00:20 / 29.05.2024
3580

Gurjiston parlamenti prezidentning «chet el agentlari» to‘g‘risidagi qonunga qo‘ygan vetosini bartaraf qildi

Konstitutsiyaga ko‘ra, qonun endi 3 kun ichida prezidentga taqdim etilishi kerak. Agar u rad etsa, parlament spikeri qonunni imzolashi mumkin va u besh kun ichida kuchga kiradi.

Foto: Telegram/Paper Kartuli

Gurjiston parlamenti mamlakat prezidenti Salome Zurabishvili tomonidan «chet el agentlari» to‘g‘risidagi qonunga qo‘yilgan vetoni bartaraf qildi, deb yozdi Paper Kartuli.

Hukmron «Gurjiston orzusi» partiyasidan 84 deputat vetoni bekor qilish uchun ovoz berdi. Vetoni bekor qilish uchun kamida 76 ovoz kerak edi.

Konstitutsiyaga ko‘ra, qonun endi 3 kun ichida prezidentga taqdim etilishi kerak. Agar u rad etsa, parlament spikeri qonunni imzolashi mumkin va u besh kun ichida kuchga kiradi. Ayni damda spiker lavozimini hukmron «Gurjiston orzusi» partiyasi vakili Shalva Papuashvili egallab turibdi.

Deputatlar yig‘ilishi chog‘ida Gurjiston parlamenti binosi yaqinida yana namoyishchilar to‘plana boshladi. Politsiya ularni binodan uzoqlashtirishga urinmoqda, deb yozdi Paper Kartuli.

«Chet el ta’sirining shaffofligi to‘g‘risida»gi qonun Gurjistonda «chet el agentlari» reyestrini yaratishni nazarda tutadi, unda 20 foizdan ortiq xorijdan moliyalashtiriladigan barcha notijorat yuridik shaxslar va ommaviy axborot vositalari ko‘rsatiladi.

Ushbu qonun loyihasi keng ko‘lamli norozilik namoyishlari tufayli 2023 yil martida olib qo‘yilgan edi. Ammo hukmron «Gurjiston orzusi» partiyasi tomonidan 2024 yil aprelida parlamentga qayta kiritildi.

Qonun loyihasi muhokamasi ommaviy norozilik namoyishlari bilan kechdi, biroq 14 may kuni Gurjiston parlamenti uni uchinchi o‘qishda ma’qulladi. 18 may kuni Gurjiston prezidenti Salome Zurabishvili qabul qilingan qonunga veto qo‘yib, uni «mohiyati va ruhi jihatidan rossiyaparast» deb atadi. Biroq, vetoni bartaraf qilish uchun parlamentdagi ko‘pchilik ovoz yetarli edi.

Qonun loyihasining muxoliflari uni «chet el agentlari» to‘g‘risidagi Rossiya qonunining nusxasi deb atashadi. Yevropa Ittifoqi qonunning qabul qilinishi Gurjistonning Yevropa Ittifoqiga kirishi yo‘lida «jiddiy to‘siq» bo‘lishidan ogohlantirdi. AQSh Davlat departamenti qonunning qabul qilinishi munosabati bilan Gurjiston uchun vizalarni cheklash siyosatini joriy qildi, bu mamlakatda «demokratiyaga putur yetkazish» uchun javobgar shaxslarga nisbatan qo‘llaniladi.

Mavzuga oid
Top