Jahon | 08:26 / 10.05.2024
2715
3 daqiqa o‘qiladi

Xitoy va Vengriya «strategik sheriklik» to‘g‘risida kelishib oldi

Vengriya davlat televideniyesiga ko‘ra, Si Jinping va Viktor Orban «ko‘plab hukumatlararo kelishuvlar» imzolagan hamda munosabatlarni yanada kengaytirish tarafdori bo‘lgan. Ammo aniq tafsilotlar keltirilmagan.

Foto: AFP

Xitoy rahbari Si Jinping Budapeshtda Vengriya bosh vaziri Viktor Orban bilan muzokara o‘tkazdi. Siyosatchilar uchrashuvi 9 may, payshanba kuni Xitoy rahbarining Yevropaga safari doirasida bo‘lib o‘tdi. Vengriya davlat televideniyesi orqali tarqatilgan qo‘shma bayonotda aytilishicha, siyosatchilar ikki davlat o‘rtasida «har tomonlama strategik sheriklik» haqida kelishib oldi.

Xitoy delegatsiyasining Vengriyaga tashrifi chog‘ida «ko‘plab hukumatlararo bitimlar» imzolandi. Dpa agentligi ta’kidlaganidek, marosimda qatnashish huquqiga ega bo‘lgan Vengriya davlat televideniyesi hech qanday aniq ma’lumot bermadi. 

«Har tomonlama strategik sheriklik» 

Vengriya bosh vaziri ikki davlat azaldan do‘st bo‘lib kelgani va bugungi kunda Xitoy kompaniyalari Vengriyani o‘n minglab ish o‘rinlari bilan ta’minlanayotganini ta’kidladi. Jinping munosabatlarni yanada kengaytirish tarafdori ekanligini aytdi. «Biz ikkimiz ham mamlakatlarimiz o‘rtasidagi an’anaviy do‘stlik mustahkam poydevorga ega ekaniga ishonamiz», – dedi u. 

Kelishilgan «har tomonlama strategik sheriklik» konturlari ham ancha noaniq, deb yozadi dpa. Orban faqat ikki davlat kelajakda atom sanoati sohasida hamkorlik qilmoqchi ekanligini eslatib o‘tdi, ammo «bu hozircha faqat reja». Agentlikning aniqlik kiritishicha, Xitoy bugungi kunda Budapesht va Belgrad o‘rtasida Xitoy kreditlari hisobiga moliyalashtirilgan 350 kilometrlik temiryo‘l liniyasini va Vengriyaning o‘zida elektromobillar va akkumulyatorlar ishlab chiqaradigan yirik zavodlar qurmoqda. 

Si Fransiya va Serbiyaga tashrif buyurdi

Xitoy Xalq Respublikasi rahbari Yevropaga so‘nggi besh yildagi ilk tashrifi doirasida Parij va Belgradda bo‘ldi. Yelisey saroyida u Fransiya prezidenti Emmanuel Makron va Yevropa komissiyasi rahbari Ursula fon der Lyayyen bilan muzokaralar o‘tkazdi. Ushbu tashrif oldidan Si Jinping Xitoy hukumati veb-saytida chop etilgan maqolasida Ukrainada tinchlikka erishish uchun harakat qilishga tayyorligini ta’kidladi.

Serbiya poytaxtida Si Jinping prezident Aleksandr Vuchich bilan uchrashdi. NATO tomonidan Xitoyning Belgraddagi elchixonasi bombardimon qilinishining 25 yilligi fonida o‘tkazilgan tashrif chog‘ida Xitoy rahbari Serbiya hukumatini mamlakat hududiy yaxlitligini himoya qilish choralarini qo‘llab-quvvatladi. 

Mavzuga oid