22:51 / 03.11.2023
12136

O‘zbekistonning G‘arbdagi yangi strategik sherigi – Makronning tashrifi nima uchun muhim?

“1994 yil Fransua Mitterandan keyin biron bir Fransiya prezidenti O‘zbekistonga kelmagan edi, biz buni albatta to‘g‘rilaymiz”. Emmanuel Makronning Samarqandda aytgan bu so‘zlari va ikki davlat strategik sherik bo‘lishga kelishib olgani – Toshkent va Parij munosabatlari yangi bosqichga ko‘tarilishidan darak beryapti.

Kun.uz muxbiri Makronning tashrifi yuzasidan Istiqbolli xalqaro tadqiqotlar institutining yetakchi ilmiy xodimi Fazliddin Jamolov bilan suhbatlashdi.

— Dastlab, O‘zbekiston va Fransiya aloqalari tarixiga to‘xtalib o‘tsak.

— Bugun O‘zbekiston va Fransiya munosabatlari jadal rivojlanyapti. Shu paytgacha bo‘lgan munosabatlar bir nechta bosqichdan iborat bo‘lgan. Birinchi bosqich – 1992 yildan 2016 yilgacha, ikkinchisi – 2016 yildan bugungacha bo‘lgan davr.

Birinchi prezidentimiz Islom Karimov 1993 va 1996 yillarda Fransiyaga tashrif buyurgan edi. Diplomatik aloqalar 1992 yil mart oyida o‘rnatilgan, o‘sha yilning yanvar oyida Fransiya O‘zbekiston mustaqilligini tan olgan. O‘sha paytdagi Fransiya prezidenti Fransua Mitteran 1994 yilda O‘zbekistonga tashrif buyurgan bo‘lsa, 1995 yilda Fransiyada O‘zbekiston elchixonasi ochilgan. Shundan so‘ng O‘zbekiston va Fransiya davlat arboblari Florensiyadagi Yevropa davlatlari sammitida, 2002 yili NATO sammitida uchrashishgan. 2013 va 2017 yillarda tashqi ishlar vazirlari doirasida uchrashuvlar bo‘ldi. Oliy darajadagi tashriflar kam edi. Mana, oradan 29 yil o‘tibgina, Fransiya prezidenti yana O‘zbekistonga keldi.

Tashrif uchun Samarqand tanlanishi bejizga emas. Samarqand – YuNeSKO doirasidagi obro‘li shahar, bu tashkilotning qarorgohi Parijda joylashgan. Ikkinchi sabab esa madaniy-gumanitar aloqalar rivojlanganidan. O‘tgan yili prezidentimizning Fransiyaga tashrifi ham Luvrdan boshlangan edi.

O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2018, 2022 yillarda Fransiyaga tashrif buyurgan. Prezidentimiz YeI davlatlari ichida birinchi bo‘lib Fransiyaga borgan edi. 2017 yildan boshlab O‘zbekiston tashqi siyosatida katta o‘zgarishlar bo‘lgani barchamizga ma’lum.

— Fransiya va O‘zbekiston bir-biri uchun qanchalik muhim va manfaatlari nimada?

— O‘tgan yili G‘arbiy Afrikada Fransiya bilan hamkorlikka qarshi noroziliklar bo‘lib o‘tgan edi. Shuning uchun ham Fransiya Markaziy Osiyodan O‘zbekistonga qiziqish bildiryapti. Qozog‘iston va Niger – Fransiyaga uran yetkazib beruvchi asosiy davlatlardir. Emmanuel Makronning Qozog‘iston va O‘zbekistonga tashrifining asosiy sabablaridan biri – uran. Qozog‘istonda uran zaxirasi qariyb 22 mln tonna, bizda esa 3,2 mln tonnaga yaqin.

— Ikki davlat o‘rtasida strategik sheriklik shartnomasi imzolandi. Shunga kengroq to‘xtalsak. Bu strategik sheriklik nima beradi ikki tomonga?

— Bu strategik sheriklik munosabatlarining yangi bosqichga ko‘tarilganini bildiradi. Yuqorida munosabatlarni 2 bosqichga ajratgandik. Bu uchinchi bosqich bo‘lib, u boshlandi. Fransiya – O‘zbekiston uchun boy tarixiy-madaniy meros, ijtimoiy-siyosiy an’analar, innovatsiyalar mamlakati hisoblanadi. Fransiya YeI integratsiyasi asoschilaridan.

O‘zbekiston hozir jahon bozoriga chiqishni boshlagan. YeI davlatlariga eksportni oshirishda Fransiyaning ko‘magi bor. Fransiya O‘zbekistonning JSTga bo‘lgan intilishini ham qo‘llaydi. Buni Fransiya hukumati ta’kidlab o‘tgan. Makron tashrif davomida o‘zaro aloqalarni yangi bosqichga olib chiqish borasida ham to‘xtalib o‘tdi.

Makronga tashrif davomida 60 dan ortiq biznes vakillari delegatsiyasi ham hamrohlik qilgan. Bu fransuz ishbilarmon doiralarida O‘zbekistonga nisbatan qiziqish borligini ko‘rsatadi. Fransiya, umuman, Yevropa davlatlari ishonchli investitsion muhit bo‘lishi kerakligini aytadi. Demak, O‘zbekistonda shunday muhit ko‘rishyapti. Bu narsa oliy darajali uchrashuvda yangi bosqichga ko‘tarilyapti ham.

Prezidentimiz tashabbusi bilan Emmanuel Makronning 2 ta kitobi o‘zbek tiliga tarjima qilingan. Bu ham madaniy-gumanitar aloqalar yaxshilanishidan dalolat. Tadrijiy davomi bor buning.

Geosiyosiy vaziyatdan kelib chiqib aytadigan bo‘lsak, strategik sheriklik Fransiya uchun katta rol o‘ynaydi. Fransiya Taraqqiyot agentligining Markaziy Osiyodagi shtab kvartirasi aynan O‘zbekistonda ochilyapti. Rossiya va Xitoy faktorlarini hisobga oladigan bo‘lsak, hamkorlik uchun muhim qadamlar tashlanyapti.

— Tashrif doirasida qanday shartnomalar imzolandi va ularning ahamiyati qay darajada?

— 8 ta hujjat imzolandi. Birinchi hujjat – Samarqandda Fransuz alyansi maktabi ochilishi haqida. Bu narsa ham madaniy-gumanitar aloqalar kuchayishini ko‘rsatadi. Ikkinchisi – O‘zbekistonda ichimlik suvi ta’minoti infratuzilmasini yaxshilash bo‘yicha hukumatlararo moliyaviy bayonnoma. Fransiyaning yirik kompaniyalar hamkorligida Toshkentdagi suv infratuzilmasini yaxshilab, Yangi Toshkentni qurishda ularning ishtiroki ko‘zda tutilyapti. Tashqi ishlar vazirliklari tomonidan diplomatik kadrlar tayyorlash bo‘yicha deklaratsiya ham qabul qilindi. Diplomatiya sohasida yaxshi burilish bu, o‘zi fransuz tili diplomatiya tili hisoblanadi dunyoda. Vazirlik doirasida bunday hamkorlik kadrlar tayyorlashni yangi bosqichga olib chiqadi. Bulardan tashqari ham manfaatli shartnomalar imzolandi.

2022 yildagi Shavkat Mirziyoyev tashrifi doirasida umumiy 6 mlrd dollarlik loyihalar imzolangan bo‘lsa, Emmanuel Makron tashrifida 10 mlrd dollarga yaqin shartnomalar imzolandi. Emmanuel Makron va fransuz biznes vakillari O‘zbekiston va Fransiya o‘rtasida savdo palatasini tashkil etish taklifi berildi. Bu narsa bizning iqtisodiy manfaatlar uchun yaxshi platforma bo‘ladi. Bu savdo palatasi YeI bilan savdo aloqalarni ham yangi bosqichga olib chiqadi.

Bulardan tashqari, Samarqand, Buxoro, Xiva shaharlari o‘rtasida charter reyslar qo‘yilishi; aqlli qishloq loyihalari ham bor. YeIdan O‘zbekistonga keluvchi sayyohlarning ko‘p qismi Fransiyaga to‘g‘ri keladi. Shuning uchun ham bunday loyihalar ahamiyatli va manfaatli.

Normuhammadali Abdurahmonov suhbatlashdi.

Mavzuga oid
Top