Jahon | 21:42 / 07.11.2023
21552
9 daqiqa o‘qiladi

Yaqin Sharqdagi urushning 1 oyligi: xulosalar va kutilmalar

7 oktyabr kuni Falastinning eksklavi G‘azo sektoridagi HAMAS kuchlari Isroilga hujum qilishi ortidan boshlangan Isroilning javob zarbalari bir oydirki davom etyapti.

Bu orada AQSh davlat kotibi Yaqin Sharqqa ikki marta, prezident Bayden esa bir marta kelib ketdi. Arab davlatlaridan tortib, to Janubiy Amerika davlatlarigacha G‘azodagi qirg‘inga munosabat bildirdi. Ba’zi mamlakatlar Isroildan elchisini chaqirib ham oldi. Isroil esa xalqaro chaqiriqlarga e’tibor bermay, G‘azo ichkarisiga to‘xtovsiz hujumlar qilmoqda.

Kun.uz “Geosiyosat” ruknida urushning bir oyligi munosabati bilan siyosatshunoslar Kamoliddin Rabbimov va Shavkat Ikromov bilan suhbatlashdi.

— Urush boshlanganidan buyon Blinken ikkinchi marta Yaqin Sharqqa keldi, buning sababi nima?

Shavkat Ikromov: — 3 ta asosiy sababni sanab o‘tish mumkin. Birinchidan, AQShning o‘zidagi siyosiy doiralarda urushga nisbatan norozilik kayfiyati ortib boryapti. Demokratlarda ham, respublikachilarda ham, urushni to‘xtatish talablari ortyapti. O‘zi Bayden prezidentlik davrida Yaqin Sharqqa e’tiborni pasaytirgan edi. 7 oktyabr voqealaridan keyin favqulodda Yaqin Sharqqa kirib kelishi boshlandi. Bu esa AQSh siyosiy doiralarining katta bosim bilan ishlashiga sabab bo‘ldi va oqibatda norozilik yuzaga keldi.

Ikkinchidan, Netanyahu boshchiligidagi o‘ng kuchlar olib borayotgan siyosatni qo‘llagani uchun AQShni ikkiyuzlamachi va demokratik tamoyillarga amal qilmayotgan davlat sifatida ko‘rsatyapti. Shuning uchun choralar ko‘rish kerak edi.

Uchinchidan, urush yakunidan keyin G‘azodagi vaziyat qanday bo‘lishini muhokama qilish maqsadi ham bor. Blinken Yaqin Sharqdagi bir qancha mamlakatlarga bordi. AQSh urushning G‘azodan tashqariga chiqmasligini istaydi, hozircha shunday bo‘lib turibdi.

Kamoliddin Rabbimov: — Butun dunyoni Amerika harbiy strateglari alohida okruglarga bo‘ladi. Markaziy harbiy qo‘mondonlik Shimoliy Amerika emas, Yevroosiyo qit’asining Yaqin Sharq mintaqasi hisoblanadi. Yaqin Sharq, qisman Afrika davlatlari Markaziy harbiy qo‘mondonlik deb ataladi AQSh strategiyasida. Bu qo‘mondonlik markazida Isroil turadi. Isroil tashkil topganidan bugungacha AQShning siyosiy, geosiyosiy, harbiy strategiyasida alohida rol o‘ynaydi. Prezident Regan davrida NATOdan tashqari AQShning harbiy ittifoqchilari degan tamoyil kiritilgan, AQShga 19 ta davlat ana shunday ittifoqchi, ularning birinchisi – Isroil. AQSh o‘ziga Isroilni himoya qilish majburiyatini olgan.

AQShda Isroilga munosabat prezidentlar, hukumatga qarab biroz o‘zgarib turadi, lekin tub o‘zgarish bo‘lmaydi, chunki yahudiy lobbisi bunga yo‘l qo‘ymaydi. Masalan, Obama davrida AQSh birinchi marta Isroilni himoya qilish uchun BMTda veto ishlatmagan. O‘sha payt Obama AQSh ichidagi qudratli kuchlar haqida gapirib, o‘ziga nisbatan salbiy munosabat borligini ham aytib o‘tgan. Obama davridan oldin AQSh tashqi siyosatida ustuvor yo‘nalishlarini qayta ko‘rib chiqish masalasi o‘rtaga chiqdi. Oldin Yaqin Sharq AQSh geostrategiyasining markazida edi, Obama davridan boshlab, 3 ta prezident geostrategiyaning asosini Xitoyni o‘rashga qaratdi.

7 oktyabrda boshlangan mojaro AQSh uchun jiddiy chaqiriq. 20 yil Afg‘onistonda urishgan, Ukraina masalasi hal bo‘lmasdan, Isroilni o‘z holiga tashlab qo‘ysa, dunyoda AQSh charchadi, ittifoqchilarini himoya qilolmaydi degan fikr paydo bo‘ladi. Obama va Bayden davrida Isroil bilan munosabatlar tarang bo‘ldi.

Blinkenning tashriflaridan maqsadlar bir qancha. Birinchi navbatda urush kengayib ketmasligi. HAMAS hujum qilmasidan oldin «Hizbulloh» bilan kelishilgan degan qarashlar bor edi, Eronga ham bosimlar bo‘ldi. Agar shunday bo‘lmaganda Isroilga 3 tomonlama hujum bo‘lishi ehtimoli yo‘q emasdi: janubdan, shimoldan va sharqdan.

Bundan tashqari, Blinken qolgan arab davlatlari hukumati kayfiyatini ham nazorat qilishi kerak bo‘ladi. Ma’lumotlarga ko‘ra, yopiq kanallar orqali Bayden Netanyahuga salbiy signallar beryapti, ya’ni bu jinoyatni to‘xtatmasang, biz senga yordam berolmaymiz, oqibati og‘ir bo‘ladi, degan shaklda. Rezolyutsiyalarda AQSh va Isroil yakkalanib qolyapti. AQSh kabi «yumshoq kuch»ni san’at darajasiga ko‘targan davlat uchun bu sharmandalik.

Nega Isroil BMT va xalqaro kelishuvlarga amal qilmayapti?

Shavkat Ikromov: — Bu vaziyatda BMT tarixda bo‘lmagan jipslashuv, yakdillik bilan bayonotlar beryapti. Lekin Isroilning ham da’volari bor. Isroil milliy xavfsizligimizga tahdid bo‘lgan HAMASni yo‘q qilmoqchimiz, bosqinchilik urushi emas deyapti. Isroilni qo‘llovchi AQSh va uning ortidagi kollektiv G‘arbga tayanyapti. Umuman, Isroilning pozitsiyasi aniq. Netanyahu eng oxirgi asir qutqarilmaguncha urush davom etadi deyapti va urushga qarshi bo‘lganlarni HAMASni qo‘llovchilar deb qabul qilyapti. Isroil hech kim bilan hisoblashmoqchi emas.

Kamoliddin Rabbimov: — BMT tarixida eng ko‘p rezolyutsiyalarni buzgan davlat Isroil hisoblanadi. Chunki BMTda ikkita bosh organdan biri Xavfsizlik Kengashi (5 ta doimiy, 10 ta almashib turuvchi a’zo), ulardan bittasi veto qo‘ysa ham, inkor etiladi. Ikkinchi organ – Bosh Assambleya. Isroil doim BMT rezolyutsiyalarini inkor qilib keladi. Va doim Gitler Germaniyasi tomonidan bo‘lgan qirg‘inlarni ro‘kach qilib, o‘zini jabrdiyda qilib ko‘rsatishga harakat qiladi. Bugun Gitler ishini Isroilning o‘zi Falastinga nisbatan qo‘llayapti.

— Arab davlatlari nega faqat bayonotlar bilan cheklanyapti, buning sababi Ibrohim kelishuvlarimi?

Shavkat Ikromov: — Arab davlatlari uchun og‘ir vaziyat hozir. Chunki ichki va tashqi masalalar murakkab. Ular berayotgan har qanday bayonotida o‘z manfaatlaridan chetga chiqmaslik bor. Saudiyaning ham, Misrning ham, boshqalarning ham o‘ziga yarasha sabablari bor.

Arab davlatlari aholisida juda katta norozilik bor. Ular Falastinga yordam berishni talab qilyapti. Aholi biz hukumatning ko‘p kamchiliklariga ko‘z yumib kelyapmiz, lekin endi Falastinga yordamga borish kerak, shuni talab qilamiz, demoqda. Xalqaro ekspertlarning aytishicha, bu noroziliklar davom etsa, «Arab bahori – 2» boshlanib ketishi mumkin.

Tashqi omillar. Masalan, Misr har yili AQShdan katta moliyaviy ko‘mak oladi. Ibrohim kelishuvi ham bor. Saudiya Isroilni 2024 yoki 2025 yilga borib tan olishi mumkin. Chunki Saudiya o‘zining yadro dasturida AQSh qo‘lloviga muhtoj. Saudiya Eron bilan kuchlar muvozanatini istaydi, garchi Xitoy vositachiligida yarashgan bo‘lsa-da.

Iordaniya. Bu davlat urush masalasida ancha keskin bayonotlar beryapti. Chunki mamlakat ichida muxolif guruhlar talab qilyapti shuni. Ikkinchi sabab esa urush Falastin g‘arbiy sohiliga o‘tsa, Iordaniyaga minglab qochqinlar kirib keladi.

Misr ham quruq bayonotlar beryapti. Xalq ichida Falastinga yordam berish masalasi ko‘tarilyapti. Umuman, arab davlatlari urush to‘xtashini istaydi. Blinken bilan uchrashuvlarda ham harakatlar to‘xtatilishi talabini bildiryapti. Lekin Isroil qabul qilmayapti bu talabni. Umuman, arab davlatlari vaziyatga amaliy aralashadigan holatda emas, o‘z manfaatlari, ichki muammolari bor.

Kamoliddin Rabbimov: — Isroil rasmiylariga ko‘ra, urush 6-8 oydan 1 yilgacha davom etishi mumkin. Xarajatlar taxminan 60 mlrd dollardan oshishi kutilyapti. Blinken esa Iordaniyada Isroil urushni to‘xtatishga rozi emasligini aytdi.

Arab davlatlari bir paytlar Isroil bilan urush olib borgan va arab liderlari tafakkuri evolyutsiyaga uchragan. Birlashgan Arab Respublikasi (Misr va Suriya), Iordaniya va boshqa arab davlatlari yordamida Isroilga hujumlar bo‘lgan. Doim Isroil g‘alaba qozongan. Chunki AQSh qo‘llovi bo‘lgan. Bugungi arab davlatlari to‘g‘ridan to‘g‘ri AQSh bilan to‘qnashishni istamaydi. Arab davlatlari endi bosqichma-bosqich ko‘p qutbli siyosatni amalga oshiryapti AQSh ta’siridan chiqish uchun.

NormuhammadAli Abdurahmonov suhbatlashdi.

Mavzuga oid