The New York Times: Isroil «zamonaviy Troya oti»ni yaratdi
Livanda peyjyerlar portlashidan bir necha yil oldin Isroil razvedkasi Vengriyada asosiy «mijozi» «Hizbulloh» bo‘lgan soxta kompaniya ochgandi.
Livanda dastlab peyjyerlar, keyingi kuni — ratsiyalar yoppasiga portlashi oqibatida kamida 30 kishi halok bo‘ldi, yana uch mingdan ortiq kishi turli og‘irlikda tan jarohatlari olgan. Jabrlanganlar orasida aloqa uchun peyjyerlardan foydalanuvchi «Hizbulloh» harakati a’zolari ham ko‘p. Isroil bu amaliyot uchun rasman javobgarlikni o‘z zimmasiga olmagan, ammo Isroil razvedkasi vakillari bu hujum ortida o‘zlari turganini tan olishgan. Isroil mudofaa vazirligi va razvedkasining sobiq hamda hozirda ishlayotgan 12 nafar xodimi The New York Times bilan muloqotda amaliyotga qanday tayyorgarlik ko‘rilgani haqida aytib berishgan. Gazeta suhbatdoshlari uni «murakkab va uzoq davom etgan» amaliyot deb ta’riflagan, nashrning o‘zi esa bunga «zamonaviy Troya oti» deya nom bergan.
«Hizbulloh» a’zolari bir necha yil oldin aloqa vositasi sifatida mobil telefonlar o‘rniga peyjyerlardan foydalanishni boshlagandi — The New York Times nashri yozishicha, buni harakat yetakchisi Hasan Nasrulloh talab qilgan. U «Hizbulloh» yig‘ilishlarida telefondan foydalanishni taqiqlagan va reja tafsilotlari hech qachon mobil telefonlar orqali uzatilmasligi uchun harakat a’zolariga doim yonida o‘z peyjyerlari bilan yurishni buyurgan. 2024 yil fevralida Nasrulloh alohida bayonot berib, yana bir bor telefonlardan qutulishga — ularni «ko‘mib tashlash» yoki «temir qutiga solib qo‘yish»ga chaqirgan. Isroil esa, NYT yozganidek, bunda «bir imkoniyat ko‘rgan».
NYT manbalariga ko‘ra, «Hizbulloh» amalda to‘liq peyjyerlardan foydalanishga o‘tishidan oldinroq, Isroil razvedkasi Vengriyada o‘zini peyjyerlar ishlab chiqaruvchi sifatida ko‘rsatuvchi BAC Consulting kompaniyasini, shuningdek, uning faoliyatini yashirish maqsadida yana ikkita soxta firma ochgan. BAC Consulting kompaniyasining oddiy mijozlari ham bo‘lgan, ular uchun oddiy peyjyerlar ishlab chiqarilgan. Ammo «ahamiyatga ega bo‘lgan» yagona mijoz «Hizbulloh» edi.
Isroil razvedkasining uch vakilining so‘zlariga ko‘ra, «Hizbulloh» uchun peyjyerlar alohida tayyorlangan va tarkibiga PETN portlovchi moddasi (PeNTA, pentaeritrittetranitrat) qo‘shilgan batareyalarga ega bo‘lgan. BAC Consulting kompaniyasi 2022 yilda Livanga bu peyjyerlarni kichik miqdorda yetkazib berishni boshlagan, ammo Nasrullohning mobil telefonlar xavfi to‘g‘risidagi bayonotlaridan keyin yetkazib berish hajmi oshgan.
17 sentabr kuni soat 15:30 da peyjyerlarga xabar kelgan. Ular arab tilida va xuddi «Hizbulloh» oliy rahbariyati tomonidan yo‘llangandek ko‘rinishda bo‘lgan. Ko‘p o‘tmay butun Livan bo‘ylab qurilmalar portlashni boshlagan. Kamida 12 kishi halok bo‘lgan, yana 2700 dan ortiq kishi yaralangan. NYT nashri yozishicha, halok bo‘lganlarning ayrimlari «Hizbulloh» a’zolari bo‘lgan, ayrimlari esa — yo‘q. Qurbonlar orasida bolalar ham bor (ayrim ma’lumotlarga ko‘ra, ikki, boshqalariga ko‘ra — to‘rt nafar). NYT to‘rtinchi sinfda o‘qigan, to‘qqiz yoshli Fotima Abdulla haqida xabar bergan. U maktabdan uyiga qaytganida peyjyerdagi signalni eshitgan va uni otasiga olib borish uchun qo‘liga olgan. Shu pallada peyjyer portlab ketgan. Fotima halok bo‘lgan.
Portlab ketgan peyjyerlarning fotosuratlariga ko‘ra, ular Tayvanning Gold Apollo kompaniyasidan xarid qilingani aytildi. Keyingi kuni mazkur kompaniya bayonot berib, foto va videolarda aks etgan AR-924 peyjyerlari Budapeshtda joylashgan va qurilmani ishlab chiqarish uchun Gold Apollo’dan litsenziya olgan BAC Consulting kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilganini ma’lum qildi.
Financial Times Vengriya reyestriga asoslanib, BAC Consulting kompaniyasiga 2022 yil mayida Kristiana Rosariya Barsoni-Archidiakono tomonidan asos solingani haqida yozdi. Ayni vaqtda 49 yoshda bo‘lgan bu ayolning LinkedIn’dagi profilida Elementar zarrachalar fizikasi sohasida doktorlik darajasiga egaligi, shuningdek, Londondagi Sharqshunoslik va afrikashunoslik maktabi (SOAS) va Londondagi Iqtisodiyot maktabida ishlashi ko‘rsatilgan. NBC nashri bilan suhbatda Barsoni-Archidiakono uning kompaniyasi Gold Apollo bilan hamkorlik qilishini tasdiqlagan, ammo peyjyerlar haqidagi savolga javoban kompaniya ularni ishlab chiqarish bilan shug‘ullanmasligini bildirgan. «Men shunchaki vositachiman. Menimcha, siz adashdingiz», — degan u.
Livandagi portlashlar seriyasi shu bilan to‘xtamadi — keyingi kuni, 18 sentabrda, Bayrutda bir kun oldingi voqealar qurbonlari dafn etilayotganida yana portlashlar ro‘y berdi. Bu safar portlashlarga ratsiyalar sabab bo‘ldi — fotosuratlarga ko‘ra, Yaponiyadagi elektronika buyumlari ishlab chiqaruvchi Icom kompaniyasi mahsulotlari bo‘lgan IC-V82 modelidagi ratsiyalar portlagan. Kompaniya shu kuniyoq bayonot berdi. Unda aytilishicha, 2004 yildan buyon Yaqin Sharqqa yetkazib berilgan bunday ratsiyalarning 2014 yildayoq ishlab chiqarilishi to‘xtatilgandi. Qolaversa, 2020 yildan kompaniya bozorda bo‘lgan barcha IC-V82 ratsiyalari soxta ekanidan ogohlantirgan. So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, ratsiyalar portlashi oqibatida yana 20 kishi halok bo‘lib, 450 kishi yaralangan.
NYT maqolasida takroriy portlashlar vaqtida uning muxbirini ko‘chada bir ayol to‘xtatgani va o‘z farzandlariga qo‘ng‘iroq qilib olishiga yordam berishini so‘ragani haqida yozadi. Jurnalist unga mobil telefonini berganida, u qaltirayotgan barmoqlari bilan raqam teradi va go‘shakka qarata shunday baqiradi: «Telefonlarni darhol o‘chiringlar!»
Mavzuga oid
09:17
Isroil Bayrutga zarba berdi. Kamida 20 kishi halok bo‘lgan
10:30 / 23.11.2024
Xalqaro sud qarori: Netanyahu va Gallant hibsga olinsa nima bo‘ladi?
22:51 / 22.11.2024
Xalqaro jinoyat sudining orderi Isroilni nega qo‘rqityapti?
14:54 / 22.11.2024