O‘zbekiston | 23:46 / 09.11.2023
33402
3 daqiqa o‘qiladi

San’atkorlarga uy-joy olishda subsidiya to‘lanishi haqidagi xabarlarga munosabat bildirildi 

Vazirlar Mahkamasining tegishli qaror loyihasi keng muhokamalarga sabab bo‘lgach, Madaniyat vazirligi bunga munosabat bildirdi. 

Foto: Kun.uz

Madaniyat vazirligi «Uy-joy sotib olish yoki yakka tartibdagi uy-joylarni qurish va rekonstruksiya qilish uchun madaniyat va san’at xodimlariga subsidiya to‘lash tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida»gi Vazirlar Mahkamasi qarori loyihasining ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokama qilinishiga munosabat bildirdi. 

Qayd qilinishicha, madaniyat va san’at sohasi vakillari, ijodkorlar, shuningdek, ushbu sohada faoliyat olib borayotgan professor-o‘qituvchi va xodimlarni moddiy qo‘llab-quvvatlash hamda ularning yashash sharoitlarini yaxshilash «2022–2026 yillarga mo‘ljallangan yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi»da belgilangan. 

Shu bilan birga, prezidentning tegishli qarori bilan, mahalliy budjetning qo‘shimcha manbalari hisobidan uzoq yillar samarali faoliyat olib borgan madaniyat va san’at sohasi vakillariga hamda iste’dodli yosh ijodkorlarga ipoteka krediti asosida sotib olinayotgan uy-joy qiymatining 50 foizi miqdorida, biroq uy-joy qiymatining 50 foizidan yuqori bo‘lmagan miqdorda subsidiya berilishi belgilab qo‘yilgan. 

Vazirlik xabariga ko‘ra, «xalqaro miqyosdagi ko‘rik-tanlovlar va festivallarda yuqori o‘rinlarni egallab, Vatan nomini ulug‘lashga hamda madaniyat va san’at sohasi rivojiga katta hissa qo‘shayotgan madaniyat va san’at sohasi vakillarining aksariyati uzoq yillardan buyon oilaviy yotoqxonalarda yashamoqda». Vazirlik ularning ismi-sharifini keltirmadi. 

Munosabatda ta’kidlanishicha, «internet saytlari va ijtimoiy tarmoqlarda iddao qilinayotganidek, madaniyat va san’at sohasi vakillarining hammasi ham bir xilda to‘y-hasham, tug‘ilgan kun va yoki boshqa tadbirlarda xizmat ko‘rsatish, qo‘shimcha daromad topish imkoniyatiga ega emas. Lekin shunga qaramay, ular o‘z kasbiga mehr qo‘yib, fidoyilik bilan mehnat qilmoqda». 

Madaniyat vazirligi ushbu qaror loyihasiga «madaniyat va san’at sohasi vakillari sha’ni va qadr-qimmatini kamsitish yoki yolg‘on, sharmanda qiluvchi uydirmalarni tarqatish kabi huquqbuzarliklarga yo‘l qo‘ymagan holda qonunchilik hujjatlari yuzasidan asoslangan taklif va mulohazalar bildirishni» so‘ragan.

Mavzuga oid