O‘zbekiston | 07:39 / 31.08.2023
3988
5 daqiqa o‘qiladi

Shavkat Mirziyoyev yangi tayinlangan xorijiy elchilarni qabul qildi

Kecha, 30 avgust kuni mamlakatga yangi tayinlangan xorijiy elchilar tomonidan ishonch yorliqlarini topshirish tantanali marosimi bo‘ldi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Xitoy elchisi Yuy Tszyun, Malayziya elchisi Ilhom Tua Bin Ilyos, Buyuk Britaniya elchisi Timoti Smart, Turkmaniston elchisi Shodurdi Meredov va Bangladesh elchisi Muhammad Monirul Islomdan ishonch yorliqlarini qabul qildi.

Davlat rahbari xorijiy diplomatik vakolatxonalarning yangi tayinlangan rahbarlarini O‘zbekistondagi faoliyati rasman boshlangani bilan samimiy qutladi. 

O‘zbekiston yetakchisi dunyoda geosiyosiy keskinlik kuchayib, o‘zaro ishonch susayib borayotgan, turli mintaqalarda yangi nizo o‘choqlari vujudga kelib, xavfsizlik va barqaror taraqqiyotga tahdidlar ortayotgan sharoitda O‘zbekiston ochiq va pragmatik tashqi siyosat yuritayotganini alohida ta’kidladi.

O‘zbekiston prezidenti Xitoydan yangi tayinlangan elchiga murojaat qilar ekan, Pekin ishonchli va vaqt bilan sinalgan do‘stlardan biri ekani, u bilan munosabatlar keyingi yillarda har tomonlama strategik sheriklik darajasiga ko‘tarilganini qayd etdi.

– Xitoy Xalq Respublikasi raisi Si Tszinpin janoblarining bir yil avval mamlakatimizga amalga oshirgan tarixiy davlat tashrifi hamda joriy yil may oyida Sian shahrida bo‘lib o‘tgan “Markaziy Osiyo – Xitoy” sammiti doirasidagi samarali uchrashuvimiz ikki tomonlama munosabatlarga kuchli sur’at bag‘ishladi, – dedi O‘zbekiston yetakchisi.

Malayziya – O‘zbekistonning Janubi-Sharqiy Osiyodagi muhim hamkori.

– Munosabatlarimiz o‘zaro hurmat va an’anaviy do‘stlik tamoyillari asosida izchil rivojlanmoqda. Davlatlarimizning dolzarb global va mintaqaviy masalalarga doir qarashlari va yondashuvlari o‘xshash yoki yaqin, – dedi O‘zbekiston prezidenti.

Elektronika va elektrotexnika, axborot texnologiyalari, oziq-ovqat sanoati, turizm, ta’lim va boshqa yo‘nalishlarda hamkorlikni yanada rivojlantirish, Malayziyaning yetakchi kompaniyalari, ayniqsa, neft-kimyo korxonalari bilan sheriklik aloqalarini kengaytirish muhimligi ta’kidlandi.

Jahonda ulkan siyosiy, iqtisodiy va intellektual salohiyatga ega Buyuk Britaniya O‘zbekistonning uzoq muddatli va muhim hamkoridir.

O‘zbekiston rahbari mamlakat investitsiyalar va innovatsiyalar sohasidagi ishga solinmagan ulkan salohiyatni to‘liq ro‘yobga chiqarishdan manfaatdor ekanini qayd etib, bank ishi va moliya, raqamli iqtisodiyot, “yashil” energetika, geologiya, kimyo va boshqa ustuvor yo‘nalishlarda yangi qo‘shma loyihalarni amalga oshirish taklifini bildirdi.

Turkmaniston – eng yaqin qo‘shni. Tili, dini va urf-odatlari mushtarak bo‘lgan xalqlar ko‘p asrlar davomida yonma-yon yashab kelmoqda. Mamlakatlar o‘rtasidagi munosabatlar keyingi yillarda barcha yo‘nalishlarda – siyosat, parlamentlararo aloqalar, savdo va iqtisodiyot, transport, energetika, suv va qishloq xo‘jaligida, madaniy-gumanitar sohada yangi darajaga ko‘tarilgani mamnuniyat bilan qayd etildi.

– Biz savdo aloqalarini kengaytirish, iqtisodiy sohada hamkorlikni mustahkamlash va aniq loyihalarni amalga oshirish, yuk tashish va tranzit hajmini ko‘paytirish uchun ulkan salohiyatga egamiz, – dedi O‘zbekiston yetakchisi.

Ko‘p qirrali aloqalarni, jumladan, Birlashgan Millatlar Tashkiloti, boshqa yetakchi xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar doirasidagi yaqin muloqotni va o‘zaro qo‘llab-quvvatlash amaliyotini davom ettirish niyati bildirildi.

Bangladesh – Janubiy Osiyo va butun islom olamida tez rivojlanayotgan davlat. Mamlakatlar o‘rtasidagi muloqotlar faollashgan. Siyosiy va savdo-iqtisodiy yo‘nalishlarda “yo‘l xaritalari” qabul qilingan. To‘qimachilik, qishloq xo‘jaligi, farmatsevtika, turizm tarmoqlarida sheriklikni kengaytirish, yangi investitsiya loyihalari va qo‘shma dasturlarni amalga oshirish istiqbollari belgilab olingan.

Marosim yakunida O‘zbekiston prezidenti elchilarga mas’uliyatli va sharafli faoliyatida katta muvaffaqiyatlar tiladi, mamlakatlar va xalqlar o‘rtasidagi munosabatlarni yanada yuksaltirish uchun faolroq ishlash va hududlarga ko‘proq borishga chaqirdi.

Mavzuga oid