18:26 / 31.10.2023
9071

“Tinch aholi orasida qurbonlar yanada ko‘payishi mumkin” - tahlilchi Isroilning quruqlik amaliyoti haqida

“Hozirgacha G‘azoda 8 mingdan ortiq tinch aholi vafot etgan, asosiy qismi – bolalar. Endigi operatsiyada talafotlar bundan ham ko‘p bo‘lishi tabiiy. Chunki quruqlik operatsiyasini o‘tkazish juda murakkab: kim dushman, kim oddiy aholi bilish qiyin bo‘ladi. Aholi va binolar zich joylashgan”, – deydi siyosiy tahlilchi Hamza Boltayev.

Isroil 28 oktyabrda HAMASga qarshi G‘azodagi operatsiyaning ikkinchi bosqichi boshlanganini e’lon qildi. Tinch aholi orasida qurbonlar soni kundan kunga ortib boryapti, dunyoning yirik shaharlarida namoyishlar tinmayapti, lekin hech qaysi geosiyosiy kuch Binyamin Netanyahu hukumatiga real to‘sqinlik qila olmayapti.

Kun.uz muxbiri “Geosiyosat”ning navbatdagi sonida urush va uning atrofidagi voqealar rivoji mavzusida siyosiy tahlilchi Hamza Boltayev bilan suhbatlashdi.

— Isroil hukumati operatsiyaning 2-bosqichiga o‘tganini ma’lum qildi, amalda quruqlik operatsiyasi boshlandi deyish mumkinmi?

— Isroil hukumati tomonidan G‘azo sektorida olib borilayotgan harbiy harakatlarning ikkinchi – quruqlikdagi bosqichi boshlandi deyish mumkin. Havo kuchlaridan tashqari bu bosqichga og‘ir artilleriya texnikalari ham jalb qilinmoqda. AQShdan ham yordam bo‘lyapti. AQShda qaysi partiya hukumat tepasida bo‘lishidan qat’i nazar, Isroilni qo‘llab keladi va harbiy, iqtisodiy paketlarni doimiy ajratib keladi.

Netanyahuning aytishicha, G‘azodagi operatsiyadan maqsad – birinchi navbatda HAMASni butunlay yo‘q qilish. Bu harakatlar kelajakdagi tahdidlarning oldini olishga, asirlikdagi isroilliklarni ozod qilishga qaratilganini ham ta’kidladi. Agar kelajakdagi tahdidlarning ham oldini olmoqchi bo‘lsa, juda katta harbiy operatsiya bo‘ladi bu.

G‘azoni Isroil tarkibiga qo‘shib oladimi, degan masalaga to‘xtalsak. Menimcha, bundan Isroil manfaatdor emas. Chunki kuchli xalqaro bosim ostida qolib ketadi agar shunday qilsa. Quruqlik operatsiyalari boshlanishi bilan butun dunyo bo‘ylab namoyishlar, chiqishlar, bayonotlar avj oldi. Hatto Isroilni doimiy qo‘llovchi G‘arb davlatlarida ham namoyishlar ko‘paydi. Hukumat darajasida bo‘lmasa-da, butun dunyo hamjamiyati bu urushga qarshi turibdi. Bunday vaziyatda kuch ishlatib hal qilamiz, degan yondashuv xato bo‘ladi.

Bilamizki, G‘azoda HAMASning katta tarmoqli yerosti tunnellari bor, shularni yo‘q qilish va asirlarni ozod etish – operatsiyaning maqsadi. Har holda, shunday bayonot berdi Netanyahu. Ma’lumotlarga ko‘ra, bu harbiy operatsiya 6 haftadan 6 oygacha cho‘zilishi mumkin. Aholi zichligi va yerosti tunnellari omili vaziyatni murakkablashtiradi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, G‘azoda 8 mingdan ortiq tinch aholi vafot etgan, asosiy qismi bolalar. Endigi operatsiyada talafotlar bundan ham ko‘p bo‘lishi tabiiy. Chunki quruqlik operatsiyasini o‘tkazish juda murakkab: kim dushman, kim oddiy aholi bilish qiyin bo‘ladi. Bundan tashqari, aytganimdek, aholi va binolar zich joylashgan, shuning hisobiga qurbonlar soni oshib ketish ehtimoli katta.

— Gumanitar inqiroz yuzaga kelishiga munosabatingiz. Bunga jahon hamjamiyati, asosan arab mamlakatlari qanday munosabat bildiradi?

— Falastinni qo‘llash uchun arab davlatlari birlashgandek ko‘rinadi, lekin bu narsa faqat bayonotlarda. O‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha BMT Bosh Assambleyasi rezolyutsiyasi qabul qilindi, G‘arb davlatlari ham qo‘lladi buni. Yaqin o‘tmishdagi Yaqin Sharq mintaqasidagi munosabatlarga qaraydigan bo‘lsak, AQSh Isroil va arab davlatlari o‘rtasidagi konfliktlarni yakunlash siyosatini olib borayotgan edi. Hindistonda o‘tgan G20 sammitida taklif etilgan Hindistonni G‘arb bilan bog‘lovchi koridorda arab davlatlari va Isroil ham bo‘lib, bu orqali ularning savdo-iqtisodiy aloqalari ham kuchayadi, deb qaralayotgan edi.

Lekin arab davlatlari bilan Isroilning yaqinlashuvi Eron va boshqa ba’zi kuchlarga yoqmaydi. Yaqin Sharqda kuchlar balansi buzilishidan Eron hech qachon manfaatdor bo‘lmagan. Shu nuqtayi nazardan, arab davlatlari va Isroil yaqinlashuvi faqat deklarativ holatda bo‘lib turibdi.

Yana bir muhim jihat bor. HAMAS–Isroil urushining faol jarayonlari boshlangach, AQSh prezidenti va davlat kotibi tomonidan bir qator uchrashuvlar bo‘ldi. Birinchi navbatda davlat kotibining Saudiya va Misrga tashrifi muhim ahamiyatga ega. Isroil quruqlikdagi hujumni boshlasa, G‘azodagi gumanitar inqirozning oldini olish va qochoqlarni qabul qilish bo‘yicha Misr bilan kelishuv bo‘ldi. Rozi bo‘lganiga sabab shuki, AQSh har yili Misrga ham harbiy, iqtisodiy paketlar ajratadi. Boshqa yaqin diplomatik munosabatlar ham bor.

Saudiya hech qachon qo‘llamasligi aniq, lekin amaliy ishlarga qarash kerak. Ikkinchi bosqich hujumi boshlandi, lekin Saudiya hech qanday amaliy ish qilgani yo‘q, sanksiyalar ham bo‘lmadi, diplomatik munosabatlarni to‘xtatish haqida bayonot bo‘lmadi. Bu ikkinchi bosqich operatsiya mintaqadagi kuchlar nisbatiga jiddiy ta’sir qilmaydigan bo‘lsa, arab davlatlari bayonotlar bilan cheklanishini kuzatishimiz mumkin.

Turkiya pozitsiyasi haqida nima deya olasiz?

— Quruqlik operatsiyasi boshlangach, Turkiya bosqichma-bosqich o‘z bayonotlarini kuchaytirib bormoqda. Kecha Anqarada 1,5 mln kishilik miting bo‘ldi va Erdo‘g‘an boshchilik qildi. Oldinroq parlamentda HAMASni vatan ozodligi uchun kurashayotgan mujohidlar deb atagandi.

Erdo‘g‘an Isroilga rasmiy tashrifini bekor qildi va Isroilni jinoyatchi davlat sifatida e’lon qilishini bildirdi. Ta’kidladiki, bu bayonotlar shunchaki gap emas, buning ortida amaliy choralar bor. Bundan tashqari, Erdo‘g‘an bir paytlar Falastin yerlari Usmonlilar Turkiyasining yeri bo‘lganini aytib, bu yerlar qadrli ekanini bildirdi. Lekin Turkiya bayonotlari ortidan katta amaliy natijalar bo‘ladi deb o‘ylamayman.

Normuhammad Ali Abdurahmonov suhbatlashdi.

Mavzu
HAMAS–Isroil urushi
7 oktyabr kuni G‘azo bo‘lgasidagi HAMAS kuchlari Isroilga yoppasiga raketa zarbalari berdi va chegaradagi aholi punktlarini egallay boshladi. Bunga javoban Isroil tashkilotga qarshi urush ochdi. Bu safargi eskalatsiya avval kuzatilmagan darajada ko‘p qurbonlarga olib keldi.
Barchasi
Top