Gurjistonda prezidentga impichment e’lon qilish jarayoni boshlandi
Impichment jarayoni Gurjistonda hukmronlik qilayotgan «Gurjiston orzusi» partiyasi tomonidan boshlangan. U Salome Zurabishvilini hukumat bilan kelishilmagan xorij safarlari tufayli konstitutsiyani buzganlikda ayblayapti.
Gurjistondagi hukmron «Gurjiston orzusi» partiyasi davlat rahbari Salome Zurabishviliga qarshi impichment jarayonini boshlamoqda, deb xabar berdi partiya raisi Irakliy Kobaxidze. «Partiya siyosiy kengashi yig‘ilishida biz Yevropaga tashriflarni hukumat bilan muvofiqlashtirmay, mamlakat Konstitutsiyasini buzgan prezident Salome Zurabishviliga qarshi impichment jarayonini boshlashga qaror qildik», — dedi u 1 sentabr, juma kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida.
Shu bilan birga, Kobaxidzening ta’kidlashicha, parlamentdagi siyosiy kuchlar pozitsiyasiga asoslanib, impichmentda muvaffaqiyat qozonish mumkin emas, chunki 150 tadan 100 ta ovoz zarur, hukmron partiya esa muxolifatning qo‘llab-quvvatlashisiz bunday raqamni ta’minlay olmaydi. Shunga qaramay, impichment jarayonini boshlash «partiyaning konstitutsiyaviy burchidir», dedi u. Kobaxidze, shuningdek, «Gurjiston orzusi» prezident konstitutsiyani buzganligi fakti yuzasidan Konstitutsiyaviy sudga murojaat qilishini aytdi.
«Kelishilmagan tashrif»
«Gurjiston orzusi» Zurabishvili hukumat ruxsatisiz xorijga safarga chiqib, asosiy qonunni buzganini da’vo qilmoqda. Gurjiston konstitutsiyasining 52-moddasiga muvofiq, prezident tashqi munosabatlarda vakillik vakolatlarini amalga oshiradi, vazirlar mahkamasi roziligiga ko‘ra xorijiy davlatlar va xalqaro tashkilotlar bilan muzokaralar olib boradi.
Salome Zurabishvili prezident Frank-Valter Shtaynmayyer bilan muzokaralar o‘tkazish uchun 31 avgust kuni Germaniyaga bordi. U Gurjistonga Yevropa Ittifoqiga nomzod maqomi berilishini qo‘llab-quvvatlash maqsadida Yevropa yetakchilari bilan qator uchrashuvlar o‘tkazmoqda. Tbilisidagi hukumat bu safarni ma’qullamadi.
Zurabishvili Shtaynmayyerga X platformasidagi (sobiq Twitter) mikroblogida uchrashuv uchun minnatdorchilik bildirdi va Germaniyadan ko‘mak muhim bo‘lishini ta’kidladi. «Gurjiston xalqi o‘zining Yevropadagi kelajagiga ishonadi», deya qo‘shimcha qildi u.
Prezident va «Gurjiston orzusi» o‘rtasidagi ziddiyat
Gurjiston vazirlar mahkamasi Salome Zurabishvilining boshqa amaliy tashriflari bo‘yicha ham rozilik bermagan: 22-24 avgust kunlari Ukrainaga, sentabrda Shveytsariya va Bolgariyaga, oktyabrda Polsha, Belgiya va Daniyaga, shuningdek, dekabr oyida Birlashgan Arab Amirliklari, Chexiya va Isroilga.
Salome Zurabishvili 2018 yilning noyabrida bo‘lib o‘tgan prezidentlik saylovlarida g‘alaba qozongan edi. Rasmiy ravishda u mustaqil nomzod sifatida ko‘rsatilgan, ammo uni «Gurjiston orzusi» qo‘llab-quvvatladi. Keyinchalik, davlat rahbari va siyosiy kuch o‘rtasidagi munosabatlar Rossiya-Ukraina urushi va Moskva bilan munosabatlardagi kelishmovchiliklar fonida yomonlasha boshladi.
Gurjiston Ukraina va Moldova bilan deyarli bir vaqtda Yevropa Ittifoqiga a’zo bo‘lish uchun ariza topshirgan. 2022 yil iyun oyida Ukraina va Moldova YeI a’zoligiga nomzod bo‘ldi, biroq Gurjiston bu maqomni olmadi. Bryussel Gurjistonga uni «qolgan ustuvor vazifalar hal etilishi bilanoq» taqdim etishga va’da berdi.
Mavzuga oid
07:50 / 19.11.2024
YeI Gurjiston hukumatiga ajratilgan 121 mln yevroni qaytarib oldi
22:49 / 18.11.2024
Gurjiston prezidenti parlament saylovlaridagi qonunbuzarliklar sabab Konstitutsiyaviy sudga da’vo kiritadi
14:00 / 16.11.2024
Gurjistonsiz 30 yil: Abxaziya va Janubiy Osetiya qanday yashamoqda?
13:37 / 06.11.2024