«Pul ham, vaqt ham tugamoqda». Ukraina Amerika qurollarisiz yutqazishidan xavotirda
Ukraina prezidenti ofisi rahbari Andrey Yermak Amerika harbiy yordamining yangi partiyalarisiz o‘z mamlakati Rossiyaga qarshi urushni boy berishi xavfi katta ekanidan ogohlantirdi.
Yermakning so‘zlariga ko‘ra, Amerika qo‘llab-quvvatlovi davom etmasa, Ukraina urushda mag‘lub bo‘lishi «xavfi katta».
«Biz shu pozitsiyalarni saqlab qolishimiz va shunchaki omon qolishimiz ham qiyin bo‘ladi», — deya qo‘shimcha qilgan u seshanba kuni Vashingtondagi AQSh Tinchlik institutida qilgan chiqishida.
Yermakning vaziyatni boricha baholovchi ma’lumotlari prezident Zelenskiy amerikalik senatorlar bilan rejalashtirilgan videokonferensiyadan bosh tortishidan bir necha soat oldin yangradi, prezident bu chiqishida harbiy harakatlar borishi to‘g‘risida xabardor qilishni ko‘zlagandi.
Senatda ko‘pchilikni tashkil qiluvchi demokratlar yetakchisi Chak Shumer tafsilotlarni keltirmasdan bergan ma’lumotga ko‘ra, so‘nggi lahzalarda ukrainlar yetakchisining kechiktirib bo‘lmaydigan ishi chiqib qolgan.
Yermakning bayonoti Oq uy yana bir bor Ukrainaga qo‘shimcha harbiy yordam ajratilishiga urinayotgan mahalda yangramoqda.
Shu bilan birga, Kongress hamon kelgusida ham Kiyevni moliyalashtirish imkonini beradigan murosaga yaqinlashgani yo‘q. BBC’ning Shimoliy Amerikadagi muxbiri Entoni Zurker Kongressdagi vaziyatni tahlil qildi.
Moliyalashtirishdagi boshi berk ko‘cha
«Bizda pul tugab qoldi va amalda vaqtimiz ham tugayapti», — deya yozgan dushanba kuni Oq uy ma’muriy-budjet boshqarmasi direktori Shalanda Yang demokratlar va respublikachilar yetakchilariga murojaatida.
U agar Kongress yil oxirigacha Ukrainaga qo‘shimcha harbiy yordamni ma’qullay olmasa, bu mazkur mamlakatning Rossiyaga qarshi kurashish harakatlariga putur yetkazishi va qo‘shimcha mablag‘ jalb etilishi mumkin bo‘lgan «sehrli tuvakcha» qolmasligi haqida ogohlantirgan.
Ammo dushanba kuni Vakillar palatasi spikeri, respublikachi Mayk Jonson demokratlarning Ukrainaga o‘nlab milliard dollar miqdoridagi qo‘shimcha yordam ko‘rsatish to‘g‘risidagi chaqiriqlarini rad etdi.
«Bayden ma’muriyati Ukrainada aniq strategiya yo‘qligi borasidagi, mojaroni tinch yo‘l bilan hal qilish yoki amerikalik soliq to‘lovchilar tomonidan taqdim etilgan yordam uchun javobgarlikni adekvat ta’minlash bo‘yicha bizni tashvishlantirayotgan savollardan birortasiga javob bera olmadi», — deya yozgan u feysbukda.
Moliyalashtirishdagi boshi berk ko‘cha frontning oldingi chizig‘idagi shunday vaziyat natijasida yuzaga kelgan.
Rossiyaning 2022 yil fevralida boshlangan keng ko‘lamli bosqini davrida AQSh Kongressi Ukrainaga jami 100 mlrd dollar miqdorida harbiy va iqtisodiy yordam ko‘rsatilishini ma’qullagan.
Ammo Bayden ma’muriyati bir necha oydan buyon bu pullarning katta qismi allaqachon taqsimlab berilganidan ogohlantirib kelmoqda.
Amerika tadbirkorlik instituti «Kritik tahdidlar» loyihasi direktori va AQSh Harbiy akademiyasi sobiq professori Frederik Kaganning so‘zlariga ko‘ra, moliyalashtirishdagi kechikishlar allaqachon Ukraina frontida real oqibatlarga olib kelmoqda.
Ukrainlarning yozgi qarshi hujumi yakunlanmoqda, boy berilgan hududlarni qaytarib olish uchun amaliyotlar kelajagi shubha ostida qolmoqda.
«Ukrainlar qiyin tanlov qilishlariga to‘g‘ri keladi, - deydi u. - Agar Qo‘shma Shtatlardan yana nimadir olishiga ishonchi komil bo‘lmasa, ular o‘z nazoratida qolgan joylarni ushlab qolishga harakat qilishi kerak».
Kaganning so‘zlariga ko‘ra, ukrain armiyasiga tanklar, zirhli transportyorlar, qiruvchilar, dronlar va uzoq masofaga harakatlanuvchi qurollar zarur. Va AQSh — bunday texnikalarni tez va kelgusi yilda Ukrainaga kerakli miqdorda yetkazib berishga qodir bo‘lgan yagona mamlakatdir.
Qo‘llab-quvvatlov bor, qonun loyihasi yo‘q
Kongressning ikki palatasida ham Ukrainaga ko‘proq yordam berilishini (garchi Oq uy so‘rayotganidek 61,4 mlrd dollar bo‘lmasa-da) qo‘llab-quvvatlovchi demokratlar va respublikachilar soni ko‘pchilikni tashkil etadi.
Ammo Kongressdagi bu qo‘llab-quvvatlovni prezidentga imzolash uchun yuboriladigan haqiqiy qonun loyihasiga aylantirish jiddiy muammo bo‘lib chiqdi.
AQSh Senatidagi respublikachilar va demokratlar ayni vaqtda Ukrainaga ko‘mak, Isroil va Tayvanga harbiy yordam va AQShning Meksika bilan chegaralarini mustahkamlash bo‘yicha chora-tadbirlarni o‘z ichiga oladigan 106 mlrd dollar miqdoridagi umumiy xarajatlar paketini muhokama qilmoqda.
Xarajatlarning oxirgi bandi eng munozaralisi hisoblanadi, chunki demokratlar respublikachilar ilgari surayotgan qat’iy immigratsiya siyosatiga qarshi.
«Ukrainaga qo‘shimcha moliyalashtirish o‘rniga biz chegara siyosatimizda sezilarli islohotlar o‘tkazishimiz lozim», — dedi Arkanzasdan bo‘lgan respublikachi senator Tom Kotton yakshanba kuni televizion intervyusida.
Chak Shumer harbiy yordam to‘g‘risidagi qonun loyihasini shu haftada Vakillar palatasida ovozga qo‘yishini aytdi, ammo u immigratsiya islohoti bo‘yicha kelishuvsiz respublikachilarning yetarlicha qo‘lloviga ega bo‘lishi aniq emas.
Amerika nashrlari ma’lumotiga ko‘ra, seshanba kuni tushdan keyin Bayden ma’muriyati mulozimlari tomonidan taqdim etilgan yordam paketi bo‘yicha brifingda qizg‘in bahslar avj olgan, chunki Senatdagi respublikachilar demokratlarni ularning chegarani mustahkamlash bo‘yicha chaqiriqlarini e’tiborsiz qoldirishda ayblagan.
«Bu yil AQSh defitsiti 2,5 trillion dollardan oshadi, — dedi seshanba kuni respublikachi kongressmen Mett Rozendeyl BBC muxbiri Jyeyms Kumarasamiga. — Shunday ekan, nima uchun Qo‘shma Shtatlar xalqi Xitoydan pul olib, uni Ukrainaga berishi kerak? Bu bizning manfaatlarimizga mos emas».
Kongressda targ‘ibot qanday olib boriladi?
Oq uy Kongressning qo‘lloviga ega bo‘lish maqsadida Ukrainaga qo‘shimcha yordamni Amerika iqtisodiyoti va xavfsizligini mustahkamlash imkoniyati sifatida ko‘rsatmoqda.
Oq uy ma’muriy-budjet boshqarmasi direktori Shalanda Yang
Kongressga yo‘llagan maktubida so‘ralgan mablag‘lar butun mamlakat bo‘ylab joylashgan Amerika zavodlarida qurol ishlab chiqarishga yo‘naltirilishini qayd etgan.
«Biz Alabamada ishlab chiqariladigan o‘q-dorilar va «Javelin» kabi qurollarni, G‘arbiy Virjiniya, Arkanzas va Texasda tayyorlanadigan baravar o‘t ochish tizimlarini... va Pensilvaniya, Arkanzas, Ayova hamda boshqa ko‘plab shtatlarda ishlab chiqariladigan artilleriya snaryadlarini takomillashtiramiz», - deya yozgan u.
Prezidentlik saylovlari yaqinlasharkan, Oq uy Kongress a’zolari o‘z saylov okruglarida mahalliy iqtisodiyotni qo‘llab-quvvatlashdagi yutuqlarini targ‘ib etish yo‘llarini izlashidan umid qilayotgan bo‘lishi mumkin.
Frederik Kagan mojaro uchinchi yilga o‘tayotgani tufayli Ukrainaning moliyalashtirilishi masalasi AQShda bu qadar munozarali mavzuga aylanganidan ajablanmasligini aytadi.
«Amerika xalqi o‘z vakillarining Amerika manfaatlari nimada ekanini aniq belgilashi va bunday katta miqdordagi pulni taqsimlash bo‘yicha haqiqiy munozaralar o‘tkazishiga loyiq», - deydi u.
U o‘rtaga nima tikilgani aniq ekanini aytadi: «Bu urush qanday yakunlanishi birinchi navbatda ukrainlar nima qila olishi, ikkinchi navbatda esa Qo‘shma Shtatlar nima qilishga qaror qilishi bilan belgilanadi».
Mavzuga oid
07:54
Ukraina Jahon bankidan deyarli 5 mlrd dollar oladi
20:12 / 22.11.2024
«Aftidan qo‘rqinchli, ammo hech narsani o‘zgartirolmaydi» - «Oreshnik» qanaqa raketa?
14:17 / 22.11.2024
Vengriya Ukraina bilan chegarada HMM tizimlarini o‘rnatish niyatida
09:12 / 22.11.2024