08:31 / 19.07.2023
4201

Seul: Shimoliy Koreya ikkita qisqa masofali ballistik raketa uchirdi

Shimoliy Koreya tomonidan uchirilgan raketalar taxminan 550 km masofani bosib o‘tgan, shundan so‘ng ular Yapon dengiziga qulagan, deb xabar berdi Janubiy Koreya qurolli kuchlari shtab boshliqlari birlashgan qo‘mitasi.

Foto: Reuters

Shimoliy Koreya Yapon dengiziga ikkita qisqa masofali ballistik raketa uchirdi. Bu haqda 19 iyul, chorshanba kuni Janubiy Koreya harbiylariga tayanib, Yonhap agentligi xabar berdi.

Janubiy Koreya qurolli kuchlari shtab boshliqlari birlashgan qo‘mitasi ma’lum qilishicha, uchirish 19 iyul kuni mahalliy vaqt bilan soat 03:30 dan 03:46 gacha (Toshkent vaqti bilan 18 iyul, 23:30-23:46) Pxenyan yaqinidagi Sunandan amalga oshirilgan, raketalar taxminan 550 km masofani bosib o‘tgan, shundan keyin ular dengizga qulagan. 

Qo‘mita bu harakatni nafaqat Koreya yarimorolida, balki xalqaro hamjamiyatda tinchlikka putur yetkazuvchi «provokatsiya harakatlari» va BMT Xavfsizlik kengashi rezolyutsiyalarining «ochiq-oydin» buzilishi sifatida qoraladi. Koreya Respublikasi qurolli kuchlari «Shimoliy Koreyaning har qanday provokatsiyasiga» javob qaytarish uchun «kuchli jangovar shaylikni» saqlab qoladi», deya ma’lum qildi Seul. 

Uchirish 18 iyul kuni Seulda Janubiy Koreya va Qo‘shma Shtatlar qo‘shma yadroviy maslahat guruhining birinchi yig‘ilishini o‘tkazganidan so‘ng amalga oshirildi, deya xabar beradi Yonhap. 

Mavzuga oid
Top