BMT so‘rovi: Respondentlarning 80 foizi iqlim kuchliroq himoya qilinishini xohlayapti
BMTTD so‘rovi ishtirokchilarining qariyb 86 foizi o‘z hukumatlari geosiyosiy tafovutlarni chetga surib, iqlimni himoya qilish uchun kuchlarni birlashtirishini istaydi.
Kamida 77 mamlakat aholisining katta qismi – 80 foizi o‘z hukumatlari iqlim o‘zgarishiga qarshi yanada kuchliroq choralar ko‘rishini istaydi. Buni BMT Taraqqiyot dasturi Oksford universiteti va GeoPoll jamoatchilik fikrini o‘rganish instituti bilan birgalikda o‘tkazgan so‘rovi natijalari ko‘rsatdi. Unda 75 ming kishi ishtirok etdi.
Bundan tashqari, 20 iyun, payshanba kuni Nyu-Yorkda BMTga taqdim etilgan ma’lumotlarga ko‘ra, respondentlarning qariyb 86 foizi o‘z hukumatlari geosiyosiy tafovutlarni chetga surib, iqlimni himoya qilish uchun kuchlarni birlashtirishini istaydi. Respondentlarning 72 foizi qazib olinuvchi energiya manbalaridan tezroq voz kechish tarafdori. «Bunday darajadagi qo‘llab-quvvatlash butun dunyo bo‘ylab mojarolar va millatchilik kuchayib borayotganini hisobga olsak, e’tiborga molik», — deya BMT Taraqqiyot dasturi vakillaridan iqtibos keltiradi epd agentligi.
Ayollar iqlimni muhofaza qilish choralarini ko‘proq qo‘llab-quvvatlamoqda
Issiqxona gazlarining eng katta hajmini ishlab chiqaradigan 20 mamlakatda respondentlar aksariyati iqlimni muhofaza qilish choralarini kuchaytirish tarafdori bo‘lgan. Xususan, AQSh va Rossiyada respondentlarning 66 foizi, Germaniyada - 67 foiz, Xitoyda - 73 foiz, Janubiy Afrika va Hindistonda - 77 foiz, Braziliyada - 85 foiz, Eronda - 88 foiz, Italiyada - 93 foiz respondentlar bu pozitsiyani egalladi.
Germaniyada iqlim o‘zgarishiga qarshi kuchliroq choralarni qo‘llab-quvvatlagan ayollar ulushi bu fikrga qo‘shilgan erkaklar ulushidan 17 foiz punktga ko‘p (75 foizga nisbatan 58 foiz). Shunga o‘xshash tendensiya Avstraliya, Kanada, Fransiya va Qo‘shma Shtatlarda kuzatilmoqda, garchi u yerda erkaklar va ayollar o‘rtasidagi farq uncha katta emas.
Iqlim muammolari bo‘yicha «xalq ovozi»
Peoples' Climate Vote 2024 so‘rovi bugungi kunga qadar iqlim o‘zgarishi bo‘yicha eng yirik global tadqiqotdir. So‘rov ishtirokchilari yashaydigan 77 mamlakat dunyo aholisining 87 foizini tashkil qiladi.
Mavzuga oid
11:15 / 12.12.2024
O‘zbekiston xalqaro majburiyatlarni bajarish doirasida 530 dan ortiq fuqarosini Yaqin Sharqdan qaytardi
18:38 / 11.12.2024
Markaziy Osiyoda odam savdosi ko‘rsatkichlari pasaymayapti – BMT
12:20 / 05.12.2024
“Isroil BMT bilan himoyalanib, genotsid uyushtirmoqda” - Francheska Albaneze
17:18 / 03.12.2024