17:03 / 08.09.2023
7379

Oziq-ovqat xavfsizligi bo‘yicha nufuzli xalqaro konferensiya yakunlandi - xulosalar

Samarqandda ikki kun mobaynida o‘tkazilgan oziq-ovqat xavfsizligi bo‘yicha Xalqaro konferensiya o‘z ishini yakunladi. Unda qariyb 2 mlrd AQSh dollariga teng kelishuvlar imzolandi.

Samarqanddagi dunyo ahamiyatiga molik sammitlar, konferensiyalar va boshqa tadbirlarning o‘tkazish maskaniga aylanib qolgan «Ipak yo‘li» turizm markazida konferensiyaning ikkinchi kunida «Markaziy Osiyo va Kavkazda qishloq xo‘jaligi tadqiqotlari va innovatsiyalar» mavzusida ilmiy forum, shuningdek, O‘zbekiston agrooziq-ovqat investitsiya forumi ham o‘tkazildi.

Qayd etish kerak, oziq-ovqat xavfsizligi bo‘yicha xalqaro konferensiyaning tashkil qilinishi O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Sh.Mirziyeyovning bir yil avval o‘tgan ShHT sammitida ko‘rsatgan tashabbusi tufayli yuz berdi.

Nufuzli anjuman BMTning oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti — FAO’ning texnik ko‘magi bilan tashkillashtirildi. Unda 30 dan ortiq davlatdan vazirlar va diplomatlar, Shanxay hamkorlik tashkiloti, Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti, Jahon banki, Oziq-ovqat xavfsizligi bo‘yicha Islom tashkiloti, Osiyo taraqqiyot banki va boshqa xalqaro tashkilotlar, moliya institutlari hamda ilmiy tashkilotlarning vakillari ishtirok etishdi. 

Konferensiyadan ko‘zlangan maqsad   

 Kun.uz muxbirining shu savoliga javob berar ekan, O‘zbekiston Respublikasi qishloq xo‘jaligi vaziri Azir Voitov dunyo hamjamiyati oldida turgan asosiy masalalarni birgalikda qayta ko‘rib chiqish va mavjud muammolarga birgalikda yechim topishdan iboratligini ta’kidladi.

Gf9MYbvcLvVNsaNZN4ray2-qKCtn3DDp.jpg (900×600)

«Munozara va muzokaralardan ko‘zlangan asosiy maqsad davlatlarning oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, ochlikni bartaraf etish yo‘nalishida olib borilayotgan ishlar bilan tanishish, tajriba almashish va asosiy masalalarga yechim topishdan iborat.

Bundan tashqari, BMTning oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti — FAO bilan birgalikda, ularning strategiyasidan kelib chiqib, oziq-ovqat xavfsizligini monitoring qilish masalasi ko‘rilgan. Mahsulotlar yetishtirilayotgani va ularning iste’molini oldindan ko‘rish, prognoz va tahlil qilish orqali oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash choralarini ko‘rishni yo‘lga qo‘yamiz», — dedi Aziz Voitov.

Albatta, konferensiya davomida O‘zbekistonda so‘nggi yillarda qishloq xo‘jaligini yuksaltirish sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar, tajribalar bilan o‘rtoqlashish, bo‘lishish, kerakli tajribalarni o‘zlashtirish, bu soha bo‘yicha davlatlararo hamkorlikni yo‘lga qo‘yish ham maqsad qilingan.

Jahonda oziq-ovqat xavfsizligi muammolari

Lotin tilida «Fiat panis» («Non bo‘lsin») shiori ostida faoliyat ko‘rsatib kelayotgan FAO ma’lumotlariga ko‘ra, jahonda oziq-ovqat xavfsizligi mo‘’tadil yoki o‘tkir mavjud bo‘lmagan sharoitda ayni paytda 2,3 mlrd inson yashamoqda. Ularning 556 million nafari (25 foizi) Osiyo qit’asida yashaydi.

Jahondagi so‘nggi yillardagi geosiyosiy vaziyat bilan bog‘liq tebranishlar, albatta, oziq-ovqat xavfsizligi uchun ham yetarli tahdidlar paydo qilgan. Birgina Ukrainadagi urush Afrika qit’asida ocharchilik xavfini keltirib chiqarmoqda.

Mavjud va bo‘lajak tahdidlarni bartaraf etish va jilovlash yuzasidan FAO beshta ustuvor yo‘nalishni belgilab olgan:

  • Ochlikka, oziq-ovqat xavfsizligi yo‘qligi va to‘yib ovqatlanmaslikka qarshi kurashishga ko‘maklashish;
  • Qishloq xo‘jaligi, o‘rmon xo‘jaligi va baliq xo‘jaligi mahsuldorligi hamda barqarorligini oshirish;
  • Qishloq joylarda qashshoqlik darajasini qisqartirish;
  • Agrooziq-ovqat tizimlarining inklyuzivligi va samaradorligini ta’minlash;
  • Krizislar va tahdidlarga qaramasdan yashab qolish uchun vositalarni kuchaytirish.

Ayni paytda global iqlim isishi, unumdor yerlarning degradatsiyaga uchrashi, qurg‘oqchilik, yog‘in-sochinlar, yong‘inlar, urushlar va boshqa tabiiy ofatlar natijasida ekin yerlariga va yetishtirilayotgan mahsulotlarga zarar yetishi — bularning barchasi global miqyosda oziq-ovqat xavfsizligiga putur yetkazuvchi omillardan ekani sanalmoqda.

Buning uchun global logistikani yo‘lga qo‘yish, oziq-ovqat mahsulotlarini to‘siqsiz yetkazuvchi «yashil yo‘laklar» barpo etish, sifatli oziq-ovqat mahsulotlari yetishtirish, yetishtirilayotgan donli o‘simliklar, meva-sabzavotlarning hosildorligini, turli tabiiy tashqi ta’sir, ofat va kasalliklarga chidamliligini oshirish kabi masalalar kun tartibida bo‘lib turibdi.

Bu muammolarga yechim topish uchun nafaqat qishloq xo‘jaligi sohasi hamkorligi, balki davlatlarning boshqa idoralari hamkorligi ham yo‘lga qo‘yilishi taqozo etiladi.

Bu borada O‘zbekiston tomonining tashabbuslaridan yana biri — Markaziy Osiyodagi qo‘shni davlatlarimizning shu yo‘nalishdagi birgalikda umumiy hamkorligini yo‘lga qo‘yish bo‘ldi. Kooperatsiya tizimini yo‘lga qo‘yish asosida birgalikda mahsulot yetishtirish, mahsulot ayirboshlash kabi masalalar Markaziy Osiyo mintaqasida o‘z yechimini topadi. 

Xalqaro hamkorlik

Konferensiya doirasida O‘zbekistonda sifatli oziq-ovqat mahsulotlari yetishtirish bo‘yicha xalqaro hamkorlik o‘rnatish yuzasidan ham muzokaralar bo‘lib o‘tdi.

Italiya qishloq xo‘jaligi, oziq-ovqat va o‘rmon vaziri Franchesko Lollobrijida O‘zbekiston bilan nasldor chorvachilikni rivojlantirish masalasida hamkorlikni kuchaytirish haqida ta’kidlab, kelgusida ushbu yo‘nalishda birgalikda qo‘shma korxonalar tashkil etish imkoniyati borligini aytdi. Har ikki davlat vazirliklari o‘rtasida nasldor chorvachilikni rivojlantirish bo‘yicha muzokaralar ham bo‘lib o‘tgan.

Whob8RZ5C2mfvbP_9Pz2Wh4qlAZVC0tb.jpg (900×600)

Germaniyaning parrandachilikka ixtisoslashgan Big Dutchman International GmbH kompaniyasi savdo ishlari bo‘yicha direktori Shtefan Hinners  kelgusida o‘zbekistonlik parrandachilik bilan shug‘ullanayotgan fermerlarni moliyalashtirish bo‘yicha 50 million yevro miqdoridagi loyihani amalga oshirishni niyat qilganini oshkor etdi.

«O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi vazirligi bilan hozir muhokama qilayotgan masalamiz — O‘zbekiston fermerlari va talabalari uchun parrandachilik bo‘yicha o‘quv markazi ochish borasida bo‘lmoqda. Bu o‘quv markazida biz, albatta, sohani rivojlantirish, yetishtirilayotgan mahsulotlar va boqilayotgan parrandalarni O‘zbekiston iqlimiga moslashtirish, bu borada o‘zimizning texnologiyalarni yanada ko‘proq joriy etish ustida ish olib bormoqchimiz», — dedi Hinners.

Qarorgohi Qozog‘istonning Almati shahrida joylashgan, 57 ta davlatni qamrab olgan Oziq-ovqat xavfsizligi Islom tashkiloti bosh kotibi Yerlan Baydauletning aytishicha, oziq-ovqat xavfsizligi bo‘yicha bunday katta tadbir MDH respublikalarida o‘tkazilmagan.

8YzbOSAvsiGSKscQhXfOCghwQXYz5_ws.jpg (700×440)

«Bir paytlar biz ham shunday tadbirni o‘tkazishni xohlaganmiz, lekin yetarlicha qo‘llov bo‘lmagani uchun o‘tkaza olmaganmiz. Bunday tadbirlar har yili o‘tkazilishi kerak.

Tashkilotimiz ham shu yo‘nalishda ishlamoqda. Masalan, biz Markaziy Osiyodan o‘tgan transport koridorlari, jumladan Arab davlatlariga osonroq chiqish bo‘yicha ishlayapmiz. Bu tadbirda hamkor davlatlar vakillari bilan yangi yo‘nalishlar bo‘yicha fikr almashyapmiz.

Sir emas, sobiq ittifoq davridan buyon Markaziy Osiyo respublikalari asosan xomashyo yetishtirgan va asosan markazga (Rossiyaga) yuborilgan. Bu ish hozir ham davom etib kelyapti.

Endi har bir respublika, shu jumladan O‘zbekiston ham o‘ziga yangi bozor topish uchun harakat qilyapti. Mahsulotlarni dunyoning barcha hududlariga yetkazib berish yo‘llarini qidiryapti. Ana shunday sharoitda bunday tadbirlarning ahamiyati juda katta», — dedi Yerlan Baydaulet. 

Ko‘rgazma, forumlar va kelishuvlar

Xalqaro konferensiya doirasida «O‘zbekiston agrooziq-ovqat salohiyati» ko‘rgazmasi ham o‘tkazildi. Ko‘rgazmada O‘zbekiston agrar tarmog‘ini isloh qilishda erishilgan yutuqlar namoyish etildi. O‘zbekistonning qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarish sohalaridagi salohiyati, oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha yangi yondashuvlari namoyish etildi. Konferensiya qatnashchilari urug‘chilik, bog‘dorchilik, chorvachilik, oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarishning klaster, kooperatsiya, agrologistika usullari bilan tanishtirildi.

Foto: Qishloq xo‘jaligi vazirligi axborot xizmati
Foto: Qishloq xo‘jaligi vazirligi axborot xizmati
Foto: Qishloq xo‘jaligi vazirligi axborot xizmati

Nufuzli tadbir doirasida «Markaziy Osiyo va Kavkazda qishloq xo‘jaligi tadqiqotlari va innovatsiyalar» mavzusida ilmiy forum ham tashkil etildi. Forumda 26 davlatdan 150 dan ortiq xorijlik olimlar va O‘zbekistondan 200 dan ortiq olimlar ishtirokida davra suhbati o‘tkazishdi. Ishtirokchilar hosildorlikni oshirish, yangi chidamli navlarni yaratish, turli kasalliklar va tashqi ta’sirlarga qarshi kurashish bo‘yicha qo‘shma ilmiy loyihalarni amalga oshirish imkoniyatlarini muhokama qilishdi.

Foto: Qishloq xo‘jaligi vazirligi axborot xizmati
Foto: Qishloq xo‘jaligi vazirligi axborot xizmati
Foto: Qishloq xo‘jaligi vazirligi axborot xizmati

Agrooziq-ovqat investitsiya forumida 1,88 mlrd AQSh dollariga teng kelishuvlar imzolandi. Jumladan:

  • To‘g‘ridan to‘g‘ri investitsiyalar – 857,3 mln AQSh dollariga teng 24 loyiha;
  • grantlar va xalqaro moliya institutlari mablag‘lari — umumiy qiymati 707,5 mln AQSh dollariga teng 14 ta loyiha;
  • 319,2 mln AQSh dollariga teng savdo kelishuvlari.

Oziq-ovqat xavfsizligi bo‘yicha Xalqaro konferensiya davomida sessiyalarda muhokama qilingan masalalar bo‘yicha Samarqand deklaratsiyasi ham qabul qilindi.

Samarqand deklaratsiyasida ishtirokchi mamlakatlarning qishloq xo‘jaligini ekologik jihatdan eng xavfsiz, bioxilma-xillikni qo‘llab-quvvatlaydigan usulda, suv resurslaridan oqilona foydalangan holda rivojlantirish, aholi, ayniqsa bolalar va o‘smirlarning sog‘lom ovqatlanishiga ko‘maklashish, maktabda ovqatlanish kompleks dasturlarini joriy qilish, ayollarning agrooziq-ovqat tizimlari transformatsiyasidagi ulushini oshirish uchun qishloq joylaridagi ayollar huquqlari va imkoniyatlarini kengaytirish, davlat miqyosida kichik va oilaviy xo‘jaliklarni qo‘llab-quvvatlash, ularning ishlab chiqarish, tabiiy va moliyaviy resurslardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish kabi maqsadlari qayd etildi.

Xalqaro oziq-ovqat xavfsizligi konferensiyada belgilab olingan maqsadlarni amalga oshirish, erishilgan kelishuvlarni hayotga tatbiq etish bo‘yicha ulkan ishlar kutib turibdi. Albatta, belgilab olingan vazifalarning barchasi samarali amalga oshirilsa, O‘zbekistonda, qolaversa, mintaqamiz va jahonning katta qismida oziq-ovqat xavfsizligi, «nol ochlik» maqsadlariga erishish, aholiga sifatli va arzon oziq-ovqat mahsulotlarini uzluksiz yetkazishdek ulug‘vor maqsadlarga erishiladi.

Shuhrat Shokirjonov tayyorladi.

Top