Jamiyat | 16:48 / 27.11.2023
34826
6 daqiqa o‘qiladi

​​​​​​​Chaqaloqlikdanoq til o‘rgatish mumkinmi? – go‘daklarga chet tilini o‘rgatish shubhalari haqida

Zamon rivojlangani, chet tilini bilishga talab oshgani sayin bolalarga kichik yoshidan til o‘rgatishga qiziqish ham oshyapti. Lekin bola hali tili chiqmasdan 2 ta tilni eshitsa, gapirishi kechikadi, chalkashib ketadi degan qarashlar ham bor. Bular asoslimi? Til o‘rganishning eng erta vaqti nechchi yosh?

Foto: Kun.uz

Til o‘rgatish uchun eng erta vaqt qaysi?

Oldinlari til bilish alohida e’tirof etiladigan qobiliyat hisoblangan bo‘lsa, hozir zaruratga aylanib ulgurdi. Montessori akademiyasi tahlillariga ko‘ra, bolaga ilk 3-4 yoshlik davrida ikkinchi til o‘rgatish — eng yaxshi vaqt hisoblanadi. Sababi bu vaqtda bola ma’lumotlarni juda yaxshi o‘zlashtiradi, shuningdek uning miyasi faol rivojlanayotgani sababli til o‘rganish miya faoliyatini mustahkamlaydi.

Til o‘rgatish til chiqishini kechiktiradimi?

Bolaga hali tili chiqmasdan 2 ta tilda gapirilsa (masalan, ingliz tili) uning tili chiqishi kechikadi degan fikr bildirishadi. Biroq ikki tillilik bolaning tili kechikishiga sabab bo‘lmaydi. 2 tilda gaplashiladigan, ya’ni kichikligidanoq yangi til ham o‘rgatilayotgan bolaning leksikonidagi so‘zlar bir tilda tili chiqayotgan bolaniki bilan bir xil bo‘ladi. Ehtimol, 2 tilli bola kechroq gapirganini kuzatgan bo‘lishingiz mumkin, lekin ular ham odatiy holatda 8-15 oyligidan gapirishga harakat qila boshlaydi.

Bola bilan bittadan ko‘p tilda gaplashish holatining o‘zigina uning tili kech chiqishiga sabab bo‘lmaydi. Agar bolaning tili chiqishi kechikayotgan bo‘lsa, unda mutaxassis bilan maslahatlashish kerak.

Bola 2 ta tildagi so‘zlarni qo‘shib gapiradi. Buning ziyoni bormi?

Odatda, birdaniga 2 tilni o‘rganayotgan bola sof birida emas, ikkalasida ham birday gapirishi va so‘zlarni qo‘shib ishlatishi mumkin. Masalan, “Qorning to‘ydimi?” degan savolga “Ha, mummy!” deb javob berishi mumkin.

Odatda, bittadan ko‘p til biladigan kattalar o‘zlari istagan tilda faqat o‘sha tilning o‘zidagi so‘zlarni topib gaplasha oladi. Ya’ni ular chalkashmaydi. Bolalar esa unday emas. Sababi ular hali til o‘rganish jarayonida va ularning leksikoni xuddi bir tilda so‘zlashadigan bolajonlarniki bilan bir xil cheklangan. Ular o‘zlari bilgan so‘zlarni qatnashtirib gap tuzadi. Buning zararli tomoni borligi isbotlanmagan. Aksincha, 2 tilli bolalar erta yoshdanoq tillarni farqlay olish xususiyatiga ega bo‘lishadi.

Erta til o‘rgatishning qanday foydalari bor?

  • Til o‘rganish bola miya faoliyati ishlashini yaxshilaydi. 2 tilli bolalar muammoni hal qilish, diqqatni jamlash va rejalashtirishda bir tillilarga qaraganda yaxshiroq bo‘lishadi;
  • Boshqa madaniyatlarni yaxshiroq tushunish imkonini beradi;
  • Eshitish qobiliyati kuchliroq bo‘ladi;
  • Keyinroq ulg‘aygach boshqa tillarni ham o‘rgana olishiga ishonch paydo bo‘ladi;
  • Kuchli so‘z boyligiga ega bo‘ladi;
  • Ijtimoiylashish qobiliyati yaxshilanadi;
  • Yozma matnni yaxshiroq tushunishadi;
  • O‘ziga ishonch yuqori bo‘ladi.

Qanday usullarda bolaga til o‘rgatish mumkin?

Yangi tilni imkon qadar ertaroq tanishtirish

Bola qanchalik kichikligining ahamiyati yo‘q. 12 oylikkacha go‘daklar istalgan tildagi tovushlarni tushuna oladi. Masalan, bolaga unga mos va qiziqarli qo‘shiqlar qo‘yib berib birgalikda kuylash orqali so‘zlarni o‘rgatish mumkin.

Eng asosiy narsalarni o‘rgatib borish

Agar bolangizga o‘rgatmoqchi bo‘lgan yangi tilni o‘zingiz yaxshi bilmasangiz ham, o‘rgata olmayman degan xavotir bilan kechiktirmang. Eng asosiy narsalarni yangi tilda tanishtirib borish orqali ham bolaning o‘rganishiga erishish mumkin. Bunda grammatika va talaffuz to‘g‘riligiga e’tibor berish kerak, sababi bola tilni unga o‘rgatayotgan odamdan o‘rganadi. Masalan, itni ko‘rib qolganda uni bolaga it deb emas, "dog" deb, qushni "bird" deb tanishtirish mumkin.

Qiziqtiruvchi vositalardan foydalanish

Agar bolakay mashinalarga qiziqsa, unga o‘rganayotgan tilida avtomobillar haqida kitob olib berish va birgalikda o‘qish mumkin. Yoki o‘yinchoqlar yordamida bolani qiziqtira oladigan til o‘rganish atmosferasini paydo qilish mumkin.

Foydali tavsiyalar

Bir kishi faqat bir tilda gapirishi kerakmi?

Bundan 100 yil oldin taklif qilingan bu strategiyada "Bir kishi — bir til" qoidasi ishlaydi. Ya’ni oilada ota-ona 2 tilli bo‘lsa, ularning biri bir tilda, ikkinchisi esa boshqa tilda bola bilan gaplashadi. Bu bolada aqliy zo‘riqish va chalkashish bo‘lmasligi uchun tavsiya qilingan. Biroq undan keyingi tadqiqotlar bir odamning 2 tildan istalganida bola bilan muloqot qilishi uning til o‘rganishiga xalaqit bermasligini aniqlagan.

Istalgan oila "Bir kishi — bir til" strategiyasini, boshqalari esa aralash gaplashishni tanlayverishlari mumkin.

Ikki tilni qo‘shib gapirish kerak emasmi?

Bir gapni ifodalash uchun 2 ta tildagi so‘zlarni aralashtirib gapirish 2 tilli odamlar uchun odatiy holat. Lekin tadqiqotlarda so‘zlarni aralashtirib gapiradigan odamlarda lug‘at boyligi kamroq bo‘lishi aniqlangan. Bola 20 oylikdan turli tillardagi so‘zlar aralashtirib gapirilganda ham ularni tushunib ololishi mumkin. Biroq u ham shu tarzda so‘zlarni aralashtirib gapirish odatini o‘zlashtirib olishi mumkin.

Eng muhimi, til o‘rgatishga hech qachon kech ham, erta ham emas. Agar bolangiz chaqaloq bo‘lsa, bog‘cha yoki maktabga borsa ham til o‘rgatishni boshlayversangiz bo‘ladi. 

Mavzuga oid