08:02 / 14.08.2023
5598

Xitoy shimoli-g‘arbida sodir bo‘lgan ko‘chki oqibatida 21 kishi halok bo‘ldi

Mahalliy hokimiyat ma’lumotlariga ko‘ra, Sian shahri yaqinidagi qishloqda ko‘chki oqibatida olti kishi bedarak yo‘qolgan.

Foto: Zou Jingyi/AP/picture alliance

Xitoy shimoli-g‘arbidagi Shensi provinsiyasida sodir bo‘lgan ko‘chki oqibatida kamida 21 kishi halok bo‘ldi, deb xabar berdi Sian shahri favqulodda vaziyatlar boshqarmasi 13 avgust, yakshanba kuni. Yana olti kishi bedarak yo‘qolganlar ro‘yxatida. CCTV davlat telekanali avvalroq ikki kishi halok bo‘lgani va 16 kishi bedarak yo‘qolganligi haqida xabar bergan. 

Idora ma’lumotlariga ko‘ra, hodisa 11 avgust kuni Sian janubidagi Veytszipin qishlog‘idagi tog‘larda sodir bo‘lgan. Kuchli yomg‘ir tufayli joyidan qo‘zg‘algan toshlar ikki turar joy binosini vayron qilgan. Bundan tashqari, yo‘llar, ko‘priklar va elektr ta’minoti obektlariga zarar yetgan. 

Mahalliy hokimiyat organlari qidiruv-qutqaruv ishlarini tashkil etdi, unda 980 dan ortiq kishi qatnashyapti. Shu bilan birga, ofat zonasida aloqa va elektr ta’minoti tiklanmoqda.

Top