ko‘radi va shaharning zich joylashgan hududlari bo‘ylab Xromiviy yo‘nalishi bo‘yicha g‘arbga harakat qiladi», deb ta’kidladi institut.

ISW'ning qo‘shimcha qilishicha, Ukraina Qurolli kuchlari vakillari Rossiyaning muntazam qo‘shinlari, xususan, havo-desant kuchlari «vagnerchilar» bilan birga Baxmutda faollashib borayotganini tasdiqlagan.

Mavzuga oid