12:36 / 12.07.2023
5785

Shimoliy Koreya uzoq masofali ballistik raketani sinovdan o‘tkazdi

Raketa Yaponiyaning maxsus iqtisodiy zonasi tashqarisidagi dengizga qulagan bo‘lishi mumkin. Parvoz masofasi 1000 kmni tashkil etdi, raketa uni 74 daqiqada bosib o‘tdi.

Foto: cbc

Oxirgi parvoz amalga oshirilganidan qariyb bir oy o‘tib Shimoliy Koreya yana uzoq masofali ballistik raketani sinovdan o‘tkazdi. Bu haqda 12 iyul, chorshanba kuni Janubiy Koreya qurolli kuchlari shtab boshliqlari qo‘mitasi ma’lumotlariga tayanib, Reuters agentligi xabar bermoqda. Sinov haqidagi ma’lumotni yapon harbiylari tasdiqladi.

Parvoz masofasi 1000 kmni tashkil etdi, raketa uni 74 daqiqada bosib o‘tdi. Bu Shimoliy Koreya raketalari uchirilishi tarixidagi eng uzoq parvozdir, deb xabar berdi TV Asahi Yaponiya Mudofaa vazirligiga tayanib. Raketa Yaponiyaning maxsus iqtisodiy zonasi tashqarisidagi dengizga qulagan bo‘lishi mumkin, deya ma’lum qildi NHK telekompaniyasi.

Bu 2023 yildagi o‘n ikkinchi raketa sinoviga aylandi. Shimoliy Koreya bu yil birinchi marta qattiq yoqilg‘idagi qit’alararo ballistik raketani uchirdi. Harbiy ayg‘oqchi sun’iy yo‘ldoshni yangi raketa yordamida koinotga uchirishga urinish muvaffaqiyatsiz yakunlangandi. Shu bilan birga, BMT Xavfsizlik kengashi rezolyutsiyalari Shimoliy Koreyaga ballistik raketa texnologiyasidan foydalanishni, jumladan sun’iy yo‘ldoshlarni uchirishni taqiqlaydi. 

So‘nggi paytlarda Koreya yarimorolida harbiy taranglik kuchaygan. Pxenyandagi kommunistik rahbariyat bir necha bor mintaqada harbiy vaziyatni keskinlashtirish bilan tahdid qilgan, deb eslatadi AFP axborot agentligi. 

Xususan, bir kun avval Koreya Mehnat partiyasi markaziy qo‘mitasi rahbari va Shimoliy Koreya yetakchisining singlisi Kim Yo Chjon AQSh razvedka samolyoti Shimoliy Koreya havo hududini yana buzib kirsa, Vashington Pxenyanning javob harakatlariga duch kelishi haqida ogohlantirgan edi.

«Qasddan shunday harakatlar takrorlansa, bu AQSh qo‘shinlari uchun juda xavfli parvoz bo‘ladi», deyiladi Kim Yo Chjonning KCNA davlat axborot agentligi tomonidan e’lon qilingan bayonotida. Pxenyan shuningdek, Janubiy Koreyada AQSh yadroviy suvosti kemasining joylashtirilishi rejalashtirilayotganini ham tanqid qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu Koreya yarimorolidagi vaziyatni «yadroviy mojaro ostonasi»ga yaqinlashtiradi.

Aprel oyida Vashington Seul bilan Janubiy Koreyaning yadro qalqonini mustahkamlash bo‘yicha kelishuvga erishgan edi. Janubiy Koreyada so‘nggi o‘n yilliklarda birinchi marta AQShning yadroviy suvosti kemasi to‘xtab o‘tishi rejalashtirilgan. Aniq sana belgilanmagan. 

Mavzuga oid
Top