14:57 / 20.09.2023
5041

Moskva viloyatida ko‘p qavatli uyda gaz portlashi oqibatida 5 kishi halok bo‘ldi

Turar joy binosining to‘rtinchi qavatida gaz portlab, uchta qavat qulab tushdi. Qutqaruv operatsiyasi davomida ikkinchi qulash sodir bo‘ldi. Vayronalar ostida bir qutqaruvchi va ikki nafar fuqaro bor.

Foto: Maxim Grigorev/TASS/dpa/picture alliance

Moskva yaqinidagi Balashixada gaz portlashi oqibatida besh kishi halok bo‘ldi, yana biri kasalxonaga yotqizildi, uch kishiga voqea joyida yordam ko‘rsatildi, deb xabar berdi Rossiya FVV. 20 sentabr, chorshanba kuni Moskva viloyati gubernatori Andrey Vorobyovning ma’lum qilishicha, Oktyabr ko‘chasida, Moskva vaqti bilan soat 8:21 da turar joy binosining to‘rtinchi qavatida portlash sodir bo‘lgan. Portlash oqibatida kamida o‘nta xonadon vayron bo‘lgan, uchta qavat qulagan. TASS o‘z muxbiriga tayanib, qurbonlar soni oshganini, hozircha bu ma’lumot rasman tasdiqlanmaganini yozyapti.

Takroriy qulash

Gaz portlashidan bir necha soat o‘tgach, ikkinchi qulash sodir bo‘ldi, uch nafar qutqaruvchi vayronalar ostida qoldi, ulardan ikki nafari halok bo‘ldi. Bundan tashqari, kirish eshigi vayronalari ostida ikki fuqaro bor. «Vayronalar ostidan ayol va bolaning ovozi eshitilmoqda - hozirda qutqaruvchilar ularga yo‘l olmoqda. Portlash to‘lqini shuningdek, qo‘shni uylardagi bir nechta to‘xtab turgan mashina va kvartiralarga zarar yetkazdi», deb yozdi Vorobyov Telegram’da. Aholidan biri oltinchi qavatdan narvon yordamida qutqarib olindi, deb xabar berdi Favqulodda vaziyatlar vazirligi.

«Balashixadagi portlash joyida 10 ta tez tibbiy yordam brigadasi va tabiiy ofatlarga qarshi kurash hududiy markazining 6 ta brigadasi ishlamoqda», — dedi gubernator. Favqulodda vaziyatlar vazirligi qidiruv-qutqaruv ishlariga 160 dan ortiq kishi jalb qilinganini qayd etdi. Uydan 170 kishi evakuatsiya qilingan. Aholi Balashixa dam olish markaziga joylashtiriladi, ular oziq-ovqat va suv bilan ta’minlanadi, shuningdek, psixologik yordam ko‘rsatiladi. 

Rossiya Tergov qo‘mitasi xavfsizlik talablariga javob bermaydigan xizmatlar ko‘rsatish moddasi bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atdi. TASS xabariga ko‘ra, uy 1979 yilda qurilgan, u xavfli deb topilmagan va navbatdagi kapital ta’mirlash 2025 yilga mo‘ljallangan. Aholi vakillaridan biriga tayanib, agentlik bir oy avval gaz xizmati uskunalarni ko‘zdan kechirganini xabar qildi. 

Top