08:12 / 04.09.2023
3324

BMT Qishloq xo‘jaligini rivojlantirish jamg‘armasining O‘zbekistondagi yangi direktori tayinlandi

Laura Mattioli joriy yil sentabr oyida o‘z lavozimiga kirishadi.

Foto: Dunyo AA

Joriy yilning 31 avgust kuni O‘zbekiston elchisi Otabek Akbarov va BMTning Qishloq xo‘jaligini rivojlantirish xalqaro jamg‘armasining (IFAD) Yaqin Sharq, Shimoliy Afrika, Yevropa va Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy direktori Dina Salex o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo”.

Muloqotda so‘nggi yillarda o‘zaro munosabatlarning jadal suratlarda rivojlanayotgani ta’kidlandi. Joriy yilning boshida jamg‘arma tomonidan O‘zbekiston uchun umumiy qiymati 600 million dollar bo‘lgan besh yillik mamlakat strategiyasi qabul qilingani, shuningdek, jamg‘armaning Toshkentda vakolatxonasi ochilishi to‘g‘risidagi qarori muhim qadam bo‘ldi.

Uchrashuvda Dina Salex jamg‘arma tomonidan yangi tayinlangan O‘zbekiston bilan muloqot bo‘yicha direktori Laura Mattiolini tanishtirib, uning xalqaro tashkilotlardagi boy tajribasi bilan mamlakat qishloq xo‘jaligida amalga oshirilayotgan izchil islohotlarga munosib hissa qo‘shishiga ishonch bildirdi.

Laura Mattioli joriy yil sentabr oyida o‘z lavozimiga kirishishi hamda jamg‘armaning O‘zbekistondagi investitsiya portfelini muvaffaqiyatli amalga oshirish va uni yanada kengaytirishga tayyorligini ma’lum qildi.

Uchrashuvda mamlakatda meva-sabzavotchilik va chorvachilik tarmog‘ida amalga oshirilayotgan loyihalarning bugungi holati to‘g‘risida fikr-almashildi. Ushbu loyihalar dehqon va fermer xo‘jaliklarida mahsulot yetishtirishni ko‘paytirishga va ularning daromadini yanada oshirishga ko‘mak berayotgani ta’kidlandi.

BMT Qishloq xo‘jaligini rivojlantirish xalqaro jamg‘armasi 1977 yilda Rimda tashkil topgan bo‘lib, uning asosiy maqsadi rivojlanayotgan mamlakatlarda dehqon va oilaviy xo‘jaliklarni qo‘llab-quvvatlashdan iborat.

Jamg‘armaga 178 ta davlat a’zo bo‘lib, uning dunyo bo‘ylab 40 dan ortiq vakolatxonalari mavjud. O‘zbekiston mazkur xalqaro moliya institutiga 2011 yilda a’zo bo‘lgan. 

Top