“O‘zbekiston sanksiyalarning chetlab o‘tilishiga qarshi ekanidan minnatdormiz” - YeI maxsus vakili
Yevroittifoqning sanksiyalar bo‘yicha maxsus vakili Devid O’Sallivan Toshkentga keldi. U YeIda ishlab chiqarilgan, sanksiyalar doirasiga kiruvchi mahsulotlar uchinchi davlatlar orqali Rossiyaga kirib borayotganini aytarkan, O‘zbekiston o‘z hududidan sanksiyalarni chetlab o‘tish uchun foydalanilishiga qarshi ekaniga ishonch hosil qilganini bildirdi.
Yevropa Ittifoqining sanksiyalar bo‘yicha maxsus vakili Devid O’Sallivan ikki kunlik tashrif bilan O‘zbekistonga keldi. U prezident Shavkat Mirziyoyev bilan uchrashuvdan so‘ng matbuot anjumanida ishtirok etdi. Bu haqda Gazeta.uz xabar bermoqda.
Tadbir avvalida maxsus vakil “Katta yettilik” davlatlari va AQSh tomonidan Rossiyaga qarshi ishlab chiqilgan sanksiyalar faqat bitta maqsad – uning Ukrainaga qarshi tajovuzkor urush olib borish qobiliyatiga putur yetkazishdan iborat ekanini eslatdi.
“Ta’kidlamoqchiman: biz uchinchi davlatlarga, xususan, O‘zbekistonga nisbatan sanksiyalar qo‘llash niyatida emasmiz, shuningdek, O‘zbekistonning rivojlanishiga, uning boshqa davlatlar, jumladan, Rossiya bilan savdo aloqalariga xalaqit berish istagi ham yo‘q”, – dedi Devid O’Sallivan.
Yevropa Ittifoqi Rossiyaga nisbatan joriy qilingan sanksiyalarni uchinchi davlatlar orqali chetlab o‘tish imkoniyatidan xavotirda.
“So‘nggi paytlarda biz noodatiy savdo operatsiyalarini hamda YeI mamlakatlarida ishlab chiqarilgan va sanksiyalar toifasiga mansub mahsulotlar uchinchi davlatlar hududi orqali Rossiya hududiga qandaydir tarzda kirib borishini kuzatdik”, – dedi maxsus vakil.
Uning ta’kidlashicha, bir qator mamlakatlarda YeI davlatlarida sanksiya ostiga kiritilgan tovarlar importi ko‘payishi kuzatilmoqda.
“Shu bois O‘zbekistonga kelishimdan oldin BAA, Turkiya, Qozog‘istonda bo‘ldim. Gruziya, Armaniston va Serbiyaga borish niyatim ham bor. Yana bir bor ta’kidlaymanki, O‘zbekiston biz o‘z missiyamiz bilan boradigan davlatlardan biri, xolos”, – dedi YeI maxsus vakili.
Devid O’Sallivanning so‘zlariga ko‘ra, so‘nggi oylarda Yevroittifoq moliyaviy masalalar bo‘yicha O‘zbekiston Bojxona qo‘mitasi va Markaziy banki bilan samarali axborot almashgan. “Biz ushbu muloqotda ba’zi muammolarni ish tartibida hal qila oldik”, – dedi u.
“Biz O‘zbekistonning [Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushi masalasida] betaraf qolish istagini hurmat qilamiz va shunga qaramay, katta ishtiyoq va minnatdorchilik bilan O‘zbekiston o‘z hududidan joriy qilingan sanksiyalarni chetlab o‘tish uchun foydalanishga qarshi ekaniga ishonch hosil qildik. Bu davlatning siyosiy tanlovi ekanini tushunamiz”, – dedi Devid O’Sallivan.
Uning ta’kidlashicha, amaliy aloqalar chog‘ida YeI O‘zbekiston tomoniga Yevroittifoqqa a’zo davlatda ishlab chiqarilgan ikki tomonlama yoki harbiy maqsadlarda foydalanishga mo‘ljallangan hamda “Rossiya harbiy mashinasining Ukraina xalqiga qarshi qotillik urushini olib borish qobiliyatiga hissa qo‘shadigan” mahsulotlar ro‘yxatini topshirgan.
Uning so‘zlariga ko‘ra, gap yuqori texnologiyali blok-sxemalar, mikrochiplar, qurol-yarog‘lar, boshqaruv tizimlari, artilleriya va qanotli raketalar uchun ishlatilishi mumkin bo‘lgan optik jihozlar haqida ketmoqda.
“Bu mahsulotlarni biz Rossiya harbiylaridan tortib olingan, qo‘lga kiritilgan harbiy texnikalarda topmoqdamiz. Bilamizki, ular ukrainaliklarni o‘ldirish uchun bir qator mahsulotlar va qurol qismlaridan foydalanadilar. Va shuning uchun biz ushbu mahsulotlarni chegaralar orqali olib o‘tishga alohida e’tibor berishni so‘radik”, deya tushuntirdi YeI maxsus vakili. Uning qo‘shimcha qilishicha, gap O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan o‘xshash mahsulotlar haqida ketayotgani yo‘q.
“Biz o‘zbekistonlik hamkasblarimizdan [YeIda ishlab chiqarilgan] mahsulotlar ro‘yxatini O‘zbekiston orqali olib o‘tish imkoniyatiga alohida e’tibor qaratishlarini so‘radik, boisi yaqinda ushbu ro‘yxatdagi tovarlarni O‘zbekiston hududi orqali eksport qilish hajmi sezilarli darajada katta – 126 foizga oshganini kuzatdik”, dedi O’Sallivan.
Uning qo‘shimcha qilishicha, YeI sanksiyalar biznes uchun siyosiy omillar tufayli xavotirlarni keltirib chiqarishi mumkinligini tushunib, hukumat tashkilotlari va xususiy sektor uchun ushbu sanksiyalarning mohiyatini yetkazib berish maqsadida “odamlar nima haqida qayg‘urish va nimadan xavotirlanish kerakligini bilishlari uchun” ikki kunlik seminar o‘tkazmoqda.
“Biz bu muloqotni kelajakda davom ettirishga umid qilamiz, chunki, afsuski, bu sanksiyalar uzoq vaqt, ko‘p yillar davom etadi, deb o‘ylaymiz. Ukraina hududidagi jangovar harakatlar keyingi oyda tugaydi, deb hisoblasak ham (bu haqda bizda hech qanday dalil yo‘q), hal qilinishi lozim bo‘lgan qator masalalar paydo bo‘ladi. Xususan, bu urush jinoyatlarini tekshirish, tovon to‘lash masalalari, Ukrainaning vayron qilingan infratuzilmasini tiklash masalalari. Boshqacha qilib aytganda, ushbu sanksiyalar ostida yashashni o‘rganishimiz kerak. Shuning uchun bu masala O‘zbekiston va Yevropa Ittifoqi o‘rtasidagi ikki tomonlama munosabatlar yo‘lida to‘siq bo‘lishini istamaymiz, biz bunga katta ilhom va umid bilan qaraymiz”, – deya ta’kidladi YeI rasmiysi.
O‘zbek biznesining Rossiyaga qarshi joriy etilgan sanksiyalar doirasiga tushib qolishi ehtimoli haqidagi savolga javob berar ekan, maxsus vakil bu holat faqatgina yuqorida qayd etilgan Yevropa mahsulotlari Rossiyaga noqonuniy ravishda qayta eksport qilingan taqdirda ro‘y berishi mumkinligini aytdi.
“Agar qonunga xilof bitimlar bo‘lsa, aytaylik, bunda O‘zbekistonning ayrim xo‘jalik sub’yektlari ishtirok etganini ko‘rsak, albatta, ular sanksiyalar doirasiga tushadi. Lekin, takror aytaman, bizning maqsadimiz O‘zbekiston iqtisodiyotiga nisbatan sanksiyalar qo‘llash emas. Biz faqat joriy qilingan sanksiyalarni chetlab o‘tishga yordam beradigan noqonuniy operatsiyalar haqida gapiramiz. O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy aloqalar esa bu ikki davlatning ichki ishi”, – dedi YeI maxsus vakili.
U yana bir bor Yevroittifoq e’tirozini keltirib chiqarishi mumkin bo‘lgan holatlarga to‘xtalib o‘tdi: “Agar sanksiyalar ro‘yxatidagi mahsulotlar O‘zbekistonda ishlab chiqarilsa va Rossiyaga yetkazilsa, bu borada muammo bo‘lmaydi. Agar ular uchinchi davlatlardan (Yevropa Ittifoqidan tashqari — tahr.) import qilinib, yana Rossiyaga reeksport qilinsa, bu borada ham muammo yo‘q. Yevropa Ittifoqi tomonidan ishlab chiqarilgan ushbu ro‘yxatdagi sanksiyalangan mahsulotlar YeI hududidan olib kirilib, O‘zbekiston hududi orqali Rossiyaga kirganda muammo yuzaga keladi. Bu – joriy qilingan sanksiyalarni noqonuniy aylanib o‘tishdir”.
Devid O’Sallivanning aytishicha, O‘zbekistonda moliyaviy oqimlarni va savdoni nazorat qilish sohasida mavjud bo‘lgan monitoring tizimi unda “katta taassurot qoldirgan”. “Ishonchim komilki, O‘zbekiston hukumati sanksiyalar ro‘yxatidagi ushbu mahsulotlarning ehtimoliy qayta eksportini samarali nazorat qilish yo‘lini topadi”, – deya qo‘shimcha qildi u.
Maxsus vakil Yevropa Ittifoqi insonlar hayotiga zomin bo‘layotgan harbiy amaliyotlar haqida gap ketayotgani uchun O‘zbekiston hukumatidan bunday mahsulotlar ustidan nazoratni kuchaytirishni so‘ragani, shuningdek, bu choralar mamlakat tomonidan qanday yo‘llar bilan amalga oshirilayotgani uning ichki ishi ekani, YeI esa nazorat choralarini imkon qadar tezroq joriy qilish kerakligini tushuntirishini ta’kidladi.
“Biz tushuntirishlarni eshitamiz va buni amalga oshirish yo‘llarini muhokama qilamiz. Umid qilamizki, o‘z missiyamiz natijasida tez orada bu ko‘rsatkichlar, yuqoridagi ro‘yxatdagi tovarlarning reeksporti bo‘yicha statistik ma’lumotlarning kamayishiga guvoh bo‘lamiz”, – deya Yevropa Ittifoqi maxsus vakilining so‘zlarini keltirmoqda Gazeta.uz.
Eslatib o‘tamiz, o‘tgan oylar davomida G‘arb nashrlarida Rossiya bir qator davlatlar, jumladan, Markaziy Osiyo bilan savdo aylanmasini keskin oshirgani haqida ko‘plab xabarlar e’lon qilinmoqda.
Mavzuga oid
23:24 / 13.11.2024
Rossiya hukumati yaralangan harbiylar uchun to‘lov tizimini o‘zgartirdi
20:43 / 13.11.2024
«Mosfilm» kinostudiyasi o‘z omboridagi tanklarni Rossiya armiyasiga topshirdi
19:33 / 13.11.2024
Rossiyada migrant bolalarning rus tilini bilish darajasi tekshirilishi mumkin
17:53 / 13.11.2024