09:09 / 03.06.2024
5069

Isroil Baydenning rejasini qayta ishlash sharti bilan qabul qilishga tayyor

Netanyahu maslahatchisining so‘zlariga ko‘ra, Isroil AQShning G‘azo sektorida o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha taklifiga ochiq, biroq bu rejaning ko‘p tafsilotlari hali qayta ishlanishi kerak.

Foto: Global Look Press/Avi Ohayon/Israel Gpo

Isroil AQShning G‘azo sektorida o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha taklifiga ochiq, biroq rejani yaxshilash kerak, dedi Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahuning tashqi siyosat bo‘yicha maslahatchisi Ofir Falk. «Ko‘p tafsilotlarni ishlab chiqish kerak, jumladan, barcha maqsadlarimizga erishmagunimizcha doimiy otashkesim bo‘lmaydi», dedi Falk Britaniyaning The Sunday Times gazetasiga intervyusida.

Falkning ta’kidlashicha, Isroil AQSh prezidenti Jo Bayden bir kun oldin e’lon qilgan rejani rad etmaydi. U buni Isroil rasmiylari rozi bo‘lgan kelishuv deb atadi. «Bu unchalik yaxshi kelishuv emas, lekin biz haqiqatan ham barcha garovga olinganlarning ozod etilishini xohlaymiz», - deya qo‘shimcha qildi Netanyahu maslahatchisi. 

Uning so‘zlariga ko‘ra, Isroilning o‘t ochishni to‘liq to‘xtatish shartlari o‘zgarmagan: garovga olinganlarni ozod qilish va HAMASni «genotsid uchun javobgar terrorchi tashkilot» sifatida yo‘q qilish. 

O‘nglar Netanyahu AQSh rejasini qabul qilsa, uni ag‘darish bilan tahdid qilmoqda, so‘llar esa yordam berishga tayyor 

Isroil hukumatidagi o‘ta o‘ng millatchilar, agar Binyamin Netanyahu prezident Bayden taklif qilgan sulhni qabul qilsa, hukmron koalitsiyani ag‘darish bilan tahdid qilmoqda, deb yozadi The Sunday Times. 

Isroil milliy xavfsizlik vaziri Itamar Ben-Gvir shanba kuni kechqurun uning o‘ta o‘ngchi «Otsma yexudit» («Yahudiy kuchi») partiyasi «terrorizmga g‘alaba» berishdan ko‘ra hukumatni tarqatib yuborishni afzal ko‘rishini aytdi. Isroil moliya vaziri Betsalel Smotrich «u taklif qilingan rejaga rozi bo‘lgan hukumatning bir qismi bo‘lmasligini» aytdi. 

O‘z navbatida, Isroil muxolifati yetakchisi Yair Lapid Netanyahuni G‘azo sektoridagi vaziyatni tartibga solish bo‘yicha Oq uy rejasini qabul qilishga chaqirdi. Shu bilan birga, u Netanyahuning koalitsiyadagi ba’zi hamkorlari bunga qarshi chiqsa, kelishuvni amalga oshirish uchun hukumatni qo‘llab-quvvatlashga tayyorligini bildirdi. 

Baydenning rejasi nimadan iborat?

AQSh prezidenti Jo Bayden 31 may kuni Isroil taklif qilgan G‘azo sektorida o‘t ochishni to‘xtatish va isroillik garovga olinganlarni ozod qilish bo‘yicha yangi rejani taqdim etdi. Reja deeskalatsiyaning uch bosqichi, asosan, doimiy sulh va Isroilning Falastin hududidan chiqib ketishini o‘z ichiga oladi.

Rejaga ko‘ra, birinchi bosqich olti hafta davom etishi kerak. Unda to‘liq va yakuniy o‘t ochishni to‘xtatish, Isroil qo‘shinlarining G‘azo sektoridagi aholi punktlaridan olib chiqib ketilishi va yuzlab falastinlik mahbuslarni ozod qilish evaziga bir qator isroillik garovga olinganlarni qaytarish kiradi. Ikkinchi bosqich harbiy harakatlarni yakuniy to‘xtatish va Isroil qo‘shinlarini G‘azo sektoridan olib chiqib ketishni o‘z ichiga oladi. Bundan tashqari, bu bosqichda qolgan barcha garovga olinganlar Isroilga qaytarilishi kerak. Nihoyat, uchinchi bosqichda AQSh va xalqaro hamjamiyat ko‘magida mintaqani keng ko‘lamli qayta qurish rejasi boshlanadi, bu esa 3-5 yil davom etadi. HAMAS tomonidan o‘ldirilganlarning jasad qoldiqlari isroillik oilalarga qaytarilishi kerak.

Jo Bayden o‘t ochishni to‘xtatish rejasi Qatar vositachilari orqali HAMAS guruhi vakillariga berilganini aytdi. Amerika prezidenti HAMASni bu taklifni qabul qilishga chaqirdi. Shu bilan birga, u isroillik siyosatchilarga ham murojaat qildi. «Isroilda bu rejaga rozi bo‘lmaydigan va urushni cheksiz davom ettirishga chaqiradiganlar borligini bilaman» dedi Bayden, Isroil o‘z xavfsizligi uchun qo‘rqmasdan kelishuvga erisha olishini ta’kidlab.

HAMAS taklif qilingan kelishuvni olqishladi 

Dpa ma’lumotlariga ko‘ra, HAMAS Bayden taqdim etgan kelishuvni olqishlagan. Guruh vakillarining so‘zlariga ko‘ra, agar Isroil «bu borada aniq majburiyatini bildirsa», ular doimiy o‘t ochishni to‘xtatish va Isroil qo‘shinlarini G‘azo sektoridan to‘liq olib chiqishga asoslangan har qanday taklifga «konstruktiv munosabatda bo‘lishga» tayyor.

Yevroittifoq va BMT o‘t ochishni to‘xtatish rejasini qo‘llab-quvvatladi 

Yevrokomissiya rahbari Ursula fon der Lyayyenning so‘zlariga ko‘ra, bu «taklif G‘azo sektoridagi urush va tinch aholi azob-uqubatlarini to‘xtatish yo‘lida harakat qilish uchun jiddiy imkoniyatdir». X mikrobloglar servisidagi postida u uch bosqichli yondashuv «muvozanatli va realistik» hamda «barcha tomonlarning qo‘llab-quvvatlashiga muhtoj» ekanligini ta’kidladi.

BMT bosh kotibi Antoniu Guterrish Bayden e’lon qilgan rejani qo‘llab-quvvatladi. Bu haqda uning matbuot kotibi Stefan Dyujarrik ma’lum qildi. «Bosh kotib bu uzoq muddatli tinchlikka erishish uchun tomonlar o‘rtasida konsensusga olib kelishiga umid qilmoqda», - deya uning so‘zlaridan iqtibos keltirgan dpa agentligi. 

Isroil-Falastin mojarosi

7 oktyabr kuni ertalab HAMASning harbiy qanoti - «Izzaddin al-Qassam brigadalari» Isroilga qarshi «Al-Aqso to‘foni» operatsiyasi boshlanganini e’lon qildi. G‘azo sektoridan Isroil tomon minglab raketalar otildi, qurolli guruhlar Isroil aholi punktlariga kirdi. 

HAMASning bildirishicha, operatsiya bosib olingan Sharqiy Quddusdagi Al-Aqso masjidiga bostirib kirish va isroillik muhojirlarning falastinliklarga nisbatan zo‘ravonligi kuchayib borayotganiga javoban amalga oshirilgan. Bunga javoban Isroil armiyasi G‘azo sektorida HAMASga qarshi o‘nlab qiruvchi samolyotlardan foydalangan holda «Temir qilichlar» operatsiyasi boshlanganini e’lon qildi.

Isroil-Falastin mojarosi avj olgandan beri 36 mingdan ortiq falastinlik halok bo‘ldi. Isroilda qurbonlar soni 1400 dan oshadi. G‘azoning 2,3 million aholisi Isroilning havodan ommaviy bombardimon qilishi va eksklavning to‘liq blokadasi tufayli oziq-ovqat, suv va dori-darmonlar tanqisligidan aziyat chekmoqda.

Mavzu
HAMAS–Isroil urushi
7 oktyabr kuni G‘azo bo‘lgasidagi HAMAS kuchlari Isroilga yoppasiga raketa zarbalari berdi va chegaradagi aholi punktlarini egallay boshladi. Bunga javoban Isroil tashkilotga qarshi urush ochdi. Bu safargi eskalatsiya avval kuzatilmagan darajada ko‘p qurbonlarga olib keldi.
Barchasi
Top