12:52 / 20.09.2023
9388

Shavkat Mirziyoyev: «Diniy toqatsizlik, islomofobiya holatlariga aslo yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi»

Prezident O‘zbekistonda YuNeSKO shafeligida Dinlararo muloqot va bag‘rikenglik xalqaro markazi tashkil etishni taklif qildi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh assambleyasining 78-sessiyasida nutq so‘zladi.

Qayd etilishicha, ekstremizm balosi tarqalishiga, yoshlarning radikallashuviga yo‘l qo‘ymaslik uchun birgalikdagi harakatlarni kuchaytirish zarur.

O‘tgan yil mart oyida Toshkentda Birlashgan Millatlar Tashkilotining terrorizmga qarshi global strategiyasini Markaziy Osiyoda amalga oshirish bo‘yicha qo‘shma harakatlar rejasi qabul qilindi.

Ekstremizm va terrorizmga qarshi kurash bo‘yicha Milliy strategiya doirasida bir masalaga alohida e’tibor qaratilmoqda. U - ilgari ekstremizm g‘oyalari ta’sirida bo‘lgan shaxslarni sog‘lom hayotga qaytarish va jamiyatga moslashtirish masalasi.

“Biz bu borada o‘ziga xos tajriba orttirdik, besh marta “Mehr” insonparvarlik missiyasini o‘tkazdik. Uning doirasida 530 nafardan ziyod fuqarolar, avvalo, ayollar va bolalarni Yaqin Sharq va Afg‘onistondagi qurolli nizolar hududlaridan yurtimizga qaytardik. Ularning barchasiga tibbiy, psixologik, ijtimoiy va boshqa yordamlar ko‘rsatildi.

Xalqaro jamoatchilik joriy yilning iyun oyida mana shu yerda, Birlashgan Millatlar Tashkiloti bosh qarorgohida mamlakatimizga olib kelingan va yangi hayot boshlagan shaxslarning tarixini ularning o‘zlaridan eshitdi.

Biz bu yo‘nalishdagi harakatlarni davom ettirish va doimiy tajriba almashishni yo‘lga qo‘yish uchun Birlashgan Millatlar Tashkilotining Terrorizmga qarshi kurash boshqarmasi shafeligida urush hududlaridan qaytganlar bilan tizimli ishlash bo‘yicha Mintaqaviy ekspertlar kengashini tuzishga qaratilgan amaliy qadamlarni tashladik”, dedi prezident.

Ta’kidlanishicha, Birlashgan Millatlar Tashkilotiga a’zo davlatlar xalqaro terrorizm kabi umumiy tahdidlarga qarshi kurashda yanada birlashib, harakat qilishlari kerak.

“Yana bir muhim fikrni ta’kidlashni istardim. So‘nggi paytlarda ayrim mamlakatlarda ko‘zga tashlanayotgan diniy toqatsizlik, islomofobiya holatlariga aslo yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi, deb hisoblaymiz. Jahon miqyosida dinlararo bag‘rikenglik va hamjihatlik g‘oyalarini keng targ‘ib etish maqsadida O‘zbekistonda YuNeSKO shafeligida Dinlararo muloqot va bag‘rikenglik xalqaro markazini tashkil etishni taklif qilamiz.

Diyorimiz jahon ilm-fani rivojiga beqiyos hissa qo‘shgan, islomni ilm-ma’rifat va tinchlik dini sifatida namoyon etgan Al-Xorazmiy, Beruniy, Ibn Sino, Imom Buxoriy, Mirzo Ulug‘bek, Alisher Navoiy singari ulug‘ alloma va mutafakkirlar vatani ekani bilan haqli ravishda faxrlanamiz. Shunday buyuk olimlarning boy merosini o‘rganish, islomning asl insonparvarlik mohiyatini chuqur ochib berish maqsadida 2024 yil O‘zbekistonda “Islom – tinchlik va ezgulik dini” mavzusida xalqaro konferensiya o‘tkazish tashabbusini ilgari suramiz”, dedi Shavkat Mirziyoyev.

Mavzuga oid
Top