10:50 / 25.07.2023
5376

Vashington Kiyevga 400 mln dollargacha bo‘lgan yangi harbiy yordam paketi tayyorlamoqda

Qo‘shma Shtatlar Ukrainaga 400 million dollargacha bo‘lgan navbatdagi harbiy yordam paketini yuboradi, deb xabar bermoqda AP AQSh ma’muriyatidagi xabardor manbalarga tayanib. 

Foto: AP

Agentlik suhbatdoshlarining so‘zlariga ko‘ra, paketga HIMARS, NASAMS havo hujumidan mudofaa tizimlari uchun raketalar, Stinger va Javelin uchun o‘q-dorilar, Hydra-70 aviatsiya raketalari, Hornet razvedka uchuvchisiz uchoqlari, gaubitsa snaryadlari, 32 ta Stryker zirhli transportyorlari, shuningdek, minalardan tozalash uskunalari, minomyotlar va o‘qotar qurol uchun 28 million patron kiradi.

Qurollar prezidentning maxsus vakolatlari doirasida taqdim etiladi, bu Pentagonga ularni o‘z zaxiralaridan olish va Ukrainaga tezda yetkazib berish imkonini beradi. 

Bundan oldin AQSh Ukrainaga yangi harbiy yordam paketini taqdim etishini e’lon qilgandi, uning umumiy hajmi 1,3 milliard dollarni tashkil etadi. 

Yordam paketi to‘rtta NASAMS zenit-raketa tizimlari va ularga o‘q-dorilar, 152 millimetrli artilleriya snaryadlari, TOW tankka qarshi raketalar, yuqori aniqlikdagi aviatsiya o‘q-dorilari, Phoenix Ghost va Switchblade uchuvchisiz uchish apparatlari, shuningdek, dronlar va elektron urushlarga qarshi vositalarni o‘z ichiga oladi, deya xabar berdi Amerika Mudofaa vazirligi.

Bundan tashqari, Qo‘shma Shtatlar Ukraina uchun 150ta yonilg‘i quyish qurilmasi, 115ta texnikani tortish va tashish uchun taktik mashina, texnikani evakuatsiya qilish uchun 50ta taktik mashina, portlar va bandargohlarni himoya qilish va minalardan tozalash uchun uskunalar, shuningdek, taktik xavfsiz aloqa tizimlarini sotib oladi. 

Mavzuga oid
Top