19:09 / 13.06.2024
2873

Dunyodagi qochqinlar soni rekord darajaga yetdi

2023 yil oxirida 117,3 million kishi turli sabablarga ko‘ra qochqin maqomini olgani ta’kidlanmoqda. 

Foto: Reuters

Birlashgan Millatlar Tashkilotining Qochqinlar bo‘yicha Oliy komissari boshqarmasining (UNHCR) ma’lum qilishicha, 2023 yil oxiriga kelib majburiy ko‘chirilganlar soni rekord darajadagi 117,3 million kishiga yetdi. 

«2023 yil oxirida 117,3 million kishi ta’qiblar, mojarolar, zo‘ravonlik, inson huquqlari buzilishi va jamoat tartibini jiddiy buzgan voqealardan qochganligi uchun majburan ko‘chirildi», deyiladi hisobotda. 

«Dunyo bo‘ylab ko‘chirilganlar soni yangi tarixiy darajaga yetdi», deb yozdi mualliflar. 

BMT qochqinlar bo‘yicha oliy komissarligining hisob-kitoblariga ko‘ra, qochqinlar soni 2024 yilning birinchi oylarida ham o‘sishda davom etgan va aprel oyi oxiriga ko‘ra, 120 milliondan oshishi mumkin. 

Ko‘chirilganlar sonining ko‘payishiga Sudan, Kongo DR, Myanma va G‘azo sektoridagi mojarolar ta’sir ko‘rsatgan. BMT Yaqin Sharqdagi falastinlik qochqinlarga yordam ko‘rsatish agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, 2023 yil oxiriga kelib, «halokatli zo‘ravonliklar 1,7 millionga yaqin odamni G‘azo sektorini tark etishga majbur qilgan». 

Hisobotga ko‘ra, Suriyadagi vaziyat «qochqinlar bo‘yicha dunyodagi eng katta inqirozga sabab bo‘lgan, 13,8 million kishi mamlakat ichida va tashqarisida majburiy ravishda ko‘chirilgan». 

«Bu azob-uqubatlar xalqaro hamjamiyatni majburiy ko‘chirilishning asosiy sabablarini bartaraf etish uchun shoshilinch choralar ko‘rishga undashi kerak», dedi qochqinlar bo‘yicha BMT Oliy komissari Filippo Grandi. 

«Mojarolarni hal qilish, inson huquqlari buzilishini bartaraf etish va iqlim inqiroziga qarshi kurashish bo‘yicha mustahkam hamkorlik va kelishilgan harakatlarsiz, ko‘chirilganlar soni o‘sishda davom etadi, bu esa yanada azob-uqubatlarga va qimmatga tushadigan gumanitar choralarga olib keladi», dedi Grandi.

Top