DXX raisining ishdan olinishi, Andijonda Boburga “hujum” va tugagan saylov - hafta dayjesti
Saylovlar tugadi: hokimlardan tortib to Senat raisigacha o‘z lavozimida qoldi. Andijonda Bobur haykali “quvilmoqda”: haykalni ko‘chirib, xiyobonni buzib, o‘rniga savdo markazi qurishmoqchi. O‘zbekistonning davlat qarzi 40 mlrd dollarga yetib qoldi: keyingi yil yanada ko‘proq qarz olinadi. Ortda qolayotgan haftaning shu va boshqa muhim xabarlari – odatdagidek Kun.uz dayjestida.
DXX raisi ishdan olindi
O‘zbekiston Davlat xavfsizlik xizmati raisi, general-leytenant Abdusalom Azizov lavozimidan ozod etildi. Bu haqda shanba kuni Kun.uz manbasi xabar berdi. O‘tgan oyda Prezident administratsiyasi sobiq mulozimi Komil Allamjonovga uyushtirilgan suiqasd Azizovning ishdan olinishiga sabablardan biri ekani aytilmoqda.
Uning o‘rniga mudofaa vaziri general-leytenant Bahodir Qurbonov DXX raisi etib tayinlangan. Azizov ham, Qurbonov ham o‘z lavozimlaridan salkam 5 yildan buyon ishlab kelayotgan edi. Qurbonov uch kun avval Qonunchilik palatasi tomonidan vazir lavozimiga qayta ma’qullangan edi. Uning o‘rniga Mudofaa vazirligini kim boshqarishi ushbu xabar yozilayotgan vaqtda noma’lum bo‘lib turibdi.
Saylovlar besh yilligi ortda qoldi
Oxirgi 5 yil ichida 5 marta siyosiy o‘zgarishlar uchun ovoz berishga chiqqan o‘zbekistonliklar katta ehtimol bilan keyingi 5 yilda saylov uchastkasiga boshqa chaqirilmaydi. Shu hafta o‘zbek siyosiy elitasi 4 oy davom etgan saylov jarayonlariga yakun yasadi. 27 oktyabrdagi saylovdan keyin o‘tgan haftalarda mahalliy kengashlarning ilk sessiyalari o‘tkazilib, faqat Bo‘zatov tumanida hokim o‘zgargan, qolgan 220 nafardan ortiq hokimlarning hammasi o‘z kursisini saqlab qolgan edi. Joriy haftada esa egallab turgan lavozimiga qayta tasdiqlanish navbati parlament va hukumat rahbarlariga keldi.
Oliy Majlis palatalarining ilk majlislarida Nuriddin Ismoilov Qonunchilik palatasi spikeri, Tanzila Norboyeva Senat raisi, Abdulla Aripov esa bosh vazir lavozimiga takroran saylandi. Ularning har uchalasi ushbu lavozimlarga uchinchi marta loyiq deb topildi. Shuningdek, bosh vazir o‘rinbosarlarining ham, vazirlarning ham barchasi o‘z lavozimlarini saqlab qoldi.
Senat matbuot xizmati, Tanzila Norboyevaning yuqori palata rahbarligiga bir ovozdan, ya’ni barcha senatorlarning yoqlab ovoz berishi bilan saylanganini xabar qilgan bo‘lsa, Qonunchilik palatasi bergan rasmiy xabarlarga ana shunday aniqlik yetishmadi. Ya’ni na spiker, na bosh vazir va na hukumat a’zolarining nomzodlari nechta ovoz bilan ma’qullangani ochiqlangani yo‘q. Har ikkala palataning ham ilk majlislari jonli efirga uzatilmadi, ovoz berish natijalari aks etgan tablo televideniyedagi reportajlarda ham ko‘rsatilmadi.
Parlament palatalarning ilk majlislarida so‘zga chiqqan prezident Shavkat Mirziyoyev deputatlar va senatorlarni faol bo‘lishga, xalqchil qonunlar chiqarishga da’vat qildi. Davlat rahbari parlamentda muxolifatni “jonlantirib”, Qonunchilik palatasini “bahs va munozaralar maydoni”ga aylantirish zarurligini aytdi; shu bilan birga, parlament a’zolari “quruq gap va populizmdan yiroq bo‘lishi” kerakligini qo‘shimcha qildi. “Budjet xarajatlari ustidan parlament nazorati deyarli sezilmayapti”, deya ta’kidladi prezident.
Mirziyoyevga ko‘ra, nafaqat Oliy Majlis, balki mahalliy kengashlar ham faollashishi, har yarim yilda matbuot anjumani o‘tkazishi kerak. Prezident hokimlarning viloyatlar va Toshkent shahar kengashlari raisligidan chetlatilganini “xalqimizning 30 yillik orzusi” deb atadi. Ma’lum qilinishicha, 2025 yilda tuman va shaharlar budjetlari 1,5 barobarga oshadi. Ajratilayotgan pullar hokimlar tomonidan oqilona ishlatishini esa mahalliy deputatlar ham nazorat qilib borishi kerakligi aytildi.
Bosh vazir nomzodi ilgari surilgan yig‘ilishda esa prezident hukumat faoliyatiga ayrim e’tirozlarini bildirdi. Xususan, vazirlik va idoralar normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini jamoatchilik bilan muhokama qilishni kamaytirib yuborgani tanqid qilindi. Adliya vazirligiga bu masalada bir oy muddatda deputatlar bilan birga takliflar ishlab chiqib, hukumatga kiritish topshirig‘i berildi. Shuningdek, prezident nutqining tashqi siyosatga oid qismida, Qirg‘iziston bilan bo‘lgani kabi, Qozog‘iston va Tojikiston chegarasini ham ID-karta orqali kesib o‘tish imkoniyati joriy etilishi ma’lum qilindi.
O‘z navbatida, Abdulla Aripov bosh vazir etib qayta tayinlanishidan oldin “O‘zbekiston–2030” strategiyasiga asoslangan o‘z dasturini taqdim etdi. “Hukumatni chinakam xalq xizmatchisiga aylantirish, oddiy insonlarning muammolarini hal qilish – faoliyatimizning asosiy mezoni bo‘ladi”, dedi Aripov. Uning so‘zlariga ko‘ra, hukumat kelasi yili 200 mingdan ortiq vatandoshni rivojlangan mamlakatlarda ish bilan ta’minlamoqchi.
Andijonda Bobur haykali o‘rniga savdo markazi qurishmoqchi
Hafta davomida katta amaldorlarning bir joyga to‘planishi nafaqat Toshkentda, balki Andijonda ham kuzatildi. Senatorlikka saylangan viloyat hokimlari parlamentdagi majlislar tugagach, ertasi kuni birgalikda Andijonga yo‘l oldi. Mezbon viloyat hokimi Shuhrat Abdurahmonov 2 kun davomida o‘z hududida qilinayotgan ishlarni namoyish etib, hamkasblarining ishtirokida bir nechta loyihalarga start berdi.
Andijonga kelgan “gubernatorlar”, o‘zaro tajriba almashish jarayonida, oralarida eng uzoq vaqtdan beri viloyat hokimi bo‘lib qolayotgan Shuhrat Abdurahmonovdan nimalarni o‘rganishgani bizga qorong‘i, lekin bir narsani ishonch bilan ta’kidlash mumkin: ular Abdurahmonovdan yashil xiyobonni buzib, o‘rniga biznes-markaz qurishni aslo o‘rganmasliklari kerak.
Bu yerda gap haftaning eng asosiy mavzularidan biri haqida ketyapti. Dushanba kuni ma’lum bo‘lishicha, Andijon shahridagi Zahiriddin Muhammad Bobur haykalini boshqa joyga ko‘chirib, haykal joylashgan xiyobonning o‘rniga “dom” qurish rejasi ishlab chiqilgan. Tegishli qaror loyihasida yozilishicha, xiyobonning o‘rnida 16 va 20 qavatli ikkita turar joy majmuasi barpo etilishi mumkin. Haykalni esa Andijondagi “Registon” maydoniga ko‘chirishmoqchi.
Viloyat hokimligiga ko‘ra, bu yerda turar joy emas, savdo majmuasi va ko‘ngilochar markazlar qurish taklif qilingan. Hokimlik bu ishlarni xiyobonning shundoqqina biqinida ulkan ko‘prik qurilayotgani bilan izohladi. Yo‘l o‘tkazgich qurib bitkazilganidan keyin, xiyobon ancha yopilib, tegrasining bir qismi ko‘prik ostida qoladi, bunaqangi joy Andijonning bosh tarixiy shaxsiga atalgan haykal uchun nomunosib, demoqda rasmiylar.
Bobur haykali turgan joy qurilish uchun berib yuborilayotgani jamoatchilik faollarini shokka tushirdi. Ayrimlar ushbu haykal avval ham ko‘chirilganini eslab, tirikligida vataniga sig‘dirilmagan sarkardaning endi haykali ham sarson-sargardon qilinayotganini aytyapti. Madaniy meros agentligi haykalni ko‘chirish uchun avval agentlikdan ruxsat olish kerakligini aytib chiqqan bo‘lsa-da, agentlik na mas’ullarning bu rejalari, va na madaniy meros obektining muhofaza zonasida ko‘prik qurilayotganini qoralagani yo‘q.
Bu o‘rinda prezident Shavkat Mirziyoyevning dushanba kuni bo‘lib o‘tgan Qonunchilik palatasi ilk sessiyasidagi muhim bayonotini qayd etib o‘tish o‘rinli. Prezident o‘z nutqida istirohat bog‘lari, sayilgoh va xiyobonlarni xususiylashtirishni taqiqlash bo‘yicha “Adolat” partiyasi ilgari surgan taklifni ma’qullashini bildirdi. Shunday bo‘lsa-da, prezidentning o‘zi ochiq-oydin qo‘llashini aytib turganiga qaramay, taklif muallifi bo‘lgan partiya Andijondagi xiyobon investorga berib yuborilayotgani borasida hech qanday munosabat bildirgani yo‘q.
Davlat qarzi 40 mlrd dollarga yetib qoldi
O‘zbekistonning davlat qarzi 2024 yil yakunida salkam 40 mlrd dollarga yetishi, 2025 yil oxirida esa 45 milliard dollardan oshishi kutilyapti. Bir yil ichida davlat qarzining yalpi ichki mahsulotga nisbati 30 foizdan 32 foizgacha oshadi. Bu – dushanba kuni e’lon qilingan “Fuqarolar uchun budjet” nashrida ko‘rsatilgan.
Qayd etilishicha, bu yil 5 mlrd dollar miqdorida tashqi qarz olingan, kelasi yil esa bundan ham ko‘proq – 5,5 mlrd dollar tashqi qarz jalb qilish rejalashtirilgan. Bu mablag‘ning 3 mlrd dollari budjet defitsitini yopishga, 2,5 mlrd dollari esa investitsiya loyihalariga yo‘naltiriladi. Ichki bozordan olinadigan qarzlar miqdori esa 30 trln so‘m bo‘lishi prognoz qilingan.
Kelasi yilgi budjet loyihasidan ko‘rish mumkinki, bu yil tariflar keskin oshirilganiga qaramay, energetikaga katta miqdorda subsidiyalar ajratish davom etadi. Boz ustiga, aynan energetika sohasidagi bir nechta yirik kompaniyalarning budjet daromadlaridagi ulushi sezilarli qisqarishi kutilmoqda. Xususan, 2025 yilda “O‘zbekneftgaz”ning davlat budjetidagi ulushi 2,5 foizdan 1,5 foizga qisqaradi.
Statistika agentligi shu hafta e’lon qilgan ma’lumotlarga ko‘ra, joriy yilning yanvar–oktyabr oylarida gaz qazib olish hajmi 37 mlrd kub metrni tashkil etib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 5 foizga qisqargan. Shunga qaramay, xorijga gaz sotish sur’ati oshib boryapti. Yil boshidan beri O‘zbekiston 540 mln dollarlik gaz eksport qilgan bo‘lib, bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 18 foizga ko‘p. Gaz qazib olish kamayishi va gaz eksporti oshishi fonida, gaz importi ham oshishda davom etmoqda: 10 oy davomida O‘zbekistonning xorijdan gaz importi 2,4 barobarga oshib, salkam 1,4 mlrd dollarga yetgan.
Bu hafta yana nimalar ro‘y berdi?
Daraxtlarning ildiziga zaharli moddalar quyganlik uchun javobgarlik belgilandi. Prezident imzolagan qonunga ko‘ra, daraxtlarga kimyoviy, biologik va bakteriologik vositalardan foydalangan holda zarar yetkazganlik, shuningdek, qurilish bo‘layotgan joydagi daraxtlarni qasddan shikastlaganlik uchun endilikda fuqarolar salkam 19 mln so‘mgacha, mansabdor shaxslar esa 28 mln so‘mgacha ma’muriy jarimaga tortiladi. Qonun bilan ekologiya inspektorlarining qonuniy faoliyatiga to‘sqinlik qilganlik uchun javobgarlik kuchaytirildi.
O‘zbekistonda xorijliklarni nomaqbul shaxs deb topish haqidagi qonun kuchga kirdi. Unga ko‘ra, endilikda davlat suverenitetiga zid, O‘zbekiston xalqining sha’ni yoki tarixini tahqirlagan chet el fuqarolari mamlakatga kiritilmaydi yoki deportatsiya qilinadi, shuningdek, qator taqiqlarga duchor bo‘ladi. Vazirlar Mahkamasi tegishli tartibni 1 oy ichida ishlab chiqishi kerak. Nomaqbul shaxslar “qora ro‘yxat”ga 5 yil muddatga kiritiladi va muayyan shartlar asosida muddatidan oldin nomaqbul shaxs maqomidan xalos qilinishi mumkin.
Xorijdagi vatandoshlar uchun esa “Vatandosh” kartasi joriy qilindi. Bu karta kelib chiqishi o‘zbekistonlik bo‘lgan, O‘zbekistonning iqtisodiy-ijtimoiy hayotida faol ishtirok etayotgan chet el fuqarolariga beriladi. “Vatandosh” kartasi egalari 5 yil davomida O‘zbekistonga vizasiz kirish-chiqishi, yashash guvohnomasini olmay turib ko‘chmas mulk sotib olishi, alohida hujjat rasmiylashtirmasdan rasmiy ishga joylashishi va ko‘plab davlat xizmatlaridan foydalanishi mumkin bo‘ladi.
Toshkent militsiyasi g‘ayrioddiy tadbirlari bilan ko‘pchilikni lol qoldirdi. Ma’lum bo‘lishicha, qator holatlarda post-patrul xodimlari shahardagi ko‘p qavatli uylar pod’yezdida qoldirilgan velosiped va kolyaskalarni yig‘ishtirib olib ketgan. Bundan xabar topgan fuqarolar mulkini qaytarib olish uchun idoraga borib, tilxat yozishiga to‘g‘ri keladi. Xodimlar ayrim fuqarolarning kolyaskasini ehson qilib yuborgani ham aytilmoqda. Poytaxt IIBB buni “qarovsiz qolgan buyumlarning xavfsizligini ta’minlash” amaliyoti deb atadi. Aholidan kolyaska va velosipedlarini kvartirasining ichkarisiga olib kirib qo‘yish talab qilinmoqda.
Toshkentga oid yana bir xabar bilan dayjestimizni yakunlaymiz. Yakkasaroy tumanidagi Askiya bozori joylashgan yer investorga beriladigan bo‘ldi. Tuman hokimi Nilufar Allabergenovaning aytishicha, bu yerda 150 mln dollar evaziga yangi bozor, sovutkich omborxona, yerosti avtoturargoh va 4 yulduzli mehmonxona quriladi. Hokimlik xabarida investor auksion orqali aniqlanishi aytilgan, lekin taqdimot qilingan loyihaning muallifi qaysi kompaniya ekaniga aniqlik kiritilmagan. Eslatib o‘tamiz, Toshkent shahridagi bozorlar ko‘p qavatli savdo markazlariga aylantirilishi haqida shu yil aprel oyida e’lon qilingan edi.
Mavzuga oid
22:45 / 19.11.2024
Madaniy meros agentligi Andijondagi Bobur haykalini ko‘chirish bo‘yicha tarqalgan xabarlarga munosabat bildirdi
10:40 / 19.11.2024
Andijonda Bobur haykalini ko‘chirib, o‘rniga savdo majmuasi, ko‘ngilochar markazlar qurish rejalashtirilmoqda
21:10 / 18.11.2024
Andijonda 1800 gektar yerning toifasi o‘zgartirilib, ishlab chiqarish majmualari quriladi
13:49 / 18.11.2024