O‘zbekiston | 07:53 / 13.10.2023
5568
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda afg‘onlarni o‘qitish va kasbga tayyorlash loyihasining 2-bosqichi boshlandi

YeI va BMT Taraqqiyot dasturi amalga oshirgan O‘zbekistonda vaqtincha yashayotgan Afg‘oniston fuqarolarini o‘qitish va kasbga tayyorlash bo‘yicha loyihaning birinchi bosqichida 330 dan ortiq kishi ishtirok etdi. Termizda loyihaning 400 nafar Afg‘oniston fuqarosini qamrab olgan ikkinchi bosqichi boshlandi.

Foto: YeIning O‘zbekistondagi delegatsiyasi ofisi

Yevropa Ittifoqi va BMT Taraqqiyot dasturining O‘zbekistondagi vakillari 11 oktyabr kuni «Surxondaryo viloyatining Afg‘oniston fuqarolarini o‘qitish va kasbga tayyorlash bo‘yicha imkoniyatlarini kengaytirish» loyihasining ikkinchi bosqichi ishga tushirilishi munosabati bilan Termizga tashrif buyurdi, deya xabar berdi Gazeta.uz.

Loyihaning o‘zi 2022 yilda Surxondaryo viloyatida Afg‘oniston fuqarolari uchun yangi ta’lim imkoniyatlarini yaratish, yoshlar va ayollarga alohida e’tibor qaratish maqsadida boshlangan edi. Yevropa Ittifoqi ushbu tashabbus uchun 1 mln yevro ajratdi, BMTTD esa uni amalga oshirmoqda.

Loyihaning ikkinchi bosqichi 400 nafar talabani mahalliy va jahon miqyosida, jumladan, Afg‘onistonda ham talab yuqori bo‘lgan kasblar bo‘yicha o‘qitishni qo‘llab-quvvatlaydi. Eng yaxshi talabalar o‘qishni davom ettirishi, biznesni boshqarish ko‘nikmalariga ega bo‘lishi va o‘z g‘oyalarini real daromadga aylantirish uchun kichik grantlar sohibiga aylanishi mumkin.

«Yevropa Ittifoqi Afg‘oniston xalqini qo‘llab-quvvatlash tarafdori va biz Surxondaryo viloyatida vaqtincha istiqomat qilayotgan Afg‘oniston fuqarolarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida O‘zbekiston hukumati, Termiz shahridagi Afg‘oniston fuqarolari uchun ta’lim markazi va BMTTD bilan hamkorlikni davom ettirish imkoniyatidan mamnunmiz», — deya ta’kidladi YeIning O‘zbekistondagi elchisi Sharlotta Adrian.

«Ikkinchi bosqich doirasida amalga oshirilayotgan tashabbus nafaqat afg‘on fuqarolariga qo‘shimcha ta’lim va kasb-hunar ta’limi olish imkoniyatini beradi, balki shu orqali ularning turmush tarzini qo‘llab-quvvatlaydi, ularning O‘zbekistonda bo‘lishini yanada xavfsiz va barqaror qiladi», — deya qo‘shimcha qildi u.

Mavzuga oid