Markaziy Osiyoda 3 kun termik depressiya kuzatildi. Bu qanday jarayon?
O‘zbekistonda 11-13 iyul kunlari termik depressiya kuzatildi. Shu kunlari issiq harorat Qizilqum cho‘llarida 46 darajagacha chiqdi. Termik depressiya nima va undan qanday himoyalanish kerak?
Termik depressiya yoki Eron issiq havo massalari
Yozgi termik depressiya - troposferaning quyi qismidagi past bosimli zonada yuz beradigan sinoptik hodisa. Bulutsiz issiq ob-havoda ro‘y beradigan siklonlarning harakati tufayli kelib chiqadi. Bunda yer yuzasining kuchli isishi natijasida issiq havo tepaga ko‘tariladi. Bu esa o‘sha mintaqada bosimning pasayishiga olib keladi. Va havo yuqori bosimli hududlardan past bosimli hududlarga tomon to‘plana boshlaydi.
Termik depressiya fanda “Eron issiq havo massalari” ham deyiladi. Bu havo massalari Markaziy Osiyoda kuzatilgan vaqt o‘rtacha sutkalik havo harorati shu kun uchun xos ko‘p yillik o‘rtacha haroratdan +6 +7 daraja yuqorilab ketadi.
Bu havo massalari cho‘l hududlarida kunduz kuni havo haroratining +43 darajagacha, voha hududlarida esa +40 darajagacha ko‘tarilishiga olib keladi. Kechasi ham havo haroratining yuqorilashi va tabiiyki kechqurun havodagi nisbiy namlikning yuqoriroq bo‘lishi, insonlarda kechki harorat ta’sirida ma’lum noqulayliklar keltirib chiqaradi
Bir so‘z bilan aytganda, termik depressiya bu – past bosimli issiq havo oqimi. Bunda kechalari ham havo harorati minimumi yuqori kuzatiladi. Katta hududlarda havo quruqlashib, havo qurg‘oqchiligini oshiradi.
Termik depressiyaning yana bir xususiyati uning faol bosqichida kechga borib va kechasi daraxt shoxlari va barglari shamoldan umuman shitirlamaydi. Hatto mahalliy xususiyatga ega shabada ham esmaydi.
Undan tashqari, bu jarayon kuzatilgan payt baland tog‘larda ham yomg‘ir yog‘maydi.
Yer yuzining qaysi hududlarida ko‘proq kuzatiladi?
Termik depressiya Markaziy Osiyoning janubiy-sharqida sodir bo‘ladi. Odatda, 2-3 kun, ba’zan, butun tabiiy sinoptik davrga cho‘ziladi. Ayrim yillarda yozgi Termik depressiya bir xilda takrorlanmaydi, ammo qancha tez-tez va uzoq davom etsa, yoz shuncha issiq keladi. Oddiy sharoitda Markaziy Osiyoning tekislik va tog‘oldi qismlarida havoning eng yuqori harorati yozda 35-40° gacha ko‘tarilsa, yozgi termal depressiya avjiga chiqqan paytlarda vohalarda 43-45° gacha, cho‘llarda 48-50° gacha ko‘tariladi.
Shuningdek, tropik iqlim mintaqali hududlar, suv bilan o‘ralgan keng qoyali orollarda ham termik depressiya jarayonlari kuzatiladi.
Hindiston yarimorolida ham mavsumiy termik depressiyalar bo‘ladi. Bundan tashqari, bu hodisa Sibir, Pireney yarimoroli va AQShning janubi-g‘arbiy qismidagi qurg‘oqchil hududlarida ham uchraydi.
O‘zbekiston hududida termik depressiya
O‘zgidromet xizmati 11 iyuldan boshlab O‘zbekiston bo‘ylab termik depressiya bo‘lgani haqida o‘z kuzatuvlarini ma’lum qildi. Unga ko‘ra, 11-13 iyul kunlari issiq maksimal rivojlanish ko‘rsatkichlariga yetgan. Havo harorati 40-42o gacha, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Xorazm, Buxoro, Navoiy, Qashqadaryo, Surxondaryo viloyatlarida 43-45o gacha, Qizilqum cho‘lining g‘arbida ba’zi joylarda 46o gacha ko‘tarilgan.
Bu jarayon yuqori o‘rkach rivojlanishi bilan tavsiflandi, bu bilan O‘zbekiston hududiga Turkmaniston orqali Eron hududlaridan issiq tropik havoning kirib kelishi kuchaydi.
Bu odatda O‘rta Osiyoning barcha hududlari bo‘yicha eng issiq ob-havo davri bilan bog‘liq bo‘lgan sinoptik jarayon bo‘lib, davomiyligi 2-3 kundan 5-7 kungacha o‘zgarib turadi, ayrim yillarda esa 1,5-2 haftagacha saqlanib turishi mumkin. O‘zbekistonda kuzatilgan kuchli issiq davr uzoq davom etmagan. 14 iyuldan respublikaning aksar qismida harorat pasayishni boshlagan.
Termik depressiyaning O‘zbekiston hududidagi rekord darajasi 1983 yilda kuzatilgan. O‘shanda Buxoro viloyatining “Oyoqog‘itma” cho‘l stansiyasida havo harorati +49.8 darajaga yetgan. Bu qiymat O‘zbekiston bo‘yicha hozircha mutlaq rekord ko‘rsatkich deb tan olingan.
Xuddi o‘sha yili Navoiy viloyatning “Mashiquduq” stansiyasida ham o‘ta yuqori haroratlardan biri +49.7 daraja qayd etilgan. Bu O‘zbekiston bo‘yicha hozirgacha kuzatilgan ikkinchi eng issiq ko‘rsatkich hisoblanadi.
Termik depressiyadan himoyalanish yo‘llari
Termik depressiya jarayonidan qanday himoyalanish bo‘yicha Sog‘liqni saqlash vazirligi o‘z tavsiyalarini bergan. Quyida ular bilan tanishishingiz mumkin.
● Ko‘chaga chiqayotganda ochiq rangli tabiiy matolardan tikilgan yengil libos kiyish, issiqdan saqlaydigan bosh kiyim, ko‘zoynak va soyabonlardan foydalanish maqsadga muvofiq.
● Imkon qadar yog‘li, dudlangan taomlarni iste’mol qilmaslik, tez buziladigan ovqatlardan ehtiyot bo‘lish kerak.
● Tanada suv balansini ushlab turish uchun kuniga o‘rtacha 2-3 litr suyuqlik (sovitilgan ko‘k choy, gazsiz mineral suv, qatiq, mevali ichimliklar, quritilgan mevalarning qaynatmalari) ichish tavsiya etiladi.
● Gazlangan, energetik va alkogol ichimliklar, qahva iste’mol qilish mumkin emas.
● Kun davomida iliq dush qabul qilish, vaqti-vaqti bilan badanni sovuq suvda namlangan dastro‘mol bilan artib turish ham tanani haddan ziyod qizib ketishdan saqlaydi.
● Jazirama payti quyosh urishi — eng xavfli holat bo‘lib, jabrlanuvchida ko‘ngil aynishi, qusish, burundan qon ketishi, ko‘rish qobiliyatining buzilishi, yurak urishi va nafas olish kuchayadi. Unga salqin ichimlik yoki qatiq ichirish va zudlik bilan shifokorga murojaat qilish lozim.
● Anomal issiq harorat kuzatilgan paytda imkon qadar to‘g‘ridan to‘g‘ri quyosh nuri tushadigan joyda jismoniy mehnat bilan shug‘ullanmaslik tavsiya etiladi. Buning imkoni bo‘lmasa, quyoshdan himoyalanish uchun bosh kiyim kiyish, ora-ora salqin joyda dam olish maqsadga muvofiq.
Mavzuga oid
10:27 / 13.11.2024
14 noyabr kuni yog‘ingarchilik kutilmaydi, tuman tushishi mumkin
10:23 / 12.11.2024
13 noyabr kuni vaqti-vaqti bilan yomg‘ir yog‘adi
20:54 / 11.11.2024
Qozog‘iston bahorda Markaziy Osiyo davlatlaridan 11 milliard kub metr suv oladi
15:45 / 11.11.2024