16:47 / 18.10.2023
29431

Qibrayda 13 yoshli qizni zo‘rlagan shaxs 15 yilga ozodlikdan mahrum qilindi 

27 yoshli sudlanuvchi jinoyat sodir etganidan keyin Milliy gvardiya huzuridagi Qo‘riqlash xizmatiga ishga qabul qilingan bo‘lgan. Hodisa jamoatchilikka oshkor bo‘lmagunicha tergov organi “ishda jinoyat tarkibi yo‘q”, deb jinoyat ishi qo‘zg‘atishni rad etib kelgan. 

Foto: Getty Images

“Sukut saqlama” loyihasining xabar berishicha, 2019 yilda xorijda istiqomat qiluvchi oilaning 13 yoshli qizi O‘zbekistonga, buvisini ko‘rishga kelgan va shu yerda mahalladoshi 27 yoshli erkak tomonidan zo‘rlangan. Zo‘ravonning tahdidlari sabab voqeani hech kimga aytolmagan o‘smir xorijga qaytgach qattiq depressiyaga tushib, joniga qasd qilishga urinadi. Vaziyatdan xabar topgan ota-ona O‘zbekistonga kelib holat yuzasidan arz qilishadi. Bu paytda erkak Milliy gvardiya tizimiga ishga kirgan edi. 

Ota-onaning murojaati natijasiz qoladi, ishda “jinoyat tarkibi yo‘q”ligi aytiladi. Shundan so‘ng “Sukut saqlama”ga murojaat qilinadi va ish qaytadan ochiladi. 

Jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov qilinadi va ish sudga oshiriladi.

2023 yil 18 oktabr kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Bo‘stonliq tuman sudida Sh.Sh. (1993 yilda Toshkent viloyatida tug‘ilgan, Milliy gvardiyaga qarashli Qibray tumani Qo‘riqlash bo‘limi safdor-xodimi, jinoyat sodir etilgan paytda ishsiz bo‘lgan)ga oid jinoyat ishini ko‘rib chiqish bo‘yicha sud jarayoni yakunlanib, sud hukmi e’lon qilindi.

Sud hukmiga muvofiq Sh.Sh. Jinoyat kodeksining 118-moddasi (nomusga tegish) 4-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topilib, unga 15 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi” deyiladi Oliy sud axborot xizmati xabarida.

Top