Jahon | 13:19 / 23.07.2023
26463
13 daqiqa o‘qiladi

Svetoforlar qachon paydo bo‘lgan? Chorrahalardagi tartibni belgilovchi asosiy uskuna tarixi

Dunyodagi ilk svetofor avtomobillar harakatini emas, piyodalar oqimini nazorat qilish uchun o‘rnatilgan. O‘shandan buyon 155 yil o‘tdi va bugun svetoforlar turli transport vositalarini va piyodalar harakatini tartibga soluvchi asosiy uskunaga aylandi.

Foto: Kun.uz

Bugun ko‘chalarni, yo‘llarni, chorrahalarni svetoforsiz tasavvur qilish qiyin. Yirik shaharlarda istalgan chorrahada svetofor bir zum ishlamay qolsa, birpasda tartibsizlik yuzaga keladi.

Ilk paydo bo‘lganida asosan qo‘lda boshqarilgan svetoforlar bugun elektron tarzda ishlaydi. Ilk svetofor avtomobillar emas, piyodalar oqimini nazorat qilgan.

Keyinchalik avtomobillar ommalashuvi ortidan svetoforlar asosan to‘rt g‘ildirakli transport vositalari harakatini muvofiqlashtirgan. Keyinchalik, poyezdlar va kemalar harakatini tartibga solish uchun ham svetoforlardan foydalanilgan.

Svetofor tarixi

Svetofor so‘zi o‘zbek tiliga rus tilidan kirib kelgan bo‘lib, u rus tilidagi «svet» - rang va grekcha «foros» tashuvchi so‘zlarining birikmasidan yasalgan. Dunyoda eng keng tarqalgan ingliz tilida svetofor Traffic light deyiladi.

Dunyodagi ilk svetofor 1868 yil 10 dekabrda Buyuk Britaniya poytaxti London shahrida, Buyuk Britaniya parlamenti binosi yaqinida piyodalar oqimini nazorat qilish uchun o‘rnatilgan.

Dunyodagi birinchi svetofor Londonda o‘rnatilgan va u piyodalar harakatini nazorat qilgan.
www.nbcnews.com

Temiryo‘l semaforlari mutaxassisi Jon Pik Nayt uning ixtirochisi hisoblanadi. Ilk svetofor ikkita – yashil va qizil rangli ko‘rsatkichdan iborat bo‘lib, u qo‘lda boshqarilgan. Ko‘rsatkichlar ko‘tarilib-tushirilib, yo‘lovchilar oqimini nazorat qilgan.

Sutkaning qorong‘i paytida svetofordagi ranglar yaqqol ko‘rinib turishi uchun ular avvaliga gaz fonarlari bilan yoritilgan. Keyinchalik bunday svetoforlar Yevropadagi boshqa shaharlarga ham o‘rnatila boshlanadi.

1869 yilda Londonda o‘rnatilgan svetoforlardan birida gaz fonar portlab yonib ketadi va uni nazorat qilayotgan politsiyachini jiddiy jarohatlaydi.

Shundan so‘ng Yevropada svetoforni gaz fonar bilan jihozlashni emas, balki svetoforlarning o‘zini o‘rnatishni taqiqlashadi. Shu tariqa «ko‘hna qit’a»da ancha yillar davomida ko‘chalarga svetofor o‘rnatish to‘xtab qoladi.

1910 yilda Chikago shahrida yashovchi Ernst Sirrin tomonidan avtomat tarzda ishlaydigan svetofor ixtiro qilinadi. Unda ikki xil - Stop (To‘xtang) va Proceed (Davom eting) yozuvlari bor edi. Bu svetofor ham Londondagiga o‘xshab ko‘rsatkichli edi.

www.vintag.es

1912 yilda AQShning Yuta shtatidagi Solk-Leyk-Siti shahrida avtomat tarzda ishlaydigan ilk elektr svetofor o‘rnatiladi. Uning ixtirochisi shu shahar fuqarosi Lester Vayl hisoblanadi. U Ernst Sirrinning ixtirosidan bexabar bo‘lgan.

Vaylning svetofori ikki xil qizil va yashil ranglarda yonib o‘chadigan dumaloq shakldagi chiroqlardan iborat edi. Ular elektr yordamida navbati bilan yonib o‘chardi. O‘sha paytda Lester o‘z ixtirosiga patent olmaydi.

1914 yil 5 avgust kuni AQShdagi Klivlend shahridagi chorrahalardan biriga svetofor ishlab chiqaruvchi kompaniya tomonidan to‘rtta elektr svetofor o‘rnatiladi. Ushbu svetoforning ixtirochisi Jyeyms Xog edi.

Bu svetofor ham ikki xil, qizil va yashil ranglarda ishlar, uni maxsus budkada o‘tirib politsiyachi boshqarardi. Mazkur svetoforda qizil chiroq yonib turganda boshqalarga xalaqit bermagan holda o‘ngga qayrilish mumkin edi. (Taqqoslash uchun, bunday amaliyotdan O‘zbekistonda 2010 yildan so‘ng qo‘llana boshlandi) To‘g‘riga ketadiganlar va chapga buriladiganlar uning yashil chirog‘ida harakatlanardi.

Hozirgi ko‘rinishdagi uch xil rangda ishlaydigan ilk svetoforlar 1920 yilda ixtirochilar Uilyam Pots va Jon F.Harris tomonidan tayyorlanadi. Ular eng birinchi AQShning Detroyt hamda Nyu-York shaharlaridagi chorrahalarga o‘rnatilgan. O‘sha paytda Pots va Harris ham o‘z svetoforiga patent olmaydi.

AQShda uch xil rangda ishlaydigan svetoforga ilk patentni 1923 yilda Garret Morgan oladi. U avtomobil va ot qo‘shilgan aravaning to‘qnashuviga guvoh bo‘lgach Pots va Harrisning ixtirosidan bexabar holda uch xil rangda yonadigan svetofor tayyorlaydi. Shu tariqa Garret Morgan svetofor uchun patent olgan birinchi ixtirochi sifatida tarixda qoladi.

Uchta rangda ishlaydigan ilk svetoforlardan biri
untappedcities.com

AQShda elektr energiyasi bilan ishlaydigan svetoforlar ommalasha boshlagach Yevropa mamlakatlarida ham unga qo‘yilgan taqiq va cheklovlar olib tashlanadi.

Uch xil rangda ishlaydigan svetoforlar Yevropada ilk bor 1922 yilda Parijda va Germaniyaning Hamburg shahrida o‘rnatiladi. Angliyaliklar birinchi bor o‘zlari kashf etgan svetoforning mukammal variantini ancha kech, 1927 yilda Vulverhempton shahrida o‘rnatishadi.

Sobiq ittifoqda ilk svetofor, aniqrog‘i ikki xil, qizil va yashil rangda ishlaydigan semafor 1930 yil yanvar oyida Leningrad (hozirgi Sankt-Peterburg) shahrida o‘rnatiladi. O‘sha yili dekabr oyida Moskva shahridagi chorrahalardan biriga birinchi svetofor o‘rnatiladi.

Biroz o‘tib bunday svetofor Leningradda ham paydo bo‘ladi. Boshqa shaharlarda esa chorrahalardagi avtomobillar oqimi va piyodalar harakatini asosan militsionerlar boshqarishadi.

O‘sha paytlarda militsionerlarning qo‘lida ola-bula tayoq bo‘lmagan va ular harakatni qo‘l bilan boshqarishgan.

Haydovchi va piyodalarga yaxshiroq ko‘rinishi uchun ko‘cha harakatini tartibga soluvchi militsionerlar tirsakkacha keladigan oq qo‘lqop kiyib olishi shart bo‘lgan. 1936 yilda qabul qilingan «SSSR yo‘llarida harakatlanish qoidalari»da bu majburiyat sifatida qayd etib qo‘yilgandi.

pikabu.ru

Keyinchalik 1939 yildan boshlab SSSRning turli shaharlarida ko‘cha harakatini boshqaradigan militsionerlar ola-bula rangdagi yog‘och tayoq ishlata boshlaydi.

1950-yillar oxirigacha SSSRdagi aksariyat shaharlarda chorrahalarni militsionerlar yog‘och kaltak yordamida boshqarardi. Aksariyat yirik shaharlarda esa ikki xil rangda ishlaydigan svetoforlar o‘rnatilgan va ularning soni sanoqli edi. Kichikroq shaharlarda svetoforlar umuman bo‘lmagan.

1959 yilda sovetlar yo‘l harakati bo‘yicha qabul qilingan xalqaro konvensiyaga qo‘shilishadi. Shundan so‘ng yirik shaharlardagi chorrahalarga uch xil rangdagi svetoforlar o‘rnatila boshlanadi.

Jahonning rivojlangan davlatlarida esa bu paytda avtomobillar harakatini nazorat qiladigan svetoforlar ommalashib bo‘lgandi.

Sobiq ittifoqda svetoforlar faqat o‘tgan asrning 60-yillariga kelib ommalashganiga sabab SSSRda aholining avtomobillarga egalik qilish ko‘rsatkichi juda past edi.

Masalan, 1960-yillarda AQShda har ming kishiga 400 ta avtomobil to‘g‘ri kelgan, SSSRda bu ko‘rsatkich bor-yo‘g‘i 5 ta mashinani tashkil etgan.

AQShning istalgan yirik shahrida avtomobillar ko‘chalarni to‘ldirib harakatlanganda SSSRdagi shaharlarda avtomobillar oqimi juda past edi. Shu sababli ham ko‘chalarga svetofor o‘rnatish shart bo‘lmagan va avtomobillar harakatini militsionerlar tartibga solgan.

Toshkent shahri ko‘chalarida xizmat qilgan Sardor Qosimov

SSSRdagi ilk svetoforlarni avvaliga davlat avtomobil nazorati (GAI) xodimlari boshqarib turishgan. Keyinchalik avtomatlashtirilgan tizim joriy qilingan va barcha svetoforlar o‘sha bilan boshqarilgan.

G‘arb davlatlarida avtomobillar harakatini tartibga soluvchi svetoforlar o‘rnatilib bo‘lingach, keyingi bosqichda ko‘chalarga piyodalar uchun svetofor o‘rnatila boshlanadi.

Piyodalar uchun yaratilgan ilk svetofor 1952 yil 5 fevral kuni Nyu-York shahrida o‘rnatiladi.

Piyodlar uchun yaratilgan svetoforlar bir xil rangda bo‘lib, unda ilk svetoforlarda bo‘lganidek  Stop (To‘xtang) va Proceed (Yuring) yozuvlari navbati bilan yonar edi.

1970-yillarda yozuvlar o‘rniga to‘xtab turgan yoki harakatlanayotgan odam shakli qo‘shiladi. Biroz o‘tib odam shakli qizil va yashil rangda yonadigan qilinadi.

1970-yillarning oxirida Yevropa va AQShda piyodalar uchun o‘rnatilgan svetoforlarni qo‘lda boshqariladigan qilib, unga tugma o‘rnatila boshlanadi.

Bunday svetoforlarda piyoda kelib tugmani bosguncha yashil chiroq yonib turaveradi. Tugma bosilganidan keyin qizil chiroq yonadi va haydovchilar piyodalarga yo‘l berish uchun to‘xtaydi.

Ma’lum muddatdan so‘ng unda avtomatik tarzda yashil chiroq yonadi va haydovchilar uchun yo‘lni ochadi. Bunday svetoforlar asosan piyodalar yo‘lakchasiga o‘rnatilgan.

Aksariyat yirik shaharlarda avtomobillardan chiqayotgan tutun bilan eng ifloslanadigan joy svetoforlar atrofi hisoblanadi. Avtomobillar svetoforda to‘xtab turganida va qo‘zg‘alayotganida odatdagidan ko‘proq tutun chiqadi.

Piyodalar yo‘lakchasiga tugmali svetoforlar o‘rnatila boshlanishi va odamlar tugmani bosmagancha yashil chiroq yonib turaverishi shu muammolarni birmuncha hal qildi. 

Bugungi kunda dunyoning aksar rivojlangan mamlakatlarida piyodalar yo‘lakchalariga tugmali svetofolar o‘rnatilgan.

ysia.ru

1990-yillardan boshlab dunyoning ilg‘or davlatlarida svetoforlarning chiroqlari kam energiya sarflovchi va yorug‘likni yaxshiroq beruvchi diodli chiroqlarga almashtirila boshlanadi.

Bugun, dunyoda barcha transport turlari harakatlanadigan yo‘llarda svetoforlardan foydalaniladi. Avtomobil, poyezd, tramvay, piyodalar barchasining harakatini svetoforlar tartibga solib turadi.

Keyinchalik dunyoning turli davlatlarida ko‘plab turdagi svetoforlar paydo bo‘ldi. Ular orasida ko‘zi ojizlar uchun ovozli, ranglarni ajrata olmaydiganlar uchun maxsus svetoforlar ham bor.

Ko‘zi ojizlar uchun mo‘ljallangan svetoforlarda qizil, sariq, yashil chiroqlar yonganda ular haqida ovozli xabar ham beriladi. Ko‘zi ojizlar ovozlardan foydalanib, ko‘chani kesib o‘tishadi.

www.shutterstock.com

Svetofor haqida qiziqarli ma’lumotlar

Yaponiyada ilk svetoforlarda yashil o‘rniga ko‘k rangdan foydalanishgan. Keyinchalik insonning ko‘zi ko‘k rangdan ko‘ra yashil rangni yaxshiroq ilg‘agani uchun ranglar almashtirilgan.

Londonda svetoforga yodgorlik o‘rnatilgan. Yodgorlik daraxt shaklida bo‘lib uning shoxlari svetoforlardan tashkil topgan.

Pragadagi kvartallardan birida tor yo‘lak bor. Unga faqat bir kishi sig‘adi. Ana shu yo‘lakning ikki tomoniga svetofor o‘rnatilgan. Yo‘lak orqali yurmoqchi bo‘lganlar svetoforga qarab harakatlanishadi.

Braziliyaning Rio-de-Janeyro shahrida haydovchilar tungi soat 22:00 dan tonggi soat 5:00gacha svetoforning qizil chirog‘ida ham harakatlanishlari mumkin. Bu shahar ko‘chalarida tunda juda ko‘p talonchilik sodir bo‘ladi. Hukumat haydovchilar talonchilarning o‘ljasiga aylanmasligi uchun tunda qizil chiroqda harakatlanishga ruxsat bergan.

Singapurda keksa yoshdagilar va nogironlar maxsus xaritali ilova bilan istalgan svetoforda qizil chiroq yonib turishini 13 sekundga uzaytirishlari mumkin. Bu ularning yo‘ldan xavfsiz o‘tib olishlari uchun qilingan.

Olimlarning hisob-kitoblariga ko‘ra yirik shaharlarda yashovchilar umrining olti oyini svetoforning yashil chirog‘i yonishini kutib o‘tkazishadi.

London shahridagi svetoforga o‘rnatilgan yodgorlik
www.alamy.com

Har yili 5 avgust kuni dunyoda Svetoforlar kuni nishonlanadi. Aynan shu kunda AQShning Klivlend shahrida hozirgi svetoforlarga o‘xshash svetofor o‘rnatilgan. Ko‘plab davlatlarda shu sana munosabati bilan turli ta’lim muassasalarida yo‘l-harakati qoidalari bo‘yicha tadbirlar o‘tkaziladi. Odamlarga qoidalar yozilgan broshyuralar tarqatiladi.

Svetoforlardagi qizil va sariq ranglar keyinchalik futbol o‘yinlari vaqtida shu ikki rangdagi kartochkalar qo‘llana boshlanishiga sabab bo‘lgan.

Ya’ni 1960-yillar oxirida ham futbol o‘yinlari paytida hakamlar ogohlantirishlarni faqat daftarchaga qayd etishardi.

1966 yilda Angliyada o‘tkazilgan futbol bo‘yicha jahon chempionatida Argentina va Angliya o‘zaro bahs olib boradi. O‘yin davomida hakam argentinalik Antonio Rattinni maydondan chetlatadi. Biroq futbolchi germaniyalik hakamning gapini tushunmaydi va tortishuv kelib chiqadi.

Bahsdan so‘ng angliyalik hakam o‘yin paytida futbolchilarga beriladigan ogohlantirishlarni svetoforda bo‘lgani kabi sariq va qizil kartochkalar ko‘rsatishni taklif qiladi. Taklif qabul qilinadi va shundan so‘ng ogohlantirish olgan futbolchilarga sariq va qizil ranglardagi kartochkalar ko‘rsatila boshlanadi.

G‘ayrat Yo‘ldosh tayyorladi.

Mavzuga oid