Jahon | 11:45 / 23.06.2023
8425
3 daqiqa o‘qiladi

Parijda yangi global moliyaviy pakt bo‘yicha sammit ochildi

Sammit ishtirokchilari iqlim o‘zgarishi ayniqsa ta’sir ko‘rsatayotgan sanoatlashgan davlatlar va global janubdagi mamlakatlar o‘rtasidagi tafovutni bartaraf etish bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqishni maqsad qilgan.

Foto: AFP

22 iyun, payshanba kuni Parijda yangi global moliyaviy pakt bo‘yicha ikki kunlik vakillik sammiti o‘z ishini boshladi. Iqlimni muhofaza qilish va qashshoqlikka qarshi kurash masalalarini bir vaqtda muhokama qilishga mo‘ljallangan forum ishida 100 ga yaqin davlat, taraqqiyot banklari va xalqaro tashkilotlar vakillari ishtirok etmoqda.

Fransiya prezidenti Emmanuel Makron tashabbusi bilan tashkil etilgan uchrashuv Jahon banki, Xalqaro valuta jamg‘armasi (XVJ), davlat va xususiy fondlar ishtirokida yanada birdamroq moliyaviy tizim yaratish bo‘yicha maslahatlashuvlarga bag‘ishlangan. «Hech bir davlat qashshoqlikni kamaytirish yoki sayyorani himoya qilish o‘rtasida tanlov qilmasligi kerak», dedi u sammit ochilishida.

13 davlat va hukumat rahbarlari, jumladan, Germaniya kansleri Olaf Shols, AQSh prezidenti Jo Bayden, Yevropa komissiyasi raisi Ursula fon der Lyayyen va Buyuk Britaniya bosh vaziri Rishi Sunak qo‘shma murojaatida sayyoramiz aholisi farovonligini oshirish tarafdori ekanini ta’kidladi. «Biz hech kimni ortda qoldirmaydigan ekologik o‘zgarishlar qashshoqlikka qarshi kurash, barqaror va inklyuziv rivojlanishni qo‘llab-quvvatlashda muhim omil bo‘lishi mumkinligiga aminmiz», — deyiladi hujjatda. Qashshoqlikka va iqlim o‘zgarishiga qarshi kurash innovatsion moliyalashtirish, qarzlarni qaytarib olish va globallashuvdan eng ko‘p foyda ko‘rgan tarmoqlarni jalb qilishni talab etadi. «Rivojlanayotgan mamlakatlar qiyinchiliklarini yengillashtirish va global maqsadlarimizga erishish yo‘lidagi hamkorligimiz asosini hamjihatlik va qo‘shma harakatlar tashkil etadi», - deyiladi Le Monde gazetasi e’lon qilgan bayonotda.

Sammit yakunlari bo‘yicha majburiy bo‘lgan qarorlar qabul qilinishi kutilmayapti. Ishtirokchilar iqlim o‘zgarishi ayniqsa ta’sir ko‘rsatadigan global janubdagi sanoatlashgan davlatlar va mamlakatlar o‘rtasidagi o‘sib borayotgan tafovutni bartaraf etish bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqishni maqsad qilgan. 

Iqlim faoli Greta Tunberg Fransiya hukumatini sammit arafasida Les Soulèvemens de la Terre ekologik tashkilotini taqiqlagani uchun tanqid qildi. «Biz yong‘inga qarshi kurashish o‘rniga juda baland ovozda yong‘in signalini jazolayapmiz», dedi shvetsiyalik iqlim himoyachisi va Fransiyadagi atrof-muhit faollari repressiya nishoniga aylanganiga ishora qildi. Namoyishchilar va politsiya o‘rtasida to‘qnashuvlar boshlanganidan keyin Parij Les Soulèvemens de la Terre’ni taqiqladi. 

Mavzuga oid