Jahon | 11:44 / 18.09.2023
4893
2 daqiqa o‘qiladi

Reuters: Ekspertlar YeIning Xitoyga qaramligi ortib borishidan xavotirda

Yevropa Ittifoqi yetakchilarining uchrashuvi uchun tayyorlangan hujjatga ko‘ra, yonilg‘i elementlari va litiy-ionli batareyalarni ishlab chiqarishda Yevropa Ittifoqi ko‘p jihatdan Xitoyga tayanadi va kelgusi yillarda ularga talab ortadi. 

Foto: picture-alliance/Imagechina/D. Changzheng

Yevropa Ittifoqi qat’iy choralar ko‘rmas ekan, 2030 yilga borib u litiy-ionli akkumulyatorlar va yonilg‘i elementlari bo‘yicha Xitoyga Ukrainadagi urushgacha energiya bo‘yicha Rossiyaga bo‘lgani kabi, qaram bo‘lib qolishi mumkin. Bu haqda 17 sentabr, yakshanba kuni Yevropa Ittifoqi kengashiga 2023 yilning ikkinchi yarmida raislik qiluvchi Ispaniya tomonidan ishlab chiqilgan hujjatga tayanib, Reuters xabar bermoqda

Hujjat 5 oktyabrda Granadada bo‘lib o‘tadigan YeI yetakchilarining yig‘ilishida Yevropa iqtisodiy xavfsizligini muhokama qilish uchun asos bo‘lib xizmat qiladi, unda Yevropa komissiyasining Yevropaning Xitoyga haddan tashqari qaramligi xavfini kamaytirish hamda Afrika va Lotin Amerikasi tomon diversifikatsiya qilish zarurati bo‘yicha takliflari ko‘rib chiqiladi. 

Yevropa energiyani saqlash usullariga muhtoj 

Hujjatda aytilishicha, quyosh va shamol kabi qayta tiklanadigan energiya manbalari barqaror emasligini hisobga olgan holda, Yevropa 2050 yilga borib karbonat angidrid gazi tashlamalarini nolga tenglashtirish maqsadiga erishish uchun energiyani saqlash yo‘llarini topishi kerak. Bu, o‘z navbatida, litiy-ionli akkumulyatorlar, yonilg‘i elementlari va elektrolizerlarga bo‘lgan talabning keskin oshishiga olib keladi va yaqin yillarda bu ko‘rsatkich 10-30 barobar ortishi kutilmoqda. 

Hujjatda qayd etilishicha, Yevropa Ittifoqi elektrolizerlar ishlab chiqarish va yig‘ishning oraliq bosqichlarida kuchli mavqega ega, biroq yonilg‘i elementlari hamda elektr transport vositalarida qo‘llaniladigan litiy-ionli akkumulyatorlarni ishlab chiqarishda ko‘p jihatdan Xitoyga tayanadi. «Qat’iy choralar ko‘rilmasa, Yevropa energetika ekotizimi 2030 yilga borib Xitoyga bog‘liq bo‘lib qolishi mumkin, u Ukraina urushi boshlanishidan oldin Rossiya energiyasiga bo‘lgan qaramlik darajasida kutilyapti», deyiladi hujjatda. 

Mavzuga oid