Sport | 14:09 / 02.07.2023
34925
12 daqiqa o‘qiladi

Ingliz klublari tarkibni kuchaytirmoqda, shayxlar ham to‘xtamayapti. So‘nggi transfer xabarlari

So‘nggi kunlardagi asosiy transfer xabarlari va mish-mishlar.

«Arsenal»ning yozdagi uch transferi

Kay Haverts «Chelsi»dan «Arsenal»ga o‘tdi. «Kanonirlar» futbolchi bilan uzoq muddatli shartnoma tuzilganini ma’lum qilgan, ammo muddatga aniqlik kiritilmagan. OAVga ko‘ra, kelishuv 2028 yil yoziga qadar amal qilishi ko‘zda tutilgan. Transfer bahosi – 60+5 mln funt.

«Arsenal»da Kay 29-raqamli futbolkada to‘p suradi. Haverts «Chelsi»ga 2020 yil kuzida kelgandi, transfer bahosi bonuslar hisobiga 90 mln funtgacha yetishi mumkin. Haverts ko‘klar jamoasida 139 o‘yinda maydonga tushib, 32 gol urdi va 15 golga uzatma berdi.

«Arsenal» «Vest Hem»dan Deklan Rays va «Ayaks»dan Yurriyen Timber transferini ham hal qilgan. Nufuzli insayder Fabritsio Romano bu ikki kelishuv ham «yakuniy bosqichda» ekanini xabar qilgan. Angliyadagi eng ishonchli sport nashri The Athletic xabariga ko‘ra, tomonlar transfer qiymatini kelishib bo‘lgan – 100 mln funt (116 mln yevro) va yana 5 mln funt — natijaga ko‘ra bonus sifatida ko‘zda tutilgan.

«Vest Hem» 100 mln funtni 18 oy ichida olishni istamoqda, «Arsenal» to‘lov to‘rt yil davomida to‘lab borilishiga umid qilmoqda. Bunday bosqichda tomonlar transferdan voz kechishi qiyin, qolaversa, futbolchiga asosiy da’vogarlardan biri «Siti» kurashdan chiqqan.

Rays kelishi jamoa markazidagi muammolarga yechim bo‘ladi. Jamoaning ikki asosiy tayanch yarimhimoyachilari - Granit Chaka («Bayyer») va Tomas Parti (Saudiya Arabistoni) ketishi oydinlashgan.

Niderlandiyalik himoyachi Yurriyen Timmer transferi ham yangi haftada e’lon qilishi kutilmoqda. «Ayaks» 35 million yevrolik dastlabki taklifni rad etgandi, ammo Romano u yaqin vaqtlar ichida Londonda tibbiy ko‘rikdan o‘tishi haqida yozgan.

«Chelsi» senegallik hujumchini safiga qo‘shib oldi

«Chelsi» faqat o‘z futbolchilarini sotish yoki ijaraga berish bilan shug‘ullanmayapti, balki yangi xaridlar ham amalga oshirmoqda. Senegallik hujumchi Nikolas Jyekson London klubi bilan sakkiz yillik shartnomaga imzo chekdi. «Chelsi» 21 yoshli futbolchi uchun «Vilyarreal»ga 37 mln yevro to‘laydi.

«Norvich» bilan shartnomasi tugagan Aleks Matos va «Benfika»ni erkin agent maqomida tark etgan Portugaliya U-21 a’zosi Diyegu Moreyru ham London klubi tarkibiga qo‘shildi.

«Chelsi»da 19 yil o‘ynagan Ruben Loftus-Chik «Milan» futbolchisiga aylandi. Ko‘klar jamoasi ushbu transferdan 16+4 mln yevro ishlab oladi.

Sesar Aspilikuetaning ham «Chelsi»dagi davri poyoniga yetdi, lekin u kutilganidek, «Inter»ga o‘tmasdan, vataniga qaytmoqda. Fabritsio Romanoga ko‘ra, u yaqin vaqtlar ichida «Atletiko» a’zosiga aylanadi.

ESPN ma’lumotiga ko‘ra, Kristian Pulishich ham «Chelsi»ni tark etib, «Milan»ga o‘tadi. Klublar transfer uchun to‘lov masalasida muzokara o‘tkazmoqda.

«Tottenhem» Meddisonni sotib oldi

«Shporlar» «Lester» yarimhimoyachisi Jyeyms Meddison bilan shartnoma imzoladi — tomonlar 2028 yilga qadar hamkorlik tuzishgan. Sky Spors ma’lumotiga ko‘ra, «Tottenhem» 26 yoshli futbolchi uchun 45 million yevro to‘laydi. O‘tgan mavsumda Meddison «Lester» safida 30 o‘yinda 10 gol urishga erishdi, ammo bu klub APLda qolishiga yordam bermadi.

London klubi «Empoli»dan darvozabon Gulelmo Vikarioni ham sotib oldi — 26 yoshli futbolchi transferi 19 million yevroga tushgan. O‘z navbatida, jamoani yosh yarimhimoyachi Harri Uinks tark etdi — u 10 mln funt evaziga «Lester» a’zosiga aylandi.

«Lester»ning yana bir yarimhimoyachisi Yuri Tilemans esa erkin agent maqomida «Aston Villa»ga kelib qo‘shildi.

«Inter» Tyuram bilan shartnoma imzoladi

Fransiyalik forvard Markus Tyuram «Inter» a’zosiga aylandi, bu haqda milanliklar klubi saytida xabar berilgan.

25 yoshli futbolchi bilan 2027 yil yoziga qadar amal qiluvchi shartnoma tuzilgan. Futbolchi Italiya klubiga erkin agent maqomida kelib qo‘shildi.

Tyuram 2019 yildan buyon Menxengladbahning «Borussiya» klubida to‘p surib kelardi. Yakunlangan mavsumda hujumchi 32 o‘yinda maydonga tushib, 16 gol urdi va 7 golga uzatma berdi. Transfermarkt portali futbolchining transfer qiymatini 32 million yevroga baholagan.

Maunt — «MYu»ga o‘tadi

«Manchester Yunayted» «Chelsi» yarimhimoyachisi Meyson Maunt bilan shartnoma imzolaydi. The Athletic ma’lumotiga ko‘ra, mankunianliklar 24 yoshli angliyalik futbolchi uchun 55 million funt sterling to‘laydi, yana 5 million funt bonuslar sifatida o‘tkazib berilishi mumkin. Yaqin vaqtlar ichida Maunt tibbiy ko‘rikdan o‘tib, 5 yillik shartnomaga qo‘l qo‘yishi kutilmoqda.

O‘tgan mavsumda ushbu yarimhimoyachi «Chelsi» safida barcha turnirlar doirasida 35 o‘yinda maydonga tushib, 3 gol urdi va 6 golga uzatma berdi.

The Atletic ma’lumotiga ko‘ra, «MYu» Maunt o‘rniga yoshroq ekvadorlik futbolchi Moyses Kaysedoni (21 yosh) olmoqchi bo‘lgan, ammo «Brayton» bu futbolchisi uchun 100 mln funt so‘ragan.

Soboslai — «Liverpul»ga keladi

«Leypsig» va Vengriya milliy jamoasining asosiy yetakchisi Dominik Soboslai yaqin vaqtlar ichida «Liverpul» a’zosiga aylanadi, deb xabar qilmoqda Sky Sport.

Nashr ma’lumotiga ko‘ra, klublar allaqachon futbolchining transferi bo‘yicha kelishib olishgan. «Liverpul» havbek uchun 70 million funt to‘laydi. Futbolchi 3 iyul kuni «Liverpul» uchun tibbiy ko‘rikdan o‘tadi.

2022/23 yillar mavsumida Soboslai barcha turnirlar doirasida 46 o‘yinda maydonga tushib, 10 gol urgan va 13 golli uzatmaga mualliflik qilgan. Uning «Leypsig» bilan shartnomasi 2026 yil yoziga qadar ko‘zda tutilgandi.

O‘z navbatida, «Liverpul» 20 yoshli yarimhimoyachisi Fabiu Karvalyuni «Leypsig»ga ijaraga bergan. Kelishuvga mavsum yakunida sotib olish huquqi to‘g‘risida band kiritilmagan.

«Bavariya» Kanseluni sotib olmaydi

O‘ng qanot himoyachisi Joau Kanselu «Bavariya»ni tark etadi. 29 yoshli portugaliyalik 2023 yil yanvarida «Siti»dan ijaraga olingandi va tezda asosiy tarkibga kirishib ketgandi — u 15 o‘yinda maydonga tushib, 1 gol urdi va 4 golga uzatma berdi. Ammo ijara muddati yakunlanganidan keyin myunxenliklar uning transfer huquqini sotib olmadi va endi futbolchi Manchesterga qaytishi kerak.

Portugaliyalik futbolchi Angliyada o‘ynashda davom etishi qiyin — mish-mishlarga ko‘ra, uning Pep Gvardiola bilan munosabati juda yomon va u katta ehtimol bilan yozda jamoani butkul tark etadi. Xabarlarga ko‘ra, Kanseluga «Barselona» da’vogar bo‘lib turibdi. Transfermarkt futbolchining transferini 50 million yevroga baholagan.

Ernandes «PSJ»ga o‘tadi

«PSJ» «Bavariya»ning fransuz himoyachisi Lyuk Ernandes transferi bo‘yicha ishlarni yakunladi. L'Equipe ma’lumotiga ko‘ra, parijliklar 27 yoshli futbolchi uchun 48-50 million yevro to‘laydi.

Ernandes myunxenliklar safida 2019 yil iyulidan buyon o‘ynab kelayotgandi. 2022/23 yillar mavsumida u 11 o‘yinda bir 1 gol urdi va  1 golga uzatma berdi.

Fransuz futbolchisining shartnomasi 2024 yil yoziga qadar ko‘zda tutilgandi. U avvalgi rahbariyat davrida daxlsiz futbolchilardan bir edi, ammo endi unga munosabat o‘zgargan va shu tufayli Parijga ketishga qaror qilgan. Ernandes yangi klubi bilan besh yillik shartnomaga imzo chekadi. Transfermarkt portali uning transfer qiymatini 45 million yevroga baholagan.

Milan Shkrinyar esa «Inter»ni erkin agent sifatida tark etib, parijliklar safiga kelib qo‘shilmoqda. Bu hech kim uchun syurpriz bo‘lgani yo‘q — 28 yoshli himoyachi shartnomasi tugaganidan keyin klubdan ketishi haqida qishdayoq ma’lum bo‘lib ulgurgandi. Yakunlangan mavsumda Shkrinyar «Inter» uchun barcha turnirlar doirasida 31 o‘yinda maydonga tushdi.

«Barselona» Brozovich transferiga yaqin

Kataloniyaliklar «Inter Mayami»ga yo‘l olgan Serxio Buskets o‘rniga futbolchi qidirishda davom etmoqda. Buning uchun asosiy variant Marselo Brozovich bo‘lib turibdi. «Inter»ning 30 yoshli yarimhimoyachisi Saudiyaning «An-Nasr» klubiga o‘tishi kutilayotgandi, ammo so‘nggi vaqtlarda futbolchi uchun so‘rovlar ko‘payib ketgan, Janluka Di Marsioga ko‘ra, u «Barselona»ga o‘tishga rozilik bildirgan. Qiziq jihati, «Inter» havbek bilan 23 million yevro evaziga xayrlashishga rozi, ammo kataloniyaliklar o‘z futbolchilarini sotmasdan bu to‘lovni amalga oshira olmaydi.

Bu transfer amalga oshishi uchun Frank Kessiye «Al-Ahli»ga sotishi kerak bo‘ladi, arablar uning uchun 20 million yevro to‘lashga rozi. Muammo shundaki, Kessiyening o‘zini yiliga 10 million yevrodan iborat maosh qanoatlantirmayapti va u kamida ikki barobar ko‘proq olishni istamoqda. Shu tufayli «Barselona» «Vilyarreal»dan Dani Parexoni olish variantini ham ko‘rib chiqmoqda — Xavi o‘z jamoasida ushbu 34 yoshli futbolchini ko‘rishni istamoqda, ammo rahbariyat uning yoshi tufayli ikkilanmoqda.

Bernardu Silvaga Saudiya Arabistonidan aqlbovar qilmas taklif keldi

Shayxlar futbol bozorini alg‘ov-dalg‘ov qilishda davom etmoqda. Sky Spors xabariga ko‘ra, saudiyaliklarning qaysidir klubi «Manchester Siti»ning portugaliyalik yarimhimoyachisi Bernardu Silvaga yiliga 90 mln yevrolik maosh taklif etgan. Avvalroq ushbu futbolchiga Silvaning milliy jamoadagi sherigi Krishtianu Ronaldu to‘p suruvchi «An-Nasr»dan qiziqish mavjudligi haqida xabarlar tarqalgandi.

Firmino Saudiya Arabistoniga yo‘l oladi

«Liverpul»da o‘tgan sakkiz yildan keyin erkin agentga aylangan Roberto Firmino ham yevropalik yulduzlar uchun mashhurlashgan yo‘nalish bo‘ylab harakatlanadi — Saudiya Arabistoniga. Fabritsio Romanoning tasdiqlashicha, braziliyalik tajribali futbolchi va «Al-Ahli» uch yillik shartnoma bo‘yicha kelishib oldi.

31 yoshli forvard yakunlangan mavsumda «Liverpul» uchun APL doirasida 25 o‘yinda maydonga tushib, 11 gol urdi va 4 golga uzatma berdi.

Mavzuga oid