Teraktda jabrlanganlar Rossiya Tergov qo‘mitasiga «Krokus» egalari ustidan shikoyat qilyapti
«Krokus»ga qilingan hujumning 11 nafar jabrdiydasi tergov qo‘mitasidan xavfsiz bo‘lmagan xizmatlar ko‘rsatish bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atishni so‘ramoqda.
«Krokus Siti Xoll»dagi teraktda jabrlangan 11 kishi Rossiya Tergov qo‘mitasiga qo‘shma ariza berib, «Krokus» egalariga xavfsiz bo‘lmagan xizmatlar ko‘rsatgani uchun jinoiy ish qo‘zg‘atishni talab qildi. Bu haqda 2 aprel, seshanba kuni da’vogarlarning advokati Igor Trunovga tayanib, RIA «Novosti» xabar berdi.
Trunovning so‘zlariga ko‘ra, dastlab u terakt sodir bo‘lgan kuni «Piknik» guruhi konsertini suratga olishi kerak bo‘lgan Ivan Pomorinning suratga olish guruhi manfaatlarini himoya qilgan, keyinroq ularga qurbonlarning qarindoshlari va jabrlanganlar tashabbuskor guruhi qo‘shilgan.
Bayonotda «Krokus» 1998-1999 yillarda loyihalashtirilgani va 2009 yilda foydalanishga topshirilgani, shundan beri xavfsizlik talablari sezilarli darajada o‘zgargani aytiladi. Advokatning so‘zlariga ko‘ra, normalar endi «yangi lazer datchik tizimlari, avtomatika, yong‘in o‘chirish tizimlari, yong‘inga chidamli qoplamalar uchun doimiy ravishda katta miqdorda mablag‘ sarflashni» talab qiladi.
Da’vogarlar xavfsizlik normalariga rioya qilinmaganini bildiryapti
Da’vogarlarning ta’kidlashicha, «Krokus»da yong‘in boshlanganidan keyin bir necha soniya ichida sahna pardasi olov bilan qoplangan, bu, himoya tomoni fikriga ko‘ra, yong‘in xavfsizligi standartlari buzilganini ko‘rsatishi mumkin, chunki parda yong‘inga chidamli maxsus mato bilan qoplangan bo‘lishi kerak.
Bundan tashqari, hujjatda aytilishicha, «Krokus»ning «yong‘inga qarshi suv tizimi» va tutunni olib tashlash tizimi «nosoz bo‘lgan», aksariyat evakuatsiya eshiklari terakt va evakuatsiya vaqtida yopiq turgan.
Crocus Group egasining o‘g‘li Emin Agalarovning RIA «Novosti»ga aytishicha, «Krokus»dagi barcha xavfsizlik tizimlari ishlagan, barcha o‘t o‘chirish gidrantlarida bosim bo‘lgan. Keyinchalik, RBK efirida u «Krokus»da yong‘indan himoya qilish tizimi «maksimal darajada ishlaganini», «yong‘indan umuman zarar ko‘rmagan xonalar mavjudligini», yong‘in xavfsizligi standartlariga rioya qilmasdan turib, bino foydalanishga topshirilmasligini ta’kidladi.
«Krokus Siti Xoll»ga hujum
Moskva yaqinidagi Krasnogorskda «Krokus Siti Xoll» binosiga hujum 22 mart kuni kechqurun sodir bo‘ldi. Qurollangan odamlar binoga bostirib kirib, avtomatlardan o‘t ochgan, bir necha portlashlar eshitilgan va yong‘in boshlangan. So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, terakt oqibatida 144 kishi halok bo‘lgan, yana 551 kishi jarohatlangan.
«Krokus Siti Xoll»dagi teraktdan so‘ng «FSB» ushbu ishda gumon qilingan 11 kishi qo‘lga olinganini e’lon qildi. Sudlar allaqachon o‘n kishini, shu jumladan to‘rt nafar bevosita ijrochini hibsga olgan. Ular sud majlislariga qiynoqlar belgilari bilan olib kelingan - ulardan biri tibbiy aravachada keltirilgan.
Hujum uchun javobgarlikni IShID terror tashkiloti o‘z zimmasiga oldi. Shu bilan birga, Rossiya rahbariyati teraktga Ukrainaning aloqadorligi taxmin qilinmoqda. Kiyev, shuningdek, g‘arb davlatlari, jumladan AQSh va Germaniya bu ayblovlarni rad etadi.
Mavzuga oid
23:24 / 13.11.2024
Rossiya hukumati yaralangan harbiylar uchun to‘lov tizimini o‘zgartirdi
20:43 / 13.11.2024
«Mosfilm» kinostudiyasi o‘z omboridagi tanklarni Rossiya armiyasiga topshirdi
19:33 / 13.11.2024
Rossiyada migrant bolalarning rus tilini bilish darajasi tekshirilishi mumkin
17:53 / 13.11.2024