21:53 / 14.06.2024
10394

G‘arbning Xitoyga qarshi savdo urushi. AQShdan keyin YeI ham Xitoy elektromobillari uchun bojlarni oshirmoqchi

Yevropa Ittifoqiga import qilinadigan avtomobillardan 10 foizlik boj undiriladi. Bu miqdor BYD uchun 17,4 foizga, Geely uchun 20 foizga va SAIC uchun 38,1 foizga oshirilishi rejalashtirilgan. Yevrokomissiya bu qarorni Xitoy avtomobil ishlab chiqaruvchilarining «adolatsiz subsidiyalar»dan foyda ko‘rayotgani bilan izohlagan.

Foto: Reuters

Yevropa Ittifoqi iyul oyidan boshlab Xitoyda ishlab chiqarilgan elektromobillar uchun import bojlarini oshirishni rejalashtiryapti. Yevrokomissiya Xitoy rasmiylari va yakka avtomobil ishlab chiqaruvchilar bilan bojxona to‘lovlarini vaqtincha oshirish bo‘yicha muzokaralar olib boradi. Agar muzokaralardan ko‘zlangan natijaga erishilmasa, jazo bojlari muayyan shartlar ostida 4 iyuldan keyin qo‘llana boshlashi mumkin. 

Nega Xitoy elektromobillari uchun bojni oshirishmoqchi?

Xitoy hukumati o‘zining elektromobil sektorini katta miqdorda subsidiyalaydi, shu jumladan iste’molchilar va ishlab chiqaruvchilar uchun katta soliq imtiyozlari taqdim etadi. Masalan, o‘tgan yilning iyun oyida 520 milliard yuan (qariyb 72 milliard dollar) miqdoridagi savdo va soliq imtiyozlari paketi e’lon qilindi. Bu to‘rt yil davomida amal qiladi va ishlab chiqarish tannarxini pasaytirish hamda elektr transport vositalarini iste’molchilar uchun arzonroq qilish imkonini beradi.

Shunga o‘xshash yangiliklar fonida 2023 yilning kuzida Yevropa Komissiyasi Xitoy elektromobillari uchun subsidiyalar bo‘yicha tekshiruv boshlanganini e’lon qilgandi.

«Jahon bozori arzon elektromobillar bilan to‘lib ketdi. Ularning narxi katta davlat subsidiyalari tufayli sun’iy ravishda pasayib bormoqda. Men Yevropa Komissiyasi tomonidan Xitoyda elektr transport vositalari uchun subsidiyalar ajratish bo‘yicha tergov boshlaganini e’lon qilmoqchiman. Yevropa poyga uchun emas, raqobat uchun ochiq», degandi Yevrokomissiya prezidenti Ursula fon der Lyayyen.

YeI 12 iyun kuni olib borilayotgan tekshiruvga asoslanib, Xitoy elektromobillari bozorda «adolatsiz subsidiyalar»dan foyda ko‘radi degan xulosaga kelganini bildirdi. Bryusselning ta’kidlashicha, bu Yevropa ishlab chiqaruvchilariga «iqtisodiy zarar» bilan tahdid solyapti.

Yevrokomissiya hisob-kitoblariga ko‘ra, Xitoy elektromobillarining Yevropa Ittifoqi bozoridagi ulushi 2019 yildagi 1 foizdan 8 foizga oshgan va 2025 yilda bu ko‘rsatkich 15 foizga yetishi mumkin. Taklif qilinayotgan narxlar ham odatda Yevropa Ittifoqida ishlab chiqarilgan modellardan 20 foizga pastroq.

Avvalroq, AQSh hukumati ham Xitoydan import qilinadigan elektromobillar uchun bojlarni 25 foizdan 100 foizga oshirgandi. Mutaxassislar bu qarorni ichki bozordagi mahalliy ishlab chiqaruvchilarni sun’iy ravishda saqlab qolish, deya baholagandi.

Bojlar qanday o‘zgarishi mumkin?

Agar Xitoy bilan muzokaralar natija bermasa, ushbu mamlakatda ishlab chiqarilgan elektromobillarga bojlar sezilarli darajada oshirilishi mumkin. 

Ayni paytda Yevropa Ittifoqiga import qilinadigan avtomobillardan 10 foizlik boj undiriladi. Bu miqdor BYD uchun 17,4 foizga, Geely uchun 20 foizga va SAIC uchun 38,1 foizga oshishi ehtimoli bor.

Xitoyning tergovda qatnashgan, ammo tanlanmagan boshqa elektromobil ishlab chiqaruvchilari o‘rtacha 21 foiz boj to‘laydi. YeIda mahsulot sotadigan va tergovda hamkorlik qilmaydigan barcha boshqa xitoylik elektromobil ishlab chiqaruvchilar 38,1 foiz bojga tortiladi.

«Agar Xitoy rasmiylari bilan muzokaralar yechim topishga imkon bermasa, 4 iyuldan xavfsizlik kafolatlari asosida dastlabki kompensatsion bojlar joriy etiladi», — deya ma’lum qildi Yevropa komissiyasi.

Shuningdek, har bir Yevropa Ittifoqi davlati bu borada mustaqil ravishda qaror qabul qilishi mumkinligi ham ta’kidlangan.

Xitoy ham javob choralarini ko‘radi

Xitoy Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Lin Tszyan YeI tergovini «proteksionizmning odatiy holati» deya ta’riflab, bojlar Xitoy va YeI iqtisodiy hamkorligiga va global avtomobil ishlab chiqarish va ta’minot zanjirlarining barqarorligiga zarar yetkazishi mumkinligini aytib o‘tdi.

Xitoy Savdo vazirligi ham  YeI tomonidan jazo choralari tahdidini keskin tanqid qildi va javob choralari kiritilishi mumkinligini bildirdi. Pekin keyingi jarayonni diqqat bilan kuzatib boradi va Xitoy firmalarining huquq hamda manfaatlarini himoya qilish uchun barcha zarur choralarni qat’iy ko‘radi, dedi Xitoy Savdo vazirligi vakili. 

Aprel oyida Xitoy, agar AQSh yoki YeI Xitoy tovarlariga eksport bojlari joriy qilsa, mamlakatning savdo salohiyatini himoya qilishga qaratilgan qonunchilikni qabul qilgandi. Shu jihatdan Germaniya hukumati va nemis avtomobil ishlab chiqaruvchilari Yevropa Ittifoqi tomonidan Xitoy elektromobillariga jarima bojlari joriy etilishi Xitoy bilan savdo mojarosini keltirib chiqarishidan xavotirlanyapti. Chunki Volkswagen, BMW va Mercedes kabi kompaniyalar global avtomobil daromadlarining 20 foizdan ko‘prog‘ini Xitoy bozoridan oladi

Mavzuga oid
Top