Jahon | 00:43 / 19.09.2023
8178
3 daqiqa o‘qiladi

Ukraina don importi taqiqi uchun Polsha, Vengriya va Slovakiya ustidan JSTga shikoyat qildi

Da’voga uchta mamlakat tomonidan Yevropa komissiyasi tavsiyalariga zid ravishda Ukraina qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini o‘z hududiga kiritishga qo‘yilgan taqiqni uzaytirgani sabab bo‘lgan.

Foto: AP

Ukraina hukumati Jahon savdo tashkiloti (JST) doirasida Polsha, Vengriya va Slovakiya bilan maslahatlashuv o‘tkazish uchun talab kiritdi. Da’voga uchta mamlakat tomonidan Yevropa komissiyasi tavsiyalariga zid ravishda Ukraina qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini o‘z hududiga kiritishga qo‘yilgan taqiqni uzaytirgani sabab bo‘lgan.

«Biz uchun Yevropa Ittifoqiga a’zo davlatlar Ukraina tovarlari importini alohida taqiqlay olmasligini isbotlash muhim. Shuning uchun biz ularga qarshi JSTga da’vo arizasini topshiramiz. Shu bilan birga, umid qilamizki, bu davlatlar o‘z cheklovlarini olib tashlaydi va biz uzoq vaqt davomida sudlarda qolib ketmaymiz. Bizga ular bilan birdamlik va fermerlar manfaatlarini himoya qilish zarur. Biz qo‘ygan qadamlar va Yevropa komissiyasi va boshqa a’zo davlatlarning bosimi Ukraina va qo‘shni davlatlar o‘rtasidagi normal savdoni tiklashga yordam beradi, shuningdek, o‘rtamizda birdamlikni namoyon etadi», dedi Ukraina bosh vaziri birinchi o‘rinbosari, iqtisodiyot vaziri Yuliya Sviridenko.

Vazir so‘zlariga ko‘ra, bir tomonlama import taqiqlari tufayli ukrainalik eksportchilar allaqachon katta zarar ko‘rgan va ko‘rishda davom etmoqda. Ukraina buni Yevropa Ittifoqining uch mamlakati tomonidan xalqaro majburiyatlarining buzilishi deb hisoblaydi.

Yevrokomissiya may oyida Ukraina donini Polsha, Bolgariya, Vengriya, Ruminiya va Slovakiyaga olib kirishga vaqtinchalik taqiq joriy qildi. Bu ushbu mamlakatlar rasmiylari tomonidan Ukraina g‘allasining arzonligi o‘z bozorlari va fermerlariga zarar yetkazayotgani haqida shikoyat qilganidan keyin sodir bo‘ldi. 

16 sentabrda Yevropa Komissiyasining taqiq muddati tugadi va Bryussel uni uzaytirmadi. Ukraina, o‘z navbatida, bozorda narxlarning keskin ko‘tarilishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun turli huquqiy choralarni (shu jumladan eksportni litsenziyalash tizimini) joriy etishga rozi bo‘ldi. Polsha, Vengriya va Slovakiya Bryusselning qaroriga rozi bo‘lmadi va bir tomonlama taqiqlar kiritilganini e’lon qildi.

Mavzuga oid