Zelenskiy bir qancha maslahatchilarini ishdan oldi, bu «optimallashtirish» bilan izohlandi
Ular orasida davlat rahbarining eng yaqin safdoshlaridan biri Sergiy Shefir ham bor.
Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy bir qancha maslahatchilarini lavozimidan ozod etish haqidagi farmonni imzoladi. Hujjatlar Ukraina prezidenti saytida e’lon qilingan.
Ular orasida davlat rahbarining eng yaqin safdoshlaridan biri Sergiy Shefir ham bor. U 2019 yildan buyon prezidentning birinchi yordamchisi lavozimida ishlab kelayotgandi. Zelenskiy bilan birgalikda u QVZ jamoasida o‘ynagan va «Kvartal 95» studiyasida ishlagan. Sergiy Shefirni Ukraina prezidentining eng yaqin sheriklaridan biri deb atashgan.
Zelenskiy, shuningdek, uchta mustaqil maslahatchisi - Mixaylo Radutskiy, Sergiy Trofimov va Oleg Ustenkoni ishdan bo‘shatdi.
Bundan tashqari, Ukraina prezidentining harbiylar huquqlarini ta’minlash bo‘yicha komissari Alyona Verbitskaya va ko‘ngillilar faoliyati bo‘yicha komissari Nataliya Pushkaryova ishdan bo‘shatildi.
29 mart kuni Zelenskiy prezident devonxonasi rahbari o‘rinbosarlari Andriy Smirnov va Oleksiy Dneprovni ishdan bo‘shatgan edi. Bundan biroz oldin Ukraina prezidenti Oleksiy Danilovni Milliy xavfsizlik va mudofaa kengashi kotibi lavozimidan ozod qilgan edi.
Ukraina prezidentining matbuot kotibi Sergiy Nikiforov kadrlar o‘zgarishi «optimallashtirish» bilan bog‘liqligini aytdi.
«Bugungi kunda prezident maslahatchilari va yordamchilarining ishdan bo‘shatilishi prezident devoni xodimlarining optimallashtirilgani bilan bog‘liq. Volodimir Zelenskiy boshqa rasmiylardan ham shunday sa’y-harakatlarni kutmoqda», dedi Nikiforov.
Mavzuga oid
10:46
Tramp Ukraina bo‘yicha muzokaralar uchun maxsus vakil tayinlaydi
22:44 / 13.11.2024
Tramp ma’muriyatida Ukraina bo‘yicha maxsus vakil bo‘ladi - OAV
21:24 / 13.11.2024
Kuraxovodagi ukrain garnizoni qurshovga tushishi mumkin. Frontdagi eng murakkab yo‘nalishlardan birida nimalar bo‘lmoqda?
18:53 / 13.11.2024