Jahon | 11:04 / 20.06.2023
9065
3 daqiqa o‘qiladi

OAV: Kiyev YeIga kirish bo‘yicha muzokaralar uchun ikkita shartni bajardi

Yevrokomissiyaning oraliq hisobotida Ukraina sud-huquq islohoti va ommaviy axborot vositalariga oid qonunchilikda muvaffaqiyatga erishganiga ishora qilindi, deb yozadi Reuters manbalarga tayanib.

Foto: Reuters

Ukraina YeIga kirish bo‘yicha muzokaralarni boshlash uchun yetti shartdan ikkitasini bajardi. Reuters agentligining 19 iyun, dushanba kuni ikki yuqori martabali amaldorga tayanib yozishicha, bu ma’lumotlar Yevropa komissiyasining shu hafta oxirida taqdim etiladigan oraliq hisobotida keltirilgan. 

Manbalardan birining aniqlik kiritishicha, gap sud-huquq islohoti va ommaviy axborot vositalari qonunchiligi haqida ketmoqda, u hisobotning o‘zi «o‘rtacha ijobiy» bo‘lishini qo‘shimcha qilgan. 

Bir yil avval, keng ko‘lamli harbiy harakatlar boshlanganidan to‘rt oy o‘tib, YeI Ukrainaga Yevropa Ittifoqiga rasmiy nomzod maqomini berib, «yuqori ramziy ishora» qildi, deya eslaydi agentlik. 

Qo‘shilish bo‘yicha muzokaralar boshlanishi esa Kiyevning yetti shartni, jumladan sud-huquq islohoti va korrupsiyaga qarshi kurashni bajarishi bilan bog‘liq edi. O‘z navbatida, Ukraina bu yil uni YeIga qabul qilish bo‘yicha muzokaralarni boshlashga chaqirdi. 

Yevrokomissiya hisoboti mazmuni bilan tanish bo‘lgan, ammo anonim qolishni istagan Reuters suhbatdoshlaridan birining so‘zlariga ko‘ra, bu hujjatda asosiy narsa - «voqelikni bezash emas, taraqqiyotni tan olish»dir. 

Ayni paytda, yana bir manba agentlikka bergan intervyusida Ukrainada sud-huquq tizimini isloh qilishda biroz oldinga siljish borligini aytdi, «ammo, hali amalga oshirilishi kerak bo‘lgan asosiy islohotlar mavjud». «Hammasi ham qoniqarli emas», deya qo‘shimcha qildi suhbatdosh. 

Ukrainaning YeIga a’zoligi bo‘yicha muzokaralarni boshlash imkoniyati haqidagi qarorni Yevropa Ittifoqiga a’zo 27 davlat 2023 yil dekabrida qabul qilishi kutilmoqda. 

Ukrainaning YeIga tezlashtirilgan tartibda qo‘shilishi g‘oyasini Boltiqbo‘yi davlatlari va Polsha qo‘llab-quvvatlamoqda. Shu bilan birga, Fransiya, Germaniya va Niderlandiya kabi davlatlar bu istiqbolga nisbatan ancha ehtiyotkor. 

Mavzuga oid