Jahon | 23:36 / 15.12.2023
11357
2 daqiqa o‘qiladi

Venesuela va Gayana urush boshlamaslikka kelishib oldi 

Ikki davlat rahbarlari har qanday vaziyatda ham bir-biriga tahdid qilmaslik yoki kuch ishlatmaslik, so‘zda ham, amalda ham keskinlashuvdan tiyilishga va’da berdi. 

Foto: Reuters

Gayana va Venesuela davlat rahbarlari neftga boy Essekibo hududi bo‘yicha kelishmovchiliklar yuzasidan keskinlikni kuchaytirmaslikka kelishib oldi. Bu haqda BBC yozdi. 

Gayana prezidenti Irfon Ali va Venesuela prezidenti Nikolas Maduro 14 dekabr kuni Kingston aeroportida (Sent-Vinsent va Grenadin orollari) Lotin Amerikasi davlatlari vakillari bilan muzokara o‘tkazdi. 

Ular qo‘shma bayonot e’lon qilib, unda «har qanday vaziyatda ham bir-biriga tahdid qilmaslik yoki kuch ishlatmaslik», «so‘zda ham, amalda ham keskinlashuvdan tiyilish»ga va’da berdi. 

Neftga boy Essekibo hududi Gayanaga tegishli, biroq Venesuela o‘nlab yillar davomida unga da’vogarlik qilib kelmoqda. Mojaro 2015 yilda, Essekiboda yirik neft koni topilgandan so‘ng yanada avj oldi. 

Dekabr oyi boshida Maduro ushbu bahsli hudud bo‘yicha Venesuelada referendum o‘tkazdi va saylovchilarning 95 foizdan ortig‘i bu hududni qo‘shib olish taklifini ma’qulladi. Shundan so‘ng, Venesuela rahbari Essekibodagi neft konlarini o‘zlashtirishni ma’qullaganini ma’lum qildi. 

Ikki davlat rahbarlari endi bahsli hududda yuzaga keladigan har qanday muammolarni hal qilish uchun tashqi ishlar vazirlari qo‘shma komissiyasini tuzishga, shuningdek, Essekibo masalasini muhokama qilish uchun Braziliyada yangi uchrashuv o‘tkazishga kelishib oldilar. 

Ularning bayonotida, shuningdek, barcha kelishmovchiliklar xalqaro huquq normalari asosida hal qilinishi aytilgan, biroq Maduro hukumati BMT Xalqaro sudi yurisdiksiyasini tan olmasligi qayd etilgan. 

Venesuela dunyodagi eng katta neft zaxiralariga ega, ammo hozir chuqur iqtisodiy inqirozda. Vaziyat 2018 yilda Maduroning saylanishi ortidan Venesuelaning neft, gaz va oltin qazib olish sohalariga nisbatan joriy etilgan AQSh sanksiyalari tufayli yanada og‘irlashgan.

Mavzuga oid