Jahon | 22:52 / 24.02.2024
9587
2 daqiqa o‘qiladi

Britaniya maxfiy ma’lumotlar evaziga rossiyalik amaldorlarga fuqarolikni taklif qilmoqda - OAV

Ta’kidlanishicha, Bu Rossiyaga qarshi psixologik urush vositalaridan biridir.

Foto: Reuters

Buyuk Britaniya hukumati idoralari «muayyan vaziyatlarda» dezertirlik va maxfiy ma’lumotlar evaziga rossiyalik amaldorlarga pul va fuqarolikni taklif qila boshladi. Bu haqda Britaniyaning iNews nashri xabar berdi.

Royal United Services Institute mudofaa tahlil markazining katta ilmiy xodimi, professor Mark Galeotti so‘zlariga ko‘ra, bu vosita nafaqat razvedka manbalarini jalb qilishini, balki Rossiya prezidenti Putin qalbiga «qo‘rquv soladi».

«Odamlar mana shu imtiyozga ega bo‘lish umidida inglizlarga ma’lumot berishni xohlashi yoki uzatishi mumkin, bu esa Putinni xavotirga soladi. Putin va uning xavfsizlik sohasidagi hamkasblari qalbida paydo bo‘ladigan paranoyaning o‘zi ham foydali quroldir. Chunki bu ular o‘tmishda Buyuk Britaniyaga sayohat qilgan yoki boshqa shunga o‘xshash aloqalarga ega bo‘lgan amaldorlarga shubha bilan qarashini anglatadi. Shunday qilib, bunday tashabbuslar ko‘pincha Rossiya elitasi ichida kelishmovchilik va shubhalarni tarqatishga qaratilgan psixologik urush operatsiyalarining bir qismidir», dedi professor.

Professor Galeottining aytishicha, Kremlning Ukrainaga bostirib kirishining dastlabki bosqichida Rossiya xavfsizlik sohasida ishlaydigan har qanday shaxsga ruxsatsiz xorijga chiqishni taqiqlagan. Bu esa Putinning dezertirlikdan qo‘rqishini ko‘rsatadi.

Manbalarning eslatishicha, Britaniya «Sovuq urush» davridan beri maxfiy ma’lumotlar evaziga pasport berish amaliyotidan foydalanib kelmoqda.

Mavzuga oid