16:07 / 28.05.2024
2568

“Toshkentdagi daraxtlarni tekshiruvdan o‘tkazish loyihasi hukumatga kiritilgan” – Ekovazirlik

Shahardagi daraxt va butalardagi zararkunandalarni o‘rganib, ularga ishlov berish loyihasi Ekologiya vazirligi tomonidan Vazirlar Mahkamasiga kiritilgan. Loyihaning 1-bosqichida shahardagi 470 dan ortiq ko‘chadagi daraxtlar tekshiruvdan o‘tkaziladi. Chumchuqsimon qushlarni sun’iy ko‘paytirish ham rejada bor.

Foto: Kun.uz

15 may kuni Toshkent shahridagi daraxtlarda turli zararkunandalar va kasallanish ko‘paygani, lekin ularga qarshi chora ko‘rishga hech kim bosh qo‘shmayotgani haqida Kun.uz’da material e’lon qilingan edi. Shuningdek, tahririyat Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligiga mavzu yuzasidan so‘rov yuborgandi. Holatga vazirlik mutaxassisi Nurillo Muhsinov izoh berdi. Uning ma’lumot berishicha,16 mayda Ekologiya vazirligi tomonidan zararlangan daraxtlarni o‘rganib chiqish bo‘yicha loyiha hukumatda kiritilgan. Loyihada budjetdan 3 milliardga yaqin pul so‘ralgan. Birinchi bosqichda 470 dan ortiq markaziy ko‘chalardagi daraxt va butalarga ishlov beriladi.

Muhsinov daraxtlardagi zararkunandalarga qarshi kurashish uchun chumchuqsimon qushlarni sun’iy ko‘paytirish usulidan ham foydalanish haqida o‘ylab ko‘rilayotganini qo‘shimcha qildi. “Zoologiya instituti bilan shaharda qushlarni ko‘paytirishni ham yo‘lga qo‘ymoqchimiz. Chumchuqsimon qushlar ham zararkunandalar bilan oziqlanadi”, – dedi vazirlik mas’uli.

Mutaxassis daraxtlarga ishlov berishda asosan biologik va kimyoviy usullardan foydalanish mumkinligini aytib, shahar hududida odamlar bo‘lgani uchun biologik usuldan foydalanish ko‘proq maqsadga muvofiq ekanini ham ta’kidladi.

Aniqlangan kasallik va zararkunandalarga qarshi biologik va kimyoviy kurash choralarini olib borishda davlat kimyo komissiyasi ro‘yxatidan o‘tgan preparatlarni havo harorati 25 darajadan yuqori bo‘lmagan sharoitda daraxtlarning zararlanish holatiga qarab belgilangan oraliqda sepish tavsiya etiladi. Qo‘llangan kimyoviy yoki biologik preparatlarning kurash choralari biologik samaradorligi doimiy(har 5-7 kunda) hisoblab borilib, natijalarga tayanib daraxtlarga qayta ishlov berish yuzasidan qo‘shimcha xulosa va tavsiyalar tayyorlashni reja qilganmiz”, – dedi Nurillo Muhsinov.

Shuningdek, mutaxassis Ekologiya vazirligi qoshidagi ilmiy tadqiqot institutlaridan olimlarni yig‘ib, shaharda bitta ishchi guruh tashkillashtirish va u guruh olimlari tavsiyasi asosida choralar ishlab chiqish kerakligini aytdi. Muhsinov ishchi guruh tarkibida O‘simliklar karantini va himoyasi agentligi qoshidagi ilmiy muassasalardan mutaxassis, Toshkent shahar hokimiyatidan vakil, O‘zFAga tegishli bo‘lgan soha olimlari: dendrolog, entamolog, fitopatolog, agroximiklar jamlanishi kerakligini alohida ta’kidladi.

Ular shahardagi daraxtlarning biologik holati, o‘sishi, rivojlanishi, ulardagi kasallik, zararkunandalarni doimiy nazorat qilib borishi kerak. O‘simliklar holati haqida har chorakda hisobot tayyorlab, daraxtlar sanitar holati bo‘yicha o‘z xulosasini taqdim etib turishi kerak va shu xulosaga asosan biologik kurash olib boriladi. Shuningdek, SES xodimlari ham guruhga kirsa yaxshi bo‘lar edi. Ular biologik preparatlarning insonga xavf darajasini aytsa, shunga qarab ish boshlanishi kerak”, – dedi u.

Mutaxassis ko‘riladigan chora-tadbirlar sifatida quyidagilarni sanadi:

– o‘rmon va manzarali daraxt-butalarda erta bahorda (mart-aprel) entomologik va fitopatologik kuzatuvlar olib borish;

– aniqlangan kasallik va zararkunandalarning tur turkumi hamda zararlanish darajasini aniqlash;

– daraxt-butalarning shox-shabbalari o‘ta qalin bo‘lib ketishiga yo‘l qo‘ymaslik, qalin va zararlangan shox-shabbalarga erta bahorda yoki kech kuzda shakl berib, hududdan tashqariga olib chiqib ketish;

– butalangan joylarni bog‘ bo‘yog‘i yoki bog‘ mumi bilan zararsizlantirish (dezinfeksiya qilish).

Top