Jahon | 14:57 / 03.07.2023
7100
2 daqiqa o‘qiladi

Yaponiya kuchli yomg‘irlar tufayli 2 mln kishini evakuatsiya qilishga tayyorlanmoqda

Yaponiyaning bir qator prefekturalari ma’muriyati kuchli yomg‘irlar fonida suv toshqini, yer ko‘chkisi va daryolar toshishi xavfidan ogohlantirmoqda.

Foto: Masaki Akizuki/AP Photo/picture alliance

Yaponiyada to‘xtovsiz yomg‘irlar fonida mamlakat janubidagi Kyusyu mintaqasi hukumati ko‘plab hududlar uchun evakuatsiya zarurati haqida ogohlantirdi. Bu haqda 3 iyul, dushanba kuni ertalab Yaponiyaning NHK telekanali o‘z saytida ma’lum qildi.

Kumamoto, Fukuoka, Oita, Miyadzaki, Saga va Yamaguti prefekturalarida ko‘chki xavfi nihoyatda yuqori darajaga ko‘tarildi, deyiladi xabarda. Avvalroq Fransiyaning AFP axborot agentligi ehtimoliy evakuatsiya haqidagi ogohlantirish Yaponiya g‘arbidagi ikki millionga yaqin odamga ta’sir qilgani haqida xabar bergan edi.

Xususan, Fukuoka janubi-g‘arbiy prefekturasidagi Kurume shahrida 115 mingga yaqin va shu nomdagi prefekturaning Kumamoto shahrida 360 ming kishi tegishli ogohlantirish oldi.

Ob-havo sharoiti tufayli bir qator hududlarda infratuzilma shikastlangan. Shu tariqa, Yaponiya g‘arbidagi Yamaguti prefekturasida kuchli yomg‘ir tufayli temiryo‘l aloqasi uzilib qoldi, Mine shahrida esa daryo orqali o‘tuvchi temiryo‘l ko‘prigi qulab tushdi.

Yaponiya janubi-g‘arbida har yili yozda kuchli yomg‘ir yog‘adi, bu esa daryolar toshqini, keng hududlarni suv bosishi, ko‘chkilar va odamlarning qurbon bo‘lishiga olib keladi. Tokiodagi Milliy meteorologiya xizmati kuchli yomg‘ir 4 iyul kuni ham davom etishi haqida ogohlantirmoqda.

Mavzuga oid