O‘zbekiston | 14:17 / 04.10.2023
8106
4 daqiqa o‘qiladi

UzAirways Senatning chipta sotishdagi byurokratiya bo‘yicha tanqidiga munosabat bildirdi

Senatorlar Uzbekistan Airways aviakassalarida yo‘lovchi pasportining asl nusxasi talab qilinayotganini tanqid qilgan edi. Kompaniya izohiga ko‘ra, chiptalar shaxsni tasdiqlovchi hujjatning fotonusxalari asosida ham sotilishi mumkin, lekin yo‘lovchi viza talab qilinadigan davlatga chipta olayotgan bo‘lsa, undan amaldagi vizasi bilan pasport talab qilinadi.

Foto: Kun.uz

Uzbekistan Airways aviakompaniyasi Oliy Majlis Senatida yangragan “aviachipta sotishdagi eskirgan byurokratiya” haqidagi tanqidga murosabat bildirdi.

Senatning 29 senyatbr kungi yig‘ilishida fuqarolar UzAirways’ga qarashli kassalardan o‘z yaqinlari uchun aviachipta sotib olmoqchi bo‘lishsa, ulardan fuqarolik pasportining asl nusxasi talab qilinayotgani, pasportning asl nusxasini taqdim etmagan fuqarolarga esa aviachipta sotilmayotgani, bu korrupsiya va ovoragarchilikka sabab bo‘layotgani aytilgan edi.

Senatning Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi raisi Qutbiddin Burhonovga ko‘ra, qo‘mitaga kelib tushgan murojaat asosida bu muammoni hal etish uchun UzAirways’ga 2021 yil 19 martda murojaat qilingan, lekin muammo haligacha o‘z yechimini topmagan. 2023 yil 23 iyunida “Uzbekistan Airways” AJ raisining birinchi o‘rinbosari imzosi bilan Senatga yo‘llagan javobda hech bir asossiz bu muammoni hal qilish imkonsiz ekani ma’lum qilingan, degandi senator.

Aviakompaniya axborotida aytilishicha, amaldagi normativ hujjatlarda (qoidalar va yo‘riqnomalar) aviakassirlardan yo‘lovchilarning shaxsini tasdiqlovchi hujjatlarning asl nusxasi asosida aviachiptalarni rasmiylashtirishni talab qiluvchi bandlar mavjud emas. “Uzbekistan Airways Sales” filialida yoki aviakompaniya agentlarida aviachipta sotuvi yo‘lovchilarning shaxsini tasdiqlovchi guvohnomalarning asl nusxalari asosida ham, ularning fotonusxalari asosida ham amalga oshiriladi.

Shu bilan birga, qayd etilishicha, “Uzbekistan Airways” AJ BMT Xavfsizlik Kengashining 2178-sonli rezolyutsiyasining 9-bandi talablariga muvofiq (2014 yildan), API tizimi orqali belgilangan manzillarga boradigan yo‘lovchilarning asosiy ma’lumotlarini uzatish bo‘yicha BMTning maxsus tuzilmalari qaroriga amal qilgan holda, O‘zbekiston Respublikasi hamda aviakompaniyaning qatnovlari bajariladigan mamlakatlarning huquqiy maydoniga muvofiq faoliyat yuritmoqda. Ushbu xalqaro reglamentga asoslanib, yo‘lovchilarning belgilangan ma’lumotlari aviachiptalarni sotishda bron qilish tizimiga kiritilishi kerak. Shu munosabat bilan, O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari uchun viza rejimi joriy etilgan uzoq xorij mamlakatlariga aviachiptalarni sotishda yo‘lovchiga hamda aviakompaniyaga jarima sanksiyalari qo‘llanmasligi uchun “Uzbekistan Airways Sales” filiali aviakassalarida va aviakompaniya agentlaridan belgilangan mamlakatning amaldagi vizasi bilan pasport talab qilinadi.

“Chipta va pasport ma’lumotlaridagi har qanday noaniqliklar va nomuvofiqliklar jarimalarga yoki kirish uchun asos yo‘qligi sababli yo‘lovchini jo‘nash mamlakatiga qaytarib yuborishga olib kelishi mumkin. Shu sababli, aviachiptalarni kassir tomonidan rasmiylashtirishda yoki onlayn rasmiylashtirishda mijoz tomonidan yo‘lovchining belgilangan ma’lumotlari va borish mamlakatining amaldagi vizalari to‘g‘ri kiritilishi juda muhimdir”, – deya ta’kidlagan UzAirways.

Kompaniyaga ko‘ra, yuzaga kelgan savollar va tushunmovchiliklarni inobatga olgan holda, “Uzbekistan Airways” AJ tomonidan O‘zbekistonda va undan tashqarida aviachiptalarni sotish bo‘yicha barcha agentlarga aviachiptalarni sotib olishda yo‘lovchilar yoki ularning yaqinlari tomonidan yo‘lovchining shaxsini tasdiqlovchi hujjatlarning asl nusxalarini taqdim etish zarurati yo‘qligi to‘g‘risida navbatdagi eslatma yuborildi.

UzAirways yo‘lovchilar va yaqinlarining aviachiptalar sotishda ko‘rsatilayotgan xizmatlar haqidagi fikr-mulohazalariga e’tibor qaratgani va umuman O‘zbekistonda yo‘lovchi havo transportini rivojlantirishdagi ko‘magi uchun Oliy Majlis Senatiga chuqur hurmat va minnatdorchilik bildirgan.

Mavzuga oid