20:51 / 13.06.2024
5347

Xitoy Ukraina bo‘yicha o‘zining tinchlik rejasini ilgari surmoqda - OAV

Xitoy Braziliya bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan tinchlik rejasiga rivojlanayotgan mamlakatlarni jalb qilishga urinmoqda.

Foto: Reuters

Shveytsariyada bo‘lib o‘tadigan Ukraina sammitida ishtirok etmaslikka qaror qilgan Xitoy o‘zining tinchlik rejasini rivojlanayotgan davlatlar o‘rtasida targ‘ib qila boshladi. Bu haqda Reuters ismi sir qolishini istagan diplomatlarga tayanib yozdi. 

Ularning so‘zlariga ko‘ra, Xitoy rasmiylari boshqa davlatlarning diplomatik vakolatxonalari vakillariga bu rejani targ‘ib qila boshlagan. Bundan tashqari, Pekinning Yevroosiyo masalalari bo‘yicha maxsus vakili Li Xuey may oyida Turkiya, Misr, Saudiya Arabistoni va Birlashgan Arab Amirliklariga tashrif buyurgan va rivojlanayotgan mamlakatlarning Pekindagi elchixonalarida rasmiylar bilan uchrashgan. 

Reuters xabariga ko‘ra, xorijiy davlatlar vakillari bilan suhbatda Xitoy Shveytsariyadagi sammitni to‘g‘ridan-to‘g‘ri tanqid qilmagan va davlatlardan unda ishtirok etishdan tiyilishni so‘ramagan. Ammo diplomatlardan birining agentlikka aytishicha, Pekin ushbu sammit mojaroni uzaytiradi, degan fikrni ilgari surmoqda. Yana ikki diplomatning aytishicha, Xitoy g‘arbliklarni ko‘plab rivojlanayotgan davlatlar Shveytsariya sammiti bo‘yicha Xitoyning nuqtai nazariga ega ekanligi haqida xabardor qilgan. 

Qayd qilinishicha, Xitoy shu tariqa Braziliya bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan tinchlik rejasiga rivojlanayotgan mamlakatlarni jalb qilishga urinmoqda. Ushbu hujjat, jumladan, Rossiya va Ukraina ishtirokida xalqaro tinchlik konferensiyasini o‘tkazishni nazarda tutadi. Keyinroq Xitoy tashqi ishlar vaziri Van I rejani 45 davlat qo‘llab-quvvatlaganini aytdi. 

Iyun oyi boshida Ukraina prezidenti matbuot kotibi Sergey Nikiforov 107 ta davlat va xalqaro tashkilot tinchlik sammitida ishtirok etishini tasdiqlaganini ma’lum qilgandi. Bir hafta o‘tib, Shveytsariya prezidenti Viola Amherd 80 ta davlat va 10 ta tashkilot ishtirok etishini tasdiqlaganini e’lon qildi. Ishtirokchilar sonining qisqarishi Xitoyning harakatlari bilan bog‘liqmi yoki yo‘qligi noma’lum. 

Ukraina bo‘yicha tinchlik sammiti 15-16 iyun kunlari Shveytsariyaning Lyutsern yaqinidagi Byurgenstok kurortida bo‘lib o‘tadi. 

Rossiya sammitga taklif etilmagan, agar taklif etilgan taqdirda ham ishtirok etmasligini ma’lum qilgan.

Top