Camarqandda ilk bor Xalqaro oziq-ovqat xavfsizligi konferensiyasi 7-8 sentabr kunlari o‘tkazilmoqda. Muhim anjumanga tayyorgarlik ko‘rish, uni o‘tkazishdan ko‘zlangan maqsad xususida O‘zbekiston Respublikasi qishloq xo‘jaligi vaziri Aziz Voitov jurnalistlar bilan brifing o‘tkazdi, so‘ngra Kun.uz muxbiri savollariga javob berdi.

— Tadbirdan ko‘zlangan maqsad nima? Umuman, bunday nufuzli anjumanning O‘zbekistonda o‘tkazilishi qanday boshlandi?

— Konferensiyani o‘tkazishdan asosiy maqsad — dunyo hamjamiyati oldimizda turgan asosiy masalalarni birgalikda qayta ko‘rib chiqish va mavjud muammolarga birgalikda yechim topishdan iborat. Ya’ni davlatlarning oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, ochlikni bartaraf etish yo‘nalishida olib borilayotgan ishlari bilan tanishish, tajriba almashish va asosiy masalalarga yechim topishdan iborat.

Oziq-ovqat xavfsizligi bo‘yicha xalqaro konferensiyaning bu tarzda tashkil qilinishi prezidentimiz Sh.Mirziyeyovning roppa-rosa bir yil muqaddam mana shu shaharda o‘tgan ShHT sammitida ko‘rsatgan tashabbusi tufayli yuz bermoqda.

Prezidentimiz o‘tgan yili ilgari surgan tashabbus bugunga kelib nechog‘lik dolzarb bo‘lib turganini ko‘rib turibmiz. Geosiyosiy vaziyat, iqlim o‘zgarishlari, tabiiy resurslar yetishmovchiligi bilan bog‘liq global muammolar zamonida oziq-ovqat xavfsizligi nafaqat bizning xalqimizni, butun dunyodagi insonlarning sog‘lom taomlanishi juda katta masala bo‘lib turganiga barchamiz guvohmiz.

Shuncha davlatlardan vazirlar, mutaxassislar, umuman, shu soha vakillarining yig‘ilishi — ushbu muammoning qanchalik dolzarbligi, shuningdek, O‘zbekistonda sohada olib borilayotgan islohotlarga qiziqish va ishonch borligidan dalolat beradi. 

Ma’lumot o‘rnida: Qayd etib o‘tish kerak, mazkur nufuzli anjuman Birlashgan Millatlar Tashkilotining oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti — FAO’ning texnik ko‘magi bilan tashkillashtirilmoqda.

Anjumanda 30 dan ortiq davlatdan vazirlar va diplomatlar, Shanxay hamkorlik tashkiloti, Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti, Jahon banki, Oziq-ovqat xavfsizligi bo‘yicha Islom tashkiloti, Osiyo taraqqiyot banki kabi va boshqa xalqaro tashkilotlar, moliya institutlari va ilmiy tashkilotlarning vakillari ishtirok etadi