18:49 / 30.01.2024
8060

Qozog‘iston O‘zbekiston va Xitoy bilan suv taqsimoti bo‘yicha shartnoma imzolash ustida ishlamoqda

Bundan tashqari, Qozog‘iston Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘rtasida suv-energetika sohasida hamkorlik to‘g‘risidagi bitim loyihasini ishlab chiqmoqda. 

Foto: Getty Images

Qozog‘iston O‘zbekiston va Xitoy bilan transchegaraviy daryolarda suv taqsimoti bo‘yicha shartnoma imzolash ustida ishlamoqda. Bu haqda Qozog‘iston suv resurslari va irrigatsiya vaziri Nurjan Nurjigitov hukumat yig‘ilishida ma’lum qildi. 

Jumladan, u transchegaraviy suv oqimlaridan birgalikda foydalanish, qo‘shni davlatlar bilan hamkorlikni rivojlantirish borasidagi ishlar haqida gapirdi. Qozog‘istondagi sakkizta suv havzasidan yettitasi transchegaraviy hisoblanadi. Vazirlik transchegaraviy suv obektlaridan foydalanish va ularni muhofaza qilish bo‘yicha muzokaralar guruhi a’zolarining vakolatini kuchaytirish niyatida. 

«2024-2030 yillarga mo‘ljallangan suv resurslarini boshqarish tizimini rivojlantirish konsepsiyasida Qozog‘iston hukumati tomonidan O‘zbekiston va Xitoy bilan transchegaraviy suv obektlarida suvni birgalikda boshqarish, undan foydalanish va taqsimlash to‘g‘risida shartnoma imzolanishi ko‘zda tutilgan. Bu davlatlararo suv munosabatlarini rivojlantirishga xizmat qiladi. Bundan tashqari, vazirlik Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘rtasida suv-energetika sohasida hamkorlik to‘g‘risidagi bitim loyihasini ishlab chiqmoqda», dedi Nurjigitov. 

Avvalroq, «Xalqaro suv oqimlaridan navigatsiyadan tashqari foydalanish to‘g‘risidagi qonun to‘g‘risidagi konvensiyani ratifikatsiya qilish haqida»gi qonun loyihasi Qozog‘iston parlamentida ko‘rib chiqilib, Senatga kiritilgan edi. Konvensiya butun dunyo bo‘ylab transchegaraviy daryolar, ko‘llar va ular bilan bog‘liq yer osti suvlarini adolatli va barqaror boshqarishga yordam beruvchi xalqaro huquqiy asos hisoblanadi.

Top