13:37 / 15.03.2024
908

O‘zbekiston elchisi Vengriya TIVga ishonch yorliqlari nusxalarini topshirdi

O‘zbekistonning yangi tayinlangan elchisi Oybek Shaxavdinov Vengriya Tashqi ishlar vazirligi Protokol xizmati rahbari Anet Vargoga ishonch yorliqlari nusxalarini topshirdi, deb xabar bermoqda "Dunyo".

Foto: Dunyo

Uchrashuvda tomonlar O‘zbekiston va Vengriya o‘rtasidagi ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirishga ko‘maklashishdan o‘zaro manfaatdorlik bildirdilar, shuningdek, bo‘lajak aloqalar va turli darajadagi tadbirlar jadvalini muhokama qildi.

Oybek Shaxavdinov Vengriyaga 7 mart kuni keldi. U O‘zbekistonning qarorgohi Budapeshtda bo‘lgan birinchi elchisi hisoblanadi.

Diplomat Birmingem universiteti (Buyuk Britaniya), Toshkent davlat yuridik universiteti (magistratura), Moskva davlat xalqaro munosabatlar institutining (MDXMI) tarjimonlar tayyorlash kursini tamomlagan. 2004 yildan buyon TIV tizimida faoliyat ko‘rsatib kelmoqda. 

O‘tgan yillar davomida Toshkentdagi Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida boshlagan, so‘ngra TIVning Yevropa davlatlari bilan hamkorlik boshqarmasida referentlikdan boshqarma boshlig‘i singari diplomatik xizmatning barcha bosqichlarini bosib o‘tgan. Shuningdek, O‘zbekistonning Bryusseldagi elchixonasida ishlagan. Budapeshtga tayinlanishidan oldin u TIVning Yevropa mamlakatlari va Yevropa Ittifoqi institutlari bilan hamkorlik boshqarmasi boshlig‘i lavozimida ishlagan.

Top