18:09 / 08.09.2023
36899

Polshaga Rossiya tahdidi yoki polyaklar Ukrainaga hujum qilishi mumkinligi haqidagi gaplar. Bular qanchalik jiddiy?

Polsha rasmiylari Rossiya ularga ham hujum qilishi mumkin deb hisoblaydi, Moskvadagilar esa Varshava Ukrainaga bostirib kirish arafasida ekanini ta’kidlab keladi.

Foto: Artur Rezko / EPA / Scanpix / LETA

Polsha bosh vaziri Mateush Moravetskiyning aytishicha, hatto «Vagner» rahbari Yevgeniy Prigojinning o‘limi ham Polsha xavfsizligiga Rossiya tomonidan tahdidni kamaytirmagan. Polsha hukumati uzoq yillardan beri sharqiy chegarani mustahkamlashga jiddiy yondashadi. Rossiya va Ukraina o‘rtasida keng ko‘lamli urush boshlanganidan keyin bu qaror mantiqiyligiga ishonch ortdi.

Prigojin isyoni va uning yollanma askarlarining Belarusga ko‘chishi Polsha-Belarus chegarasi yaqinidagi polyak qo‘shinlari soni deyarli ikki baravar ko‘payishiga olib keldi — ularning soni 10 mingga yetishi mumkin. Polsha Fanlar akademiyasining siyosatshunoslik kafedrasi dotsenti va Hertie boshqaruv maktabi Xalqaro xavfsizlik markazi professori Monika Sus «Meduza» nashriga Rossiya-Ukraina urushi Polshaning o‘z xavfsizligi haqidagi g‘oyalariga qanday ta’sir qilgani va bu vaziyat Polsha hukmron partiyasi uchun nega foydali ekanini tushuntirgan.

— So‘nggi oylarda Polshaning sharqiy chegarasida keskinlik ancha kuchayganga o‘xshaydi. Umuman olganda, Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi Polsha xavfsizlik siyosatiga qanday ta’sir o‘tkazdi?

— Qisqaroq qilib, shunday javob berish mumkin: Rossiyaning Ukrainaga keng ko‘lamli bosqini Polsha uchun kutilmagan holat bo‘lmadi. Sovuq urush tugaganidan keyin Polsha Rossiyani o‘z xavfsizligiga asosiy tahdidlardan biri deb hisobladi. Rossiya 2008 yilda Gurjistonda urushib, 2014 yilda Qrimni anneksiya qilib, o‘z imperialistik siyosatini davom ettirganida, uning (Ukrainaga) bostirib kirishi muqarrardek tuyuldi, biroq hech kim bu to‘liq miqyosli urush bo‘lishini o‘ylamagandi.

Polyaklar g‘arbning boshqa davlatlarini Rossiya tobora tajovuzkor siyosat olib borayotganidan ogohlantirgan. Polsha NATOga (1999 yilda) qo‘shilganidan beri uning ustuvor vazifasi alyansni sharqiy qanotni mustahkamlash zarurligiga ishontirish bo‘lgan. Bu masala bo‘yicha Polsha AQSh bilan yaqindan hamkorlik qilgan (va hozir ham qilmoqda). Lekin, albatta, bu Varshavaning Yevropa Ittifoqi doirasidagi mudofaa integratsiyasiga qarshi ekanini anglatmaydi. Masalan, Polsha Germaniya va Buyuk Britaniyaning Litva bilan bu boradagi hamkorligini olqishlaydi. Shuningdek, u (Yevropa Ittifoqida) xavfsizlik va mudofaa sohasida hamkorlik qilishga qaratilgan turli assotsiatsiyalar a’zosi, masalan, PESCO (Xavfsizlik va mudofaa masalalari bo‘yicha doimiy hamkorlik).

Keng ko‘lamli bosqin boshlangach, menimcha, Polshaning xavfsizlik siyosati yo‘nalishi o‘zgarmadi. Ammo mudofaa xarajatlari sezilarli darajada oshdi. NATO a’zosi sifatida Polsha yalpi ichki mahsulotining ikki foizini mudofaa xarajatlariga sarflaydi. 2022 yilda hukumat mudofaa maqsadlari uchun yalpi ichki mahsulotning deyarli 2,5 foizini ajratdi va 2024 yilda bu miqdorni 4 foizga olib chiqishni rejalashtirmoqda. O‘ylashimcha, AQShdan harbiy texnika sotib olib, o‘z safiga yangi harbiy xizmatchilarni jalb qilishga intilayotgan Polsha armiyasi Yevropa Ittifoqining eng kuchli armiyalaridan biriga aylanish arafasida (Polshada majburiy harbiy xizmat to‘g‘risidagi qonun yo‘q, odamlar ixtiyoriy ravishda armiyaga qo‘shiladi; garchi bu mavzuda ba’zida munozaralar bo‘lib tursa ham, hozircha buni o‘zgartirish rejalashtirilmagan).

Varshavada Qizil armiya ustidan 1920 yilda qozonilgan g‘alaba sharafiga 15 avgust kuni nishonlanadigan Polsha qurolli kuchlari kunidagi parad. 2023 yil 15 avgust.
Kacper Pempel / Reuters / Scanpix / LETA

Polsha hukumati mudofaa va armiyaga investitsiya kiritishni qo‘llab-quvvatlashda davom etadimi yoki yo‘q, buni 2023 yil noyabr oyida bo‘lib o‘tadigan parlament saylovlaridan keyin ko‘ramiz. Ammo hozircha, menimcha, ushbu o‘n yillik oxirida Rossiyaning Polshaga hujumiga tayyor bo‘lish kerakligi haqida partiyalararo konsensus mavjud. Polsha Milliy mudofaa vazirligi eng yomon ssenariylarni ishlab chiqqan va ular orasida to‘liq miqyosli bosqin ham bor. Albatta, bu bahsli masala. Ammo menimcha, polyaklar birdamligining sababi — «Rossiyadan himoyalanish uchun o‘z mudofaamizga sarmoya kiritishimiz kerak» degan ishonchdir.

— Polshaga hujum qilish ahmoqlikdek ko‘rinadi, lekin Ukraina bilan ham shunday bo‘lgandi... Boshqa tomondan, Polsha NATO a’zosi. Rossiya bir davlatni yenga olmayapti, bu yerda esa butun bir harbiy blok bor.

— Ha, Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi va NATOga a’zo davlatga hujum qilishi o‘rtasida katta farq bor. Ammo Polshada bu imkonsiz emas degan fikr mavjud. Shimoliy Atlantika shartnomasida beshinchi modda bor. Aksariyat polyaklar NATOning mamlakat xavfsizligi kafolatli ekaniga va AQShga suyanish mumkinligiga ishonadi. Ammo hujum sodir bo‘lgan taqdirda ittifoqchilar yordamga kelishiga shubha qiluvchilar ham bor.

Jamiyatning bir qismi Germaniya kabi mudofaa xarajatlarini oshirib, xavfsizlik sohasida faol o‘yinchiga aylanish yo‘lini qo‘llab-quvvatlayapti. Ammo hozir, saylovlar oldidan, Polsha hukumati juda xunuk antinemis kartasini o‘ynashga urinmoqda — ular Polshaga hujum qilingan taqdirda Germaniya bizga yordam berishni xohlamaydi, degan fikrni ilgari suryapti. Bu odamlarda qo‘rquv uyg‘otish va saylovlarda g‘alaba qozonish uchun qilinmoqda.

Bugungi kunda Polsha qurolli kuchlari ko‘rib chiqayotgan eng ishonchliroq ssenariy — bu Rossiyaning taktik yadroviy hujumidir. Aynan siz aytib o‘tgan sababga ko‘ra, ya’ni Rossiya Ukrainadagi urush bilan juda bandligi tufayli, ikkinchi frontni ochishi qiyin. Ammo Rossiya yadroviy davlat bo‘lib qolmoqda, shuning uchun taktik zarba ehtimoli mavjud. Biz buni istisno qila olmaymiz.

Menga unchalik ishonmaydigan, ammo Polshada muhokama qilinayotgan yana bir variant — Xitoy Rossiyani urushda qo‘llab-quvvatlaydi va boshqa davlatlarga hujum qiladi.

— Rossiya tomonidan yadro qurolidan foydalanilgan taqdirda voqealar rivojini qanday tasavvur qilasiz?

— Menimcha, NATO javob qaytaradi va biz yadroviy urush yoqasiga kelib qolamiz. Lekin men Rossiya bu qadamni tashlamaydi deb hisoblayman. «Ukrainadagi urush yana bir necha yil davom etsa, Rossiya zaiflashadi va oxirgi chora sifatida yadro arsenalidan foydalanishga majbur bo‘ladi», deguvchi ekspertlar ham bor. Ammo men bu ssenariyni ham haqiqatga yaqin deb o‘ylamayman, chunki yadroviy quroldan foydalanish yadroviy javobga olib keladi va buni hech kim xohlamaydi, to‘g‘rimi?

— Polshadagi oddiy odamlar uchun Rossiya hujumi xavfi qanchalik haqiqat?

— Rossiya tarixan Polsha uchun tahdid bo‘lib kelgan va, albatta, bugungi kunda jamiyatda qo‘rquv muhiti mavjud. Yadro hujumidan xavotirlar kuchaymoqda. Ammo tanganing boshqa tomoni shundaki, Polsha hukumati bu qo‘rquvni o‘z quroliga aylantirdi. Men buni davlat propagandasi deb ayta olmayman, lekin men Rossiyadan kelayotgan tahdid hukumat tomonidan ataylab bo‘rttirilmoqda deb hisoblayman. Ba’zi muxolifat jurnalistlari (va men ularga qo‘shilaman) Ukrainadagi urush ma’lum darajada ushbu avtokratik hukumat foydasiga ishlaydi, deb hisoblaydi. Chunki hukumat tahdiddan himoyalanishga tayyorligini e’lon qiladi va insonlarni dushman qarshisida birlashtiradi.

— Rossiya hujumini real deb hisoblaydigan odamlar bu Kremlga nega kerakligini qanday izohlaydi?

— Ular Rossiyaning harakatlarini oldidan aytib bo‘lmaydi va agar Putin yo‘qotadigan hech narsasi bo‘lmasa, Polshaga hujum qiladi deyishadi. Ushbu hujum qanday qurol bilan amalga oshirilishi — an’anaviy yoki yadroviy — kam muhokama qilinadi. Shaxsan mening o‘ylashimcha, Rossiya Polshaga bostirib kirishga jur’at eta olmaydi. Ammo xavfni minimallashtirish uchun g‘arb Rossiya Ukrainaga qarshi urushda mag‘lub bo‘lishiga ishonch hosil qilishi kerak.

— Agar Polshaning 2022 yil fevralgacha bo‘lgan tashqi siyosatiga qaytadigan bo‘lsak: o‘sha paytda Belarus mamlakatga bugungi kundagidek tahdid bo‘lib ko‘rinayotganmidi?

— Belarusning hududi ancha kichik va u har doim Rossiyaning qo‘li sifatida ko‘rilgan. Polyaklar Lukashenkoni Putin qo‘lidagi vosita deb biladi. Va, albatta, hozir Belarusda — Polshaga qo‘shni davlatda — Rossiyaning harbiy va yadroviy qurollari borligi sababli xavotirlar mavjud. Polyaklar Rossiyaning mamlakatga Belarus hududidan hujum qilishidan qo‘rqadi. Xuddi shu narsani Belarusda joylashgan «Vagner» jangchilari yoki Yevropaga noqonuniy yo‘llar bilan kirishga urinayotgan muhojirlar haqida ham aytish mumkin. Ammo tahdid Belarusning o‘ziga emas, balki Rossiya undan qanday foydalanishiga bog‘liq.

— 2021 yil yozida Belarus Yevropa bilan chegaralarida, shu jumladan Polsha chegarasida migratsiya inqirozini uyushtirdi. Bu polyaklarning Belarus haqidagi qarashlariga ta’sir qildimi?

— Yaxshi savol. Menimcha, bu kichik tahdid. Ammo Polsha hukumati vaziyatdan mohirona foydalandi. Bugungi kunda Polshada muhojirlarning ikki toifasi: biz «yoqtiruvchi» ukrainaliklar va Belarus orqali mamlakatga kirishga urinayotgan muhojirlar borligi menga umuman yoqmaydi. Hozir chegarada sodir bo‘layotgan voqealar mutlaqo g‘ayriinsoniydir. Odamlarga chegarani kesib o‘tishga ruxsat berilmaydi, ular o‘rmonlarda halok bo‘ladi. Yevropa Ittifoqida bunday bo‘lmasligi kerak.

— Gaplaringizga qo‘shilaman. Siz Prigojin isyonidan keyin jangchilari Belarusga «ko‘chgan» «Vagner»ni ham eslab o‘tdingiz. O‘shandan beri Polsha chegarasi yaqinidagi mashg‘ulotlar, mamlakat havo hududi buzilishi va Lukashenkoning vagnerchilar Varshava va Jyeshuvga «ekskursiyaga borishni xohlayotgani» haqidagi hazillari haqida tez-tez xabarlar paydo bo‘lmoqda. Sizningcha, bularning barchasi haqiqiy tahdidning namoyon bo‘lishimi yoki qandaydir psixologik bosimmi?

— Menimcha, ikkinchisi. Men «Vagner» haqiqatan ham Polsha xavfsizligiga tahdid solishi mumkin deb o‘ylamayman. Bu Polshadek kuchli armiyaga ega NATO mamlakatiga nisbatan ancha marginal narsa. Va mening o‘ylashimcha, Polsha hukumati bu vaziyatdan o‘z manfaati yo‘lida foydalanmoqda.

— Ha, ko‘rinib turibdiki, Polsha hukumati sharqiy chegara yaqinida sodir bo‘layotgan voqealarga jiddiy munosabatda bo‘lib, chegarani jadallik bilan mustahkamlamoqda.

— Bu yerda shuni ham hisobga olish kerakki, sharqiy chegara yaqinida (aniqrog‘i, Ukraina chegarasi yaqinida) Ukrainaga harbiy va insonparvarlik yordam ko‘rsatish uchun o‘ziga xos markaz bo‘lib xizmat qiluvchi Polsha shaharlari bor. U yerda harbiy kuchlarni joylashtirish nafaqat Polsha hududlarini himoya qilish, balki Ukrainaga yaxshiroq yordam berish uchun ham zarur. Rossiyaning G‘arbiy Ukrainaga hujumi kuchaysa, Polsha uchun ham xavf ortadi. Menimcha, bu chegarani mustahkamlashning ehtimoliy sabablaridan biri.

Polshalik chegarachilar Belarus bilan chegarada navbatchilik qilmoqda. 2023 yil 9 iyul
Omar Marques / Getty Images

— Nima uchun Rossiya hukumati Polshaga bunchalik e’tibor qaratayotgani borasida biror taxminingiz bormi? Misol uchun, yaqinda Vladimir Putin Polsha hududlarining bir qismi Stalinning «sovg‘asi» ekanini aytdi.

— Ha, biz buni eshitdik. Menimcha, sabab juda oddiy. Polshaning harbiy o‘yinchi sifatidagi roli ortib bormoqda va Rossiya uchun unga qarshi kurashish haqiqatan ham muhim. Menimcha, Polsha Ukrainani qo‘llab-quvvatlayotgani ham vaziyatga ta’sir qilyapti. Albatta, boshqa davlatlar ham harbiy yordam bermoqda. Ammo, masalan, AQSh va Buyuk Britaniyaga qarshi tahdidlarni tasavvur qilish qiyin. Yoki Germaniyaga ham, chunki, nazarimda, Rossiya hamon u yerda u bilan hamkorlik qiladigan siyosiy kuchlar borligiga umid qilmoqda. Polsha bu ma’noda — hal qilingan masala, Varshava Putinning avtoritar hukumati bilan hamkorlik qilishi mumkinligi haqida hech qanday illyuziya yo‘q.

— Rossiya propagandasi tezisi haqida so‘ramasdan ilojim yo‘q: Polsha go‘yoki Ukrainaga shunchaki yordam bergani yo‘q, Varshava Ukraina hududiga bostirib kirishning gibrid versiyasini tayyorlamoqda. Bu bayonotlar Polshada qanday baholandi?

— Bu to‘liq bema’nilik. Hatto menga yoqmaydigan Polsha hukumatida ham Ukraina va uning hududlariga nisbatan revizionistik (qayta ko‘rib chiqish) siyosat olib borish bo‘yicha rejalar aniq yo‘q. Shubhasiz, bu jiddiy gapirishga arziydigan narsa emas.

Ammo Ukrainani qo‘llab-quvvatlash, menimcha, kelajakda Polsha uchun muammoli bo‘lishi mumkin. Men qo‘llovning kamayishi uchun hech qanday sabab ko‘rmayapman. Polsha Ukrainaning Yevropa Ittifoqiga kirishini ham qo‘llab-quvvatlaydi. Ammo, g‘alla bitimi atrofidagi mojaro ko‘rsatganidek, Ukraina Yevropa Ittifoqiga qo‘shilsa, Polsha qishloq xo‘jaligi sektori raqobat tufayli katta muammolarga duch keladi. Biroq, urush davom etar ekan, Polshaning hech bir partiyasi Ukrainaga yordamni to‘xtatish g‘oyasini ilgari surmaydi.

— Ukrainaga yordam Polshaning mudofaa salohiyatiga ta’sir qiladimi?

— Oqibatlardan biri aniq: Polshaning Ukrainaga nisbatan o‘z zimmasiga olgan majburiyatlari, jumladan, qurol-yarog‘ yetkazib berish uni xavfsizlik sohasida kuchli aktyorga aylantiradi. Ikkinchi jihat shundaki, Polsha Ukrainaga juda ko‘p texnikalar yetkazib berib (eng yangi bo‘lishi shart emas), keyin Janubiy Koreya va AQShdan yangi texnikalar sotib olmoqchi. Oxir-oqibat, bu Polsha armiyasi juda tez modernizatsiya qilinishiga olib keladi. Ya’ni Ukrainaga yordam, menimcha, mudofaa sohasiga sarmoyalarni ko‘paytirish bilan birgalikda, Polsha qurolli kuchlari va xavfsizligini mustahkamlaydi, uni hech qanday tarzda zaiflashtirmaydi.

— Yevropa Ittifoqi va NATO davlatlari Polsha o‘z sharqiy chegarasini mustahkamlab, mudofaani kuchaytirayotganiga qanday munosabatda?

— NATO davlatlari va alyans yetakchisi sifatida AQSh, albatta, bundan xursand. Polsha xavfsizligini mustahkamlash Yevropa Ittifoqi mamlakatlari tomonidan ham olqishlanadi. Ammo bu yerda boshqa bir katta muammo bor — urush Polshaning hozirgi hukumati foydasiga ishlamoqda. Polshadagi demokratiya holati — bu xonadagi fil (inglizcha ibora bo‘lib, hech kim ko‘tarishni istamaydigan, shuning uchun uni sezmaslikka harakat qiladigan aniq muammoni bildiradi). Va menda shunday taassurot paydo bo‘ldiki, Polsha Ukrainani qo‘llab-quvvatlayotgani uchun mamlakatdagi demokratik masalalarga unchalik e’tibor berilmaydi. Voqealar rivoji, shu jumladan, butun Yevropa Ittifoqi uchun ham juda xavfli bo‘lishi mumkin.

— Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi fonida NATOda mavjud bo‘lgan muammolar yanada oydinlashdi, degan qarash bor. Siz bunga qo‘shilasizmi?

— Menimcha, urush aslida NATO davlatlarini birlashtirdi. 2022 yil fevraligacha NATO va Yevropa Ittifoqining ko‘plab davlatlari uchun hatto Qrimning anneksiya qilinishi ham unchalik katta muammo emas edi. Keng ko‘lamli bosqin hamma narsani o‘zgartirdi. Ba’zilar hatto Putin Yevropa integratsiyasiga yordam berdi, deyapti. Qaysidir darajada, bu haqiqat. Endi biz Rossiya va umuman tahdidlarni yaxshi payqamoqdamiz. Va biz omon qolishning yagona yo‘li birgalikda ishlash ekanini yaxshiroq tushunyapmiz.

— Sizningcha, Rossiyaning Ukrainadagi urushi, xuddi Ikkinchi jahon urushidagi kabi, jahon xavfsizligi tizimini qayta ko‘rib chiqishga olib keladimi?

— Albatta. Men hozircha yangi tuzilmaga ehtiyoj sezmayapman, menimcha, bizda mavjud bo‘lgan narsalar — Yevropa Ittifoqi va NATO — hozirgi vaziyatdan chiqish uchun yetarli. Lekin, albatta, BMT Xavfsizlik Kengashi o‘zgarishi kerak — bu urushda u hech narsa qila olmaydi, chunki uning ikki doimiy a’zosi bo‘layotgan voqealarda muammo ko‘rmaydi.

O‘ylashimcha, bir necha yildan so‘ng biz Yevropada yangi xavfsizlik tartibiga guvoh bo‘lamiz. Va agar tub o‘zgarishlar bo‘lmasa (va men buning uchun hech qanday sabab ko‘rmayapman), unda u Rossiyani o‘z ichiga olmaydi va unga qarshi qaratilgan bo‘ladi. Ammo bu haqda gapirishga hali erta.

Umuman olganda, hozirgi vaziyatni Ikkinchi jahon urushi bilan taqqoslash menga o‘rinli ko‘rinadi. Chunki XXI asrda to‘liq miqyosli bosqin, albatta, hech kim kutmagan narsa. Va menimcha, bunga reaksiya xavfsizlik tizimi va fikrlashdagi o‘zgarishlar bo‘ladi.

Mavzu
Rossiya-Ukraina urushi
2022 yil 22 fevral kuni Rossiya Ukraina chegarasidan o‘tib, qo‘shni mamlakatga bostirib kirdi. Ukraina armiyasi jang taklif qildi.
Barchasi
Top