Jahon | 07:41 / 11.01.2024
9694
5 daqiqa o‘qiladi

Davos ekspertlari eng katta global xavfni ma’lum qildi

Sun’iy intellektga asoslangan dezinformatsiya orqali saylov natijalariga ta’sir qilish kelgusi yillarda katta xavf bo‘ladi. Ukraina, G‘azo sektori va Tayvan atrofidagi mojarolar yanada jiddiy tus olishi mumkin, deyiladi Davos forumi hisobotida.

Foto: AP/Vadim Ghirda

Sun’iy intellekt (SI)ga asoslangan dezinformatsiya orqali saylov natijalariga ta’sir qilish keyingi ikki yil ichida eng katta global xavflardan biriga aylanadi. «Noto‘g‘ri ma’lumot va dezinformatsiya qisqa muddatli eng katta xavf hisoblanadi, shu bilan birga, ekstremal ob-havo va Yer tizimlaridagi jiddiy o‘zgarishlar uzoq muddatli eng jiddiy muammolarni keltirib chiqaradi», deyiladi Davosda Jahon iqtisodiy forumi ochilishiga to‘g‘ri kelgan va 10 yanvar, chorshanba kuni e’lon qilingan 2024 yilgi The Global Risks Report 2024 hisobotida

«Dezinformatsiyadan keng foydalanish, shuningdek, uni tarqatish vositalari yangi saylangan hukumatlarning qonuniyligiga putur yetkazishi mumkin», deydi ekspertlar. Ular keyingi ikki yil ichida AQSh, Rossiya, Hindiston, Indoneziya, Meksika va Buyuk Britaniya kabi bir qator yirik global iqtisodlarda saylovlar kutilayotganini eslatdi. Dunyo bo‘ylab deyarli uch milliard odam ovoz berishda ishtirok etishi mumkin. 

Hisobot mualliflari o‘zi o‘tkazgan global so‘rovga asoslanib, shuningdek, dunyoni yashash narxi, qator qurolli to‘qnashuvlar va jamiyatning siyosiy qutblashuvidan xavotirda ekanini qayd etgan. Jahon iqtisodiy forumi rahbarlaridan biri Saadiya Zohidiy ta’kidlaganidek, davlat va hukumat rahbarlari «qisqa muddatli inqirozlarni yengib o‘tish va yanada barqaror, inklyuziv kelajak uchun poydevor yaratish» uchun uchrashishi kerak. 

Ukraina, G‘azo va Tayvan atrofidagi mojarolar 

Hisobotda ta’kidlanishicha, kelgusi ikki yil ichida global kuchlarning e’tibori va resurslari, ehtimol, uchta yirik inqiroz – Ukrainadagi urush, G‘azo sektoridagi mojaro va Tayvan bo‘yicha keskinlikka qaratiladi. «Ushbu mojarolarning har qanday kuchayishi global ta’minot zanjirlari, moliyaviy bozorlar, xavfsizlik dinamikasi va siyosiy barqarorlikni tubdan buzishi mumkin, bu butun dunyo bo‘ylab odamlarning xavfsizlik tuyg‘usiga tahdid soladi», deb ta’kidlaydi so‘rov mualliflari. 

Ularning qayd etishicha, uchala mojaro ham yirik davlatlarning manfaatlariga ega bo‘lgan geosiyosiy chegaralar chorrahasida joylashgan – Yaqin Sharqdagi neft va savdo yo‘llari, Sharqiy Yevropada barqarorlik va kuchlar muvozanati hamda Sharqiy Osiyodagi yuqori texnologiyali ta’minot zanjirlari. 

«Ularning har biri yanada kengroq mintaqaviy beqarorlikni keltirib chiqarishi, yirik davlatlarni to‘g‘ridan to‘g‘ri mojaroga tortishi va inqirozning yanada kuchayishiga sabab bo‘lishi mumkin. Har uchala mojaro ham yadro quroliga ega davlatlar bilan bevosita bog‘liq», - deya eslatadi ekspertlar. 

Ukrainadagi urush istiqbollari 

Mutaxassislarning fikricha, yaqin ikki yil ichida Ukrainadagi urush vaqti-vaqti bilan avj olishi va susayishi mumkin. «Sanksiyalarga qaramay, Rossiya energiya va xomashyodan yuqori daromad olishda davom etmoqda va bu faqat Yaqin Sharqdagi mojaro kengaygan taqdirdagina ortishi mumkin. Sharqiy va Markaziy Yevropada rossiyaparastlik yoki neytrallik Ukrainani Yevropa ittifoqchilari tomonidan qo‘llab-quvvatlashni zaiflashtirishi mumkin. Ichki siyosiy bosim, boshqa xalqaro ustuvorliklar va yangi ma’muriyatning hokimiyatga kelishi tufayli AQSh tomonidan qo‘llab-quvvatlov qisqarishi mumkin», deb taxmin qilmoqda hisobot mualliflari. 

«Yaqin Sharqdagi mojaroga munosabatda global tafovutlar Ukrainaning G‘arb ittifoqchilari bilan birdamlikni saqlab qolish, shu bilan birga, global janubdan ko‘proq qo‘llab-quvvatlashni ta’minlash borasidagi sa’y-harakatlarini murakkablashtirishi mumkin. Agar Ukrainadagi urush kuchaysa, u qo‘shni davlatlarga ham tarqalishi mumkin. Ukraina uchun ham, Rossiya uchun ham mojarodan keyingi ssenariylarni oldindan aytish qiyin bo‘lsa-da, Ukrainadagi urush yillar va hatto o‘nlab yillarga cho‘ziladigan mojaroga aylanib ketishi mumkin», deb hisoblaydi ekspertlar. 

Mavzuga oid