14:48 / 11.04.2023
36786

Zelenskiy bosqinning ilk kunida 7 davlat rahbari bilan gaplashgan. Ukraina mudofaa vaziri asirga tushishi mumkin edi

2022 yilning 24 fevralida nimalar bo‘lgandi? «Ukrainskaya pravda» bu haqda batafsil yozdi.

Foto: Maksim Levin / Reuters / Scanpix / LETA

Ukraina mudofaa vaziri Oleksiy Reznikov 24 fevral kuni soat to‘rt atrofida Ukraina qurolli kuchlari bosh qo‘mondoni Valeriy Zalujniyning qo‘ng‘irog‘idan uyg‘onib ketadi. «Aleksey Yurevich, ular hujum qilishdi», — deya eslaydi Reznikov bosh qo‘mondondan eshitgan ilk so‘zlarini. «Tushundim, 20 daqiqada boraman», — deya javob qaytaradi vazir. 

Ertalab soat beshda Reznikov mudofaa vazirligida edi. Bu yerda barcha navbatchi xodimlar allaqachon zirhli nimchalar va kaskalarni kiyib olishgan, avtomatlarni qo‘lga olishgandi. «Ukrainskaya pravda» nashri yozishicha, bosqin haqidagi xabardan keyingi ilk daqiqalardanoq mudofaa vazirligi binosi «ulkan termitlar uyasi»ni eslatardi, bu yerda askarlar qum to‘ldirilgan qoplarni tashib «katta mudofaa konturi» qurishga kirishgandi. «Rossiya propagandasi „qaror qabul qilish markazlari“ deb ta’riflagan boshqa idoralarda ham xuddi shunday vaziyat kuzatilayotgandi», deya yozadi «Ukrainskaya pravda». 

Reznikovning so‘zlariga ko‘ra, Zalujniyning qabulxonasidagi muhit boshqacha edi — bu yerda komandirlardan hisobot qabul qilinar va buyruqlar berilardi. «Faollik ortgandi, ammo mening xotiramda Zalujniy bilan bo‘lgan qandaydir o‘zgarish muhrlanmaydi. Biz tanishganimdan buyon u doim sergak va diqqatni bir joyga jamlagan holda yuradi. <…> Uning uchun hech narsa o‘zgarmagan. U butun umri mobaynida bu hujumga tayyorlangandi va bu palla kelgandi», — deya xotirlaydi Reznikov. 

Taxminan xuddi shu vaqtda Kiyevning boshqa chekkasida Oliy rada raisi Ruslan Stefanchuk portlashlar ovozidan uyg‘onadi. Ko‘p o‘tmay unga IIV rahbari Denis Monastirskiy (u 2023 yil 18 yanvarida Brovari shahrida vertolyot qulashi oqibatida halok bo‘ldi) qo‘ng‘iroq qilib, bosqin boshlangani haqida xabar beradi, keyin Xavfsizlik kengashi raisi Oleksiy Danilovdan ham telefon keladi, u Volodimir Zelenskiy Ukraina Milliy xavfsizlik va mudofaa kengashi yig‘ilishini chaqirganini aytadi 

Stefanchuk ham Oliy rada deputatlarini yig‘ishi kerak edi, Zelenskiyning harbiy holat joriy etish to‘g‘risidagi farmoni kuchga kirishi uchun uni parlament ma’qullashi talab etilgan. Deputatlar partiya chatlarida xavfsizlik nuqtayi nazaridan sessiyalar zalida emas, Kiyevdagi «Ona vatan» haykali ostida uchrashishga kelishib olishadi. Stefanchukning so‘zlariga ko‘ra, «haypchi» deputatlardan biri jonli efirga chiqib, Rada yig‘ilishi qayerda o‘tishini aytib yuboradi. Yakunda deputatlar Grushevskiy ko‘chasidagi Rada binosida yig‘ilishga qaror qiladi. 

Ertalabki soat 6:30 da deputatlar parlamentga kela boshlaydi. Ukrainaning sobiq prezidenti va «Yevropa birdamligi» partiyasi yetakchisi Petro Poroshenko uni rafiqasi Marina uyg‘otganini aytgan. U xotiniga ketishi kerakligini aytadi, ammo ayol rad etadi. Poroshenko Kiyev oblastidagi Kozin shahridan partiya ofisiga yo‘l oladi, soat yettida esa Radaga yetib keladi. Bu yerda u «qo‘rqib ketib» evakuatsiya ehtimolini muhokama qilayotgan juda ko‘p odamlarni uchratadi.

«Men ularga aytdimki, agar parlamentni evakuatsiya qilsangiz, birinchidan, men bormayman. Ikkinchidan, siz bunga haqlisiz, ammo bu barchani Kiyevdan qochishga da’vat qiluvchi kuchli signal bo‘ladi. Kim ketishni istasa, ketaqolsin, ammo bu haqda hech kim bilmasligi kerak. Chunki biz qat’iyligimiz hamda Kiyevni topshirmoqchi emasligimizni ko‘rsatish uchun shu yerda bo‘lishimiz kerak», — degan Poroshenko. 

Rada raisi birinchi o‘rinbosari Oleksandr Korniyenkoning fikricha, ommaviy evakuatsiya yo‘qligi «odamlarga hokimiyat organlari Kiyevda qolgani va bundan keyin ham qolib, kurash olib borishini ko‘rsatgan». 

Rada yig‘ilishi ertalabki soat sakkizda boshlangan. Danilov deputatlardan harbiy holat joriy etilishini qo‘llab-quvvatlashni so‘ragan va ukrain harbiylari «hozirda mudofaa jang qilib, mudofaalanayotgani, barcha o‘z joyidaligi»ni qayd etgan. Shundan keyin zalda hozir 300 nafar deputatning barchasi qarorni ma’qullagan. Ular orasida rossiyaparast hisoblangan «Muxolifat platformasi — Hayot uchun» partiyasi a’zolari ham bor edi. «Ukrainskaya pravda»ning qayd etishicha, partiyaning shu kuni parlamentga kelgan vakillari «maksimal darajada o‘zining borligini sezdirmaslikka uringan». 

«Men ularni payqamadim. Qo‘yday yuvosh! Boshlarini ko‘tarishmasdi, qurillashmasdi, qichqirishmasdi», — deya eslaydi Poroshenko. 

Stefanchuk deputatlardan keyingi yig‘ilish vaqti va joyini belgilashga huquq berishni so‘raydi. Uning o‘zi keyinroq izoh berishicha, bu voqealarning har qanday rivojida, jumladan Kiyev qurshab olingan taqdirda ham Radaning ishlashini yuridik jihatdan ta’minlash uchun zarur edi. Deputatlar bu taklifni, shuningdek, ovoz berish elektron tizimda emas, balki qo‘l rejimida o‘tkazilishini qo‘llab-quvvatlashadi.

Yig‘ilishni yakunlar ekan, Stefanchuk ketadigan deputatlar sotqin deb hisoblanishini aytadi. U shuningdek o‘zi halok bo‘lgan taqdirda qanday harakatlanish bo‘yicha o‘rinbosari bilan kelishib oladi.

Ukraina prezidenti ofisi joylashgan Bankovaya ko‘chasida «asosiy shaxslar» 24 fevralga o‘tar kechasi soat taxminan birda uylariga ketishgandi, ammo ertalabki soat to‘rtda ishga qayta boshlashadi. Ofis rahbari Andrey Yermak keyinroq eslashicha, uyiga soat taxminan ikkida kelgan, ammo bir-bir yarim soat o‘tib razvedka va harbiylardan harbiy harakatlar boshlangani haqida xabar olgan. U ortiga qaytgan. 

«Ukrainskaya pravda»ning qayd etishicha, 23 fevral kuni kechqurun ham mamlakatni keng ko‘lamli bosqin bo‘lmasligiga ishontirib bayonot bergan Volodimir Zelenskiyga eng katta mas’uliyat tushardi. U mudroq mamlakatni uyg‘otib, barcha kuchni jamlash va zarbaga bardosh berish»ga erishishi talab etilardi. Jurnalistlar aytishicha, ular qaysi amaldor yoki harbiy bilan gaplashmasin, ularning har biri 24 fevral kuni prezident uni qanday uyg‘otib, chaqirgani va topshiriqni bajarishga yuborgani yoki oldiga vazifa qo‘ygani haqida yaxshi eslaydi.

Urushning birinchi kunida Zelenskiy dunyo yetakchi siyosatchilari bilan sakkiz marta telefon muloqoti o‘tkaziladi: Jo Bayden, Olaf Shols, Boris Jonson, Avstriya kansleri Karl Nexammer, Rajab Erdo‘g‘an, Shvetsiya bosh vaziri Magdalena Andersson, Yevropa kengashi raisi Sharl Mishel, shuningdek Emmanuel Makron.

Tinchlik vaqtida bunday muloqotlarning har birini uyushtirish uchun haftalar talab etilardi, ammo endi «diplomatik vaqt» qisqargandi, deya qayd etadi «Ukrainskaya pravda». Zelenskiyning birinchi shunday muloqoti ertalabki soat yettilar atrofida bo‘ladi, o‘shanda u to‘g‘ridan to‘g‘ri britanlar bosh vaziri Boris Jonsonga sim qoqadi. Keyinroq Zelenskiy dunyo davlatlari yetakchilari bilan WhatsApp messenjeri orqali ham gaplashganini aytgandi.

Soat 6:42 da Zelenskiy urush davridagi ilk videomurojaatini yozadi. U harbiy holat joriy etilganini e’lon qiladi. Bir yarim soat o‘tib prezidentning navbatdagi videomurojaati chiqadi — bu uning klassik ish kiyimida qilgan oxirgi murojaati bo‘lib qoladi. Shundan keyin u fuqarolar qarshisida faqat armiya futbolkasida ko‘rinish beradi, bu kiyim «uning imijining ajralmas qismi»ga aylanadi.

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy 25 fevral kuni kechqurun o‘zi va jamoasi Kiyevda qolayotganini tasdiqlash uchun videomurojaat qilgandi. Foto: Ukraina prezidenti matbuot xizmati / Reuters / Scanpix / LETA

Ko‘p o‘tmay prezident ofisiga Oliy rada spikeri Stefanchuk rahbarligidagi parlament delegatsiyasi tashrif buyuradi. Deputat Sergey Raxmanin hikoya qilishicha, Zelenskiy «sarosimaga tushgan» ko‘rinmagandi. Poroshenkoning so‘zlariga ko‘ra, deputatlar Zelenskiy bilan «mazmunli» suhbat qurishgan. Ular endi muxoliflar emasligi bo‘yicha kelishib olishgan, chunki ularda yagona dushman bor edi — Vladimir Putin. Poroshenkoning qayd etishicha, bunday taklif Zelenskiy tomonidan bildirilgandi. 

«Kiyev yarim qurshov holatida ekanida ham bu kelishuv saqlab qolindi», — deydi sobiq prezident. 

Ishtirokchilarning aytishicha, o‘shanda uchrashuv kutilmaganda to‘xtatilgan. Zalga qo‘riqchilar kirgan va boshpanaga ketishni talab qilishgan. «Prezident tansoqchilari kirishdi va Bankovaya tomon qandaydir harakat kuzatilayotgani, shuning uchun prezident ketishi kerakligini aytishdi», — deydi Stefanchuk. Uning so‘zlariga ko‘ra, ular parlament spikeri poytaxt markazidan o‘n daqiqalik masofada bo‘lib turishi bo‘yicha kelishishadi. 

«Shunday qilib bizda „Kiyev atrofidagi karusel“ deb atalgan oy boshlandi: doimiy ravishda ko‘chib yurdik, har safar boshqa-boshqa joylarda tunadik, ammo nimadir bo‘lganda yetib kelish uchun Kiyev atrofida qoldik», — deya hikoya qiladi u.

Soat 11 da hukumat yig‘ilishi bo‘lib o‘tadi, unda vazirlar kabinetining ayrim a’zolarini Ukraina g‘arbiga evakuatsiya qilish haqida qaror e’lon qilinadi. Hukumatning bir qismi Kiyevda qoladi, qolgan qismi esa kvorumni (yig‘ilishlar qarorlari qonuniy bo‘lishi uchun ishtirokchilarning ustav bo‘yicha yetarli hisoblanadigan miqdori) saqlagan holda boshqa joyda bo‘lish bo‘yicha qaror qilishi mumkin edi. «Mudofaa uchun kerak bo‘lganlar Kiyevda qolishdi. Bu mutlaqo mantiqiy qaror edi. Ammo biz [Kiyevda qolganlar] baribir hali ham majlis o‘tkazish uchun oflayn yig‘ilmasdik. Kimdir bunkerda o‘tirgan holda, kimdir noma’lum joydagi kabinetda turib, kimdir do‘stlari bilan hammomdaligida, yana kimdir yo‘lda onlayn bo‘lardi», — deya hikoya qiladi mudofaa vaziri Reznikov. 

Ukraina infratuzilmalar vaziri Oleksandr Kubrakovning so‘zlariga ko‘ra, shu kuni tongda vazirlar, ularning oila a’zolari va maxfiy hujjatlarni Kiyevdan olib chiqib ketish uchun poyezd qidira boshlashgan. Jamiyatni rivojlantirish vaziri Oleksiy Chernishovning aytishicha, natijada bu «mutlaqo odatiy poyezd» bo‘lgan. 

Kubrakovning so‘zlariga ko‘ra, bu vaqtda Kiyevda qolgan vazirliklarda «bardak» boshlangan: «Barcha uyoqdan bu yoqqa chopar, nimanidir olib ketar, nimanidir yo‘q qilardi». «Hovlida protokolga ko‘ra yo‘q qilinishi lozim bo‘lgan maxfiy hujjatlarni yoqib yuborish boshlangandi», — deya qo‘shimcha qilgan u.

Reznikovning aytishicha, agar u o‘sha kuni oldindan belgilangan protokol bo‘yicha harakatlanganida, katta ehtimol bilan asirga tushgan bo‘lardi. Uning tushuntirishicha, vazir o‘z jamoasi bilan borishi kerak bo‘lgan mudofaa vazirligining himoyalangan qo‘mondonlik punkti Gostomelda joylashgandi, bu yerga esa o‘sha kuni Rossiya desant tushiradi.

«Ukrainskaya pravda»ning yozishicha, markaziy hokimiyat «yoyib joylashtirilayotgan» mahalda, Kiyevdan chiqishda ulkan tirbandliklar yuzaga keladi — va harbiy komissariatlarda ham. Reznikovning so‘zlariga ko‘ra, o‘shanda poytaxtdagi deyarli har bir ko‘chaga blokpostlar o‘rnatilgandi. 

«[Energetika vaziri] German Glushchenko qo‘ng‘iroq qildi. Va aytdi: „Men [hukumat yig‘ilishiga] bora olmayman, ular yuzim bilan asfaltga yotqizishdi. Men energetika vaziri ekanimni aytdim, ularga esa farqi yo‘q“. U marhum Monastirskiyga qo‘ng‘iroq qiladi va aytadi: „Denis, menga kimdir, biror natspol (politsiyachi) yo‘l-yo‘riq ko‘rsata oladimi, chunki men o‘tib keta olmayapman“. Denis esa „hozir men senga to‘siqsiz o‘tishni tashkil etib bera olmasam kerak, chunki blokpostlarning ko‘pchiligi nazorat ostida emas“. <…> Xudoga shukrki, Germanni qo‘yib yuborishadi. Yaxshiyam, vazirimizga zarar yetkazishmaydi. U bir kun uyda o‘tirishi kerak edi», — deya eslaydi Reznikov urushning ilk kunidagi voqealarni.

U keyin barchasi asta-sekin «tartibga keltirilgani»ni aytadi.

Mavzu
Rossiya-Ukraina urushi
2022 yil 22 fevral kuni Rossiya Ukraina chegarasidan o‘tib, qo‘shni mamlakatga bostirib kirdi. Ukraina armiyasi jang taklif qildi.
Barchasi
Top